Yoshlar mutaxassislar uchun keng imkoniyatlar

O‘zbekiston Respublikasi Transport vazirligi tomonidan yosh mutaxassislarni tanlash va ishga taqsimlash Dasturi ishlab chiqildi va tasdiqlandi. Mazkur Dastur O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.M.Mirziyoev rahbarligida 2022-yil 4-avgust kuni o‘tkazilgan yig‘ilishning “Davlat xizmatini isloh qilish va boshqaruvda natijadorlikni oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 61-son bayoni ijrosini ta’minlash maqsadida qabul qilingan. Ushbu Dastur vazirlikning barcha idoraviy mansub tashkilotlari, jumladan, “O‘ztemiryo‘lnazorat” inspeksiyasida ham ijroga qabul qilinib amaliyotga tatbiq etildi. Inspeksiya boshlig‘ining tegishli buyrug‘i bilan tasdiqlangan Dastur Umumiy qoidalar, Bitiruv kurs talabalarining bitiruv oldi amaliyot (stajirovka) o‘tash tartibi, Yosh mutaxassislarni tanlash, ishga taqsimlash tartibi, Davlat xizmatiga ishga qabul qilish va Yakuniy qoidalar kabi 5 ta bobdan tashkil topgan.

Universitet bitiruvchilarini saralab olish va ishga taqsimlash jarayoni quyidagi bosqichlarda amalga oshiriladi:

I bosqich. Transport va yo‘l xo‘jaligi sohasidagi tashkilotlar rahbarlari hamda Universitet bitiruvchilari o‘rtasida uchrashuvlar tashkil etish;

II bosqich. Universitet tomonidan bitiruvchining ilmiy salohiyati, bilimi va ma’naviy fazilatlarini aks ettiruvchi portfolio tayyorlash;

III bosqich. Bitiruvchilarni saralash, ishga taqsimlash va yo‘llanma berish.

Bitiruvchilarning transport va yo‘l xo‘jaligi sohasidagi tashkilotlar faoliyati haqida tasavvurini yanada boyitish, ularni sohada olib borilayotgan
ijtimoiy-iqtisodiy, texnik-texnologik islohotlar bilan tanishtirish hamda bitiruvchi yoshlarni ishga jalb qilish maqsadida ish beruvchilar va Universitet talabalari o‘rtasida uchrashuvlar tashkil etiladi.

Ish beruvchilar va talabalar o‘rtasida uchrashuvlar O‘zbekiston Respublikasi transport vaziri tomonidan tasdiqlangan reja-grafikka muvofiq har yili mart-aprel oylarida tashkil etiladi.

Bitiruvchilarni saralash, ishga taqsimlash va yo‘llanma berish oshkoralik, xolislik va betaraflik tamoyillari asosida amalga oshiriladi. Bitiruvchi portfoliosi asosida eng salohiyatli va bilimli bitiruvchilar ta’lim yo‘nalishlari (mutaxassisliklar) kesimida saralab olinadi. Bitiruvchilarini ishga taqsimlash Transport vaziri tomonidan tasdiqlangan “Ishga taqsimlash komissiyasi” tomonidan olib boriladi.

Barcha ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha davlat grantlari asosida tahsil olgan Universitet bitiruvchilari majburiy tartibda kamida uch yil ishlab berish sharti bilan transport va yo‘l xo‘jaligi sohasidagi tashkilotlarga ishga taqsimlanadi. Ishga taqsimlash natijasiga ko‘ra, ish beruvchilar tomonidan tanlab olingan bitiruvchilarga komissiya tomonidan namunaviy ishga joylashish yo‘llanmasi taqdim etiladi. Bunda, bitiruvchiga taqdim etilgan yo‘llanma unga yo‘llanmada ko‘rsatilgan tashkilotga bir martalik ishga joylashish huquqini beradi va bir yilgacha bo‘lgan muddatda o‘z kuchini saqlab qoladi. Yo‘llanma berilgan tashkilotda ishga qabul qilish tanlov asosida amalga oshirilsa, ushbu tashkilotga bitiruvchilar yo‘llanma asosida tanlovsiz qabul qilinadi (davlat fuqarolik xizmati nazarda tutilgan tashkilotlar bundan mustasno).

Dastur bilan ushbu havola orqali batafsil tanishib olishingiz mumkin.

“O‘ztemiryo‘lnazorat” inspeksiyasi
Axborot xizmati