Inspeksiya nizomi

Oʼzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
2023 yil 15-dekabrdagi 668-son qaroriga
1-ILOVА

 

O‘zbekiston Respublikasi Transport vazirligi huzuridagi Transport nazorati inspeksiyasi to‘g‘risida
NIZOM

1-bob. Umumiy qoidalar

  1. Mazkur Nizom O‘zbekiston Respublikasi Transport vazirligi huzuridagi Transport nazorati inspeksiyasining (keyingi o‘rinlarda — Inspeksiya) maqomi, asosiy vazifalari, funksiyalari, huquqlari, javobgarligi, faoliyatini tashkil etish tartibini, shuningdek, rahbarlarining funksional vazifalari va mas’uliyatini belgilaydi.
  2. Inspeksiya avtomobil, temir yo‘l, suv, elektr transporti, metropoliten va yo‘l xo‘jaligi sohalarida nazorat funksiyalarini amalga oshiradigan respublika ijro etuvchi hokimiyat organi hisoblanadi.
  3. Inspeksiya o‘z faoliyatida O‘zbekiston Respublikasi Transport vazirligiga (keyingi o‘rinlarda — Vazirlik) bo‘ysunadi va hisobot beradi.
  4. Inspeksiya o‘z faoliyatida O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va qonunlariga, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining qarorlariga, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, qarorlari va farmoyishlariga, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlari va farmoyishlariga, Vazirlik qarorlari va buyruqlariga, shuningdek, ushbu Nizomga va boshqa qonunchilik hujjatlariga amal qiladi.
  5. Inspeksiya o‘z faoliyatini Vazirlik rahbarligida, shuningdek, respublika va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari hamda boshqa tashkilotlar bilan o‘zaro hamkorlikda amalga oshiradi.
  6. Inspeksiyaning qonunchilik hujjatlari va o‘z vakolati doirasida qabul qilgan qarorlari hamda ko‘rsatmalari respublika va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari hamda boshqa tashkilotlar va ularning mansabdor shaxslari, shuningdek, fuqarolar tomonidan bajarilishi majburiy hisoblanadi.
  7. Inspeksiya yuridik shaxs hisoblanadi, O‘zbekiston Respublikasining Davlat gerbi tasviri tushirilgan va o‘z nomi davlat tilida yozilgan muhrga, mustaqil balansga, O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi G‘aznachilik xizmati qo‘mitasida shaxsiy g‘azna hisobvaraqlariga, shu jumladan, chet el valyutasidagi hisobvaraqlariga ega.
  8. Inspeksiyaning rasmiy nomi:
  9. a) davlat tilida:

to‘liq nomi — O‘zbekiston Respublikasi Transport vazirligi huzuridagi Transport nazorati inspeksiyasi;

qisqartirilgan nomi — Transport nazorati inspeksiyasi;

  1. b) rus tilida:

to‘liq nomi — Inspeksiya po nadzoru v sfere transporta pri Ministerstve transporta Respubliki Uzbekistan;

qisqartirilgan nomi — Inspeksiya “Uztransnadzor”;

  1. v) ingliz tilida:

to‘liq nomi — The Inspection of transport supervision under Ministry of Transport of the Republic of Uzbekistan;

qisqartirilgan nomi — inspection “Uztranssupervision”.

2-bob. Inspeksiya va uning hududiy bo‘linmalarining vazifalari hamda funksiyalari

  1. Quyidagilar Inspeksiya va uning hududiy bo‘linmalarining asosiy vazifalari hisoblanadi:

avtomobil, temir yo‘l, suv, elektr transporti va metropolitenda tashish xavfsizligini ta’minlash yuzasidan o‘z vakolati doirasida davlat nazoratini amalga oshirish;

avtomobil yo‘llari va sun’iy inshootlarni qurish, rekonstruksiya qilish hamda ta’mirlashda shaharsozlik to‘g‘risidagi qonunchilik hujjatlari va texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlar talablariga rioya etilishini nazorat qilish;

O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalarida nazarda tutilgan avtomobilda xalqaro tashish shartlariga rioya etilishini nazorat qilish;

respublika hududida (Davlat chegarasi orqali o‘tkazish punktlari bundan mustasno) avtotransport vositalarining ruxsat etilgan vazn va gabarit parametrlariga rioya etilishini nazorat qilish;

yuk va yo‘lovchilarni tashishda haydovchilarning hamda lokomotiv brigadalari ishchilarining mehnat va dam olish rejimini nazorat qilish;

harakatdagi temir yo‘l tarkibi hamda infratuzilmasi obyektlarini ro‘yxatdan o‘tkazish orqali ularni hisobga olish va yagona reyestrini yuritish.

  1. Inspeksiya va uning hududiy bo‘linmalari o‘ziga yuklangan vazifalarga muvofiq quyidagi funksiyalarni amalga oshiradi:

1) avtomobil, temir yo‘l, suv, elektr transporti va metropolitenda tashish xavfsizligini ta’minlash yuzasidan o‘z vakolati doirasida davlat nazoratini amalga oshirish sohasida:

  1. a) avtomobilda tashishlar va harakat xavfsizligi ta’minlanishi yuzasidan davlat nazoratini amalga oshirish bo‘yicha:

yo‘lovchilar, bagaj va yuk tashish qoidalariga rioya etish, yo‘lovchilar va yuk tashish xavfsizligi, yo‘lovchilarga xizmat ko‘rsatish madaniyatining zarur darajasini ta’minlash, yo‘lovchi tashish yo‘nalishlarida transport vositalarining bir maromda harakatlanishi, belgilangan harakat jadvali va oraliq intervallariga rioya etilishini;

yo‘lovchilar hayoti, sog‘ligi va (yoki) mulkiga zarar yetkazganlik uchun qonunchilik hujjatlarida belgilangan fuqarolik javobgarligini majburiy sug‘urtalashga oid majburiyatlarning bajarilishini;

tashuvchining litsenziya talablari va shartlariga, ruxsatnoma hujjatlari shartlariga rioya qilishini;

yo‘nalishsiz taksilarda yo‘lovchilarni tashish qoidalariga hamda transport vositalarini jihozlashga qo‘yiladigan talablarga rioya etilishini;

avtovokzal (avtostansiya)ning faoliyat ko‘rsatishiga qo‘yilgan talablarga rioya etilishini nazorat qiladi;

  1. b) suv transportida tashishlar va harakat xavfsizligi ta’minlanishi yuzasidan davlat nazoratini amalga oshirish bo‘yicha:

suv transportida tashish xavfsizligini ta’minlash yuzasidan o‘z vakolati doirasida davlat nazoratini amalga oshiradi;

suv transportida yuk va yo‘lovchilar tashishni tashkil etish va takomillashtirish, shuningdek, suzish xavfsizligini tashkil etish bo‘yicha normativ-huquqiy hujjatlarni ishlab chiqish yuzasidan takliflar kiritadi;

suv transportini rivojlantirishning kompleks dasturlarini, shuningdek, suzish xavfsizligini ta’minlash chora-tadbirlarini ishlab chiqadi va amalga oshiradi, suv transporti faoliyatini muvofiqlashtiradi;

kemalarni ro‘yxatga/qayta ro‘yxatga oladi va texnik ko‘riklardan o‘tkazadi;

kemalarni qurish, yangidan jihozlash va ta’mirlash davrida texnik nazoratni amalga oshiradi;

kemalarning texnik-loyiha hujjatlarining Registr qoidalari va mahalliy suzish shartlariga muvofiqligini tekshiradi, kelishadi va ekspert xulosasini beradi;

suv havzalarida kechuvlarni tashkil etishda texnik talablarni belgilaydi va ularning faoliyatini nazorat qiladi;

suv transportida sodir etilgan avariya hodisalari sabablarini aniqlash ishlarida ishtirok etadi, tahlil etadi va ularni bartaraf etish bo‘yicha chora-tadbirlarni belgilaydi;

suv transportida, shu jumladan, suzish xavfsizligini ta’minlash masalalari bo‘yicha kadrlarni o‘qitish va ularning malakasini oshirishni tashkil etadi;

O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalarida nazarda tutilgan O‘zbekiston Respublikasi hududida suvda xalqaro tashish shartlariga rioya etilishini nazorat qiladi;

suv transportida kema hujjatlari mavjudligini nazorat qiladi;

kema ekipaji a’zolarining bilimlarini tekshiradi;

kema haydovchilarini attestatsiyadan o‘tkazadi va kema haydovchisi guvohnomalarini beradi;

  1. v) temir yo‘l transporti hamda metropolitenda tashishlar va harakat xavfsizligi ta’minlanishi yuzasidan davlat nazoratini amalga oshirish bo‘yicha:

harakatdagi temir yo‘l tarkibi va infratuzilmasi obyektlariga ega bo‘lgan yoki ulardan foydalanuvchi xo‘jalik boshqaruvi hamda ijro etuvchi hokimiyat organlari, tadbirkorlik subyektlari, shu jumladan, xorijiy davlatlarning O‘zbekiston Respublikasi hududida temir yo‘l transporti sohasida faoliyatini amalga oshiruvchi jismoniy va yuridik shaxslar, ularning bo‘linmalari (keyingi o‘rinlarda — temir yo‘l transporti subyektlari) tomonidan umumiy foydalanishdagi temir yo‘llarda, metropolitenda va temir yo‘l shoxobcha yo‘llarida temir yo‘l transporti sohasidagi yuk va yo‘lovchilar tashish, harakat xavfsizligini ta’minlashga oid normativ-huquqiy hujjatlar hamda texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlar talablariga rioya etilishi yuzasidan davlat nazoratini amalga oshiradi;

temir yo‘l transporti subyektlarining yuk va yo‘lovchi tashishda harakatdagi temir yo‘l tarkibi, texnik vositalari, jihozlari va infratuzilmasi obyektlarini ishchi holatda saqlash, ekspluatatsiya qilish, ularga texnik xizmat ko‘rsatish va ta’mirlash bo‘yicha texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlar talablariga rioya etilishini nazorat qiladi;

temir yo‘l transportida yo‘lovchilar, bagaj va yuk bagajini tashish qoidalariga rioya etilishi yuzasidan o‘z vakolati doirasida davlat nazoratini amalga oshiradi;

temir yo‘l transporti va metropoliten infratuzilmasi obyektlarini quradigan hamda ishlab chiqaradigan korxonalar va tashkilotlarda temir yo‘l mahsulotini ishlab chiqarish, kapital qayta tiklash va rejali ta’mirlash turlarini amalga oshirishda texnologik jarayonlarga hamda texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlar talablariga rioya etilishini nazorat qiladi;

temir yo‘l transporti va metropoliten obyektlarini quradigan hamda ulardan foydalanuvchi korxonalar va tashkilotlar faoliyatini ularda poyezdlarning xavfsiz harakatlanishini ta’minlash bo‘yicha texnik tekshirishni tashkil etadi va amalga oshiradi;

temir yo‘l transporti va metropoliten obyektlari, mahsulotlari hamda texnologiyalarining qonunchilik va texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlar talablariga muvofiqligi yuzasidan ularni doimiy yoki vaqtincha foydalanishga qabul qilishda ishtirok etadi;

temir yo‘l transporti subyektlari va metropoliten tomonidan temir yo‘llarda poyezdlar harakati xavfsizligini ta’minlashga va temir yo‘lda tashishlar xavfsizligini ta’minlaydigan texnik vositalarning ishonchliligini oshirishga qaratilgan kompleks chora-tadbirlarning belgilangan muddatlarda bajarilishi yuzasidan davlat nazoratini amalga oshiradi;

o‘zining temir yo‘llariga ega bo‘lgan subyektlarning huquqbuzarlik holatlarining oldini olishga qaratilgan profilaktika tadbirlari natijalarini ularning faoliyatiga aralashmagan holda tahlil etadi va baholaydi;

temir yo‘l transportida xavfli yuklar tranziti, qurol-yarog‘, harbiy texnika va harbiy mol-mulkning, shuningdek, harbiy tarkiblarning tranziti bo‘yicha belgilangan tartibda xulosalar beradi;

temir yo‘l transporti va metropolitenda poyezdlar halokati hamda avariyalar bo‘yicha xizmat tekshiruvlarini tashkil etadi va amalga oshiradi;

temir yo‘l transporti subyektlari tomonidan temir yo‘l transporti hamda metropolitenda harakat va tashishlar xavfsizligi talablarining buzilishi bilan bog‘liq hodisalar sodir bo‘lganda, xizmat tekshiruvini o‘tkazish bo‘yicha komissiya tarkibida ishtirok etadi va xizmat tekshiruvlari hisobini yuritadi;

temir yo‘l transporti hamda metropolitenda harakat va tashishlar xavfsizligi talablarining buzilishi bilan bog‘liq hodisalar to‘g‘ri tasniflanishini, ular tomonidan xizmat tekshiruvlarining belgilangan muddatlarda, xolisona o‘tkazilishi va to‘g‘riligini nazorat qiladi;

o‘z vakolati doirasida O‘zbekiston Respublikasining yo‘lovchi poyezdlarining boshqa davlatlar hududida yuz bergan avariya va halokatlarining xizmat tekshiruvi ishlarida belgilangan tartibda ishtirok etadi;

2) avtomobil yo‘llari va sun’iy inshootlarni qurish, rekonstruksiya qilish hamda ta’mirlashda (keyingi o‘rinlarda — yo‘l qurilishi) shaharsozlik to‘g‘risidagi qonunchilik hujjatlari va texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlar talablariga rioya etilishini nazorat qilish sohasida:

yo‘l qurilishi obyektlarida bajariladigan qurilish-montaj va ta’mirlash ishlarining, shuningdek, ularda qo‘llaniladigan materiallar hamda konstruksiyalarning shaharsozlik to‘g‘risidagi qonunchilik va texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlar hamda loyiha hujjatlari talablariga rioya etilishi yuzasidan qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda davlat nazoratini ta’minlaydi;

yo‘l qurilishi obyektining loyiha hujjatlarida qabul qilingan texnik yechimlar, shuningdek, yo‘l qurilishi jarayonida loyiha hujjatlariga kiritiladigan o‘zgartirishlarning qonunchilik hujjatlari hamda texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlar talablariga muvofiqligini nazorat qiladi;

yo‘l qurilishi obyektlarida qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda texnik, mualliflik va ichki nazorat yuritilishi ustidan davlat nazoratini ta’minlaydi;

qurilishi tugallangan yo‘l obyektlarini foydalanishga qabul qilish komissiyalarining ishida ishtirok etadi, bajarilgan qurilish-montaj va ta’mirlash ishlarining tasdiqlangan loyiha hujjatlariga muvofiqligi hamda ishlarning sifatini aniqlash bo‘yicha diagnostika va laboratoriya sinovlari o‘tkazilishini nazorat qiladi;

avtomobil yo‘llaridan foydalanuvchilar hamda avtomobil yo‘llarini balansida saqlovchilarning qoidabuzarliklar to‘g‘risida kiritgan ma’lumotlari asosida yo‘llar, shahar ko‘chalari va boshqa aholi punktlarida yo‘l to‘shamasini o‘zboshimchalik bilan qazish, ularda sun’iy notekisliklar va to‘siqlar yaratish hamda qayta tiklash ishlarini nazorat qiladi;

yo‘l qurilishida shaharsozlik qonunchiligiga rioya etilishini nazorat qilishni tashkil etish borasida texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlarni takomillashtirish bo‘yicha takliflar kiritadi;

3) O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalarida nazarda tutilgan avtomobilda xalqaro tashish shartlariga rioya etilishini nazorat qilish sohasida:

avtomobilda xalqaro yuk va yo‘lovchi tashish shartlariga rioya etilishini;

yo‘lovchilar, bagaj va yuklarni muntazam hamda nomuntazam tashish uchun ruxsat beruvchi hujjatlar mavjudligini;

harakat jadvaliga rioya qilinishini;

xalqaro avtomobilda yo‘lovchilar va bagajni nomuntazam tashishlarda yo‘lovchilar ro‘yxati mavjudligini;

O‘zbekiston Respublikasi hududida xorijiy davlatlarga tegishli bo‘lgan avtotransport vositalarida yo‘lovchilar, bagaj yoki yuklarni tashish, shu jumladan, O‘zbekiston Respublikasi hududiga vaqtincha keltirilgan xorijiy davlatlar avtotransport vositalarida tashishda (kabotaj tashishda) xalqaro shartnomalar shartlariga rioya etilishini;

xorijiy davlatlarga tegishli bo‘lgan avtotransport vositalari haydovchilarining O‘zbekiston Respublikasi hududida belgilangan harakatlar chizmasiga rioya etishini;

avtomobilda yuk va yo‘lovchilarni xalqaro tashishda tashuvchilarning avtotransport vositasining davlat hududi bo‘ylab o‘tishi va tegishli tashish turini amalga oshirish huquqini beruvchi ruxsatnoma blankalarisiz tashish bilan shug‘ullanishi, ruxsatnoma blankalarini to‘ldirish bo‘yicha talablarni buzishi, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi hududi bo‘ylab tranzit o‘tishi uchun mo‘ljallangan yo‘nalishlarda harakatlanishini nazorat qiladi;

4) respublika hududida (Davlat chegarasi orqali o‘tkazish punktlari bundan mustasno) avtotransport vositalarining ruxsat etilgan vazn va gabarit parametrlariga rioya etilishini nazorat qilish sohasida:

statsionar va mobil postlarda transport vositalarining vazn hamda hajm parametrlariga (og‘irlik, uzunlik, balandlik, kenglik va boshqalar) muvofiqligini;

katta hajmli va og‘ir vaznli transport vositalarining harakatlanishi uchun maxsus ruxsatnomalar mavjudligini;

O‘zbekiston Respublikasi chegarasini kesib o‘tuvchi va tranzit hudud bo‘ylab xavfli yuk bilan harakatlanuvchi transport vositalarida:

xavfli yukni tashishga ruxsatnomasi mavjudligini;

yo‘nalish marshrutining mavjudligini;

tashuvlar kuzatuv asosida amalga oshirilayotganligini;

tashilayotgan xavfli yuklarni tovar transport hujjatlariga xosligini hamda harakatlanish tartibi buzilmaganligini nazorat qiladi;

5) yuk va yo‘lovchilarni tashishda haydovchilarning hamda lokomotiv brigadalari ishchilarining mehnat va dam olish rejimini nazorat qilish sohasida:

haydovchilarning shaharlararo va xalqaro yo‘lovchi tashish avtobuslarini, xalqaro yuk tashiladigan transport vositalarini nazorat asboblarisiz (taxograflarsiz, nosoz taxografdan foydalangan yoki taxografni o‘chirgan holda hamda haydovchida maxsus taxograf kartasiz) boshqarishi, shuningdek, ishlash va dam olish rejimini buzishi (taxograf ma’lumotlariga asosan) yoki boshqa huquqiy asoslarga ko‘ra mehnat va dam olish tartibiga rioya etganligini tekshiradi;

raqamli texnologiyalarni qo‘llagan holda, temir yo‘l transportida yuk va yo‘lovchilarni tashishda lokomotiv brigadalari ishchilarining mehnat hamda dam olish rejimini nazorat qiladi;

yuk va yo‘lovchilarni tashishda haydovchilarning mehnat hamda dam olish rejimini tekshirish jarayonida qonun buzilishi holatlari yuzasidan qo‘shimcha holatlar aniqlangan taqdirda, tegishliligi bo‘yicha boshqa davlat organlariga ko‘rib chiqish uchun yuboradi;

6) harakatdagi temir yo‘l tarkibi hamda infratuzilmasi obyektlarini ro‘yxatdan o‘tkazish orqali ularni hisobga olish va yagona reyestrini yuritish sohasida:

harakatdagi temir yo‘l tarkibi hamda infratuzilmasi obyektlarini belgilangan tartibda ro‘yxatdan o‘tkazish, qayta ro‘yxatdan o‘tkazish va ro‘yxatdan chiqarish orqali ularning hisobini yuritadi;

harakatdagi temir yo‘l tarkibi hamda infratuzilmasi obyektlarining yagona reyestrini yuritadi;

harakatdagi temir yo‘l tarkibi hamda infratuzilmasi obyektlarini hisobga olish uchun taqdim etilgan hujjatlardagi ma’lumotlar to‘g‘riligini joyiga chiqqan holda o‘rganadi, texnik holatini ko‘rikdan o‘tkazadi va uning natijalari asosida ma’lumotlar yagona reyestrga kiritilishini nazorat qiladi;

harakatdagi temir yo‘l tarkibi hamda infratuzilmasi obyektlarining ro‘yxatdan o‘tganligi to‘g‘risida guvohnomalar beradi;

majburiy talablar buzilishining oldini olish, ularni aniqlash va ularga chek qo‘yishga qaratilgan ma’lumotlarni temir yo‘l transporti subyektlari faoliyatiga aralashmagan holda to‘plash, umumlashtirish va tahlil qilish orqali temir yo‘l transporti subyektlari faoliyatini o‘z vakolatlari doirasida monitoring qiladi.

  1. Inspeksiya qonunchilik hujjatlarida nazarda tutilgan boshqa funksiyalarni ham amalga oshirishi mumkin.

3-bob. Inspeksiya va uning hududiy bo‘linmalarining huquqlari hamda javobgarligi

  1. Inspeksiya o‘ziga yuklangan vazifa va funksiyalarni amalga oshirish uchun quyidagi huquqlarga ega:
  2. a) avtomobil va suv transporti nazorati bo‘yicha:

avtotransport vositasida yuk va yo‘lovchilar tashish qoidalarining buzilishi vizual kuzatuv yoki maxsus moslamalar yordamida aniqlanganda, avtotransport vositasini yuk va yo‘lovchi tashishni nazorat qilish bo‘yicha reyd tadbirlarida, statsionar va mobil postlarda tekshirish uchun to‘xtatish;

statsionar va mobil postlarda reyd tadbirlari jarayonida tekshirish uchun transport vositasini to‘xtatishda maxsus chiroq-mayoqcha, ovoz kuchaytirgich moslama, qo‘l yoki jezl ishoralaridan foydalanish;

to‘xtash ishorasiga bo‘ysunmagan transport vositalarini kuzatish yoki ichki ishlar organlari xodimlariga xabar berish va ularga belgilangan tartibda qonuniy choralar ko‘rish;

nazorat tadbirlarida yo‘lovchilarni va yuk tashishda mijozlarni izlash bo‘yicha interaktiv xizmatlar (agregatorlar) orqali va boshqa holatlarda noqonuniy shug‘ullanayotgan huquqbuzarlarni aniqlash;

tashuvchilarga yuk va yo‘lovchi tashish huquqi uchun berilgan litsenziyalar hamda ruxsatnoma hujjatlarining amal qilish muddatini belgilangan tartibda to‘xtatib turish, tugatish va bekor qilish choralarini ko‘rish;

nazorat tadbirlari davomida huquqbuzarlikni aniqlash maqsadida avtomobil salonida bo‘lgan yo‘lovchilar bilan suhbat olib borish;

xorijiy tashuvchilarga tegishli bo‘lgan, shu jumladan, ular tomonidan O‘zbekiston Respublikasi hududiga vaqtincha olib kirilgan avtotransport vositalarida yo‘lovchilar va yuklarni tashishda kabotaj tashish holatlari yoki boshqa huquqbuzarlik holatlari aniqlanganda, statsionar va chegara o‘tish punktlarida vakolatli davlat organlari bilan hamkorlikda choralar ko‘rish;

xizmat faoliyatini amalga oshirish jarayonida foto, video tasvirga olish moslamalaridan foydalanish;

huquqbuzarlikka yo‘l qo‘ygan haydovchilarga jarima solish haqida qaror chiqarilgan kundan e’tiboran oltmish kun ichida jarima to‘lanmagan taqdirda, ichki ishlar organlariga tegishli axborot kiritish;

o‘ziga yuklangan vazifalarni amalga oshirish uchun respublika va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari hamda boshqa tashkilotlarning ma’lumotlar bazasidan belgilangan tartibda real vaqt rejimida foydalanish;

transport sohasida nazoratni amalga oshirishda maxsus kasbiy bilimlarni talab etadigan masalalarni ko‘rib chiqish uchun respublika va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari hamda boshqa tashkilotlarning mutaxassislarini ekspert sifatida jalb etish;

kema hujjatlarining amal qilish muddati tugaganda, kemalar malakali ekipaj bilan butlanmaganda, kemani kema haydovchisi guvohnomasiga ega bo‘lmagan shaxs boshqarganda, bortda avariya-qutqarish, yong‘inga qarshi inventar mavjud bo‘lmaganda, suzib yuruvchi qurilmalarda odamlarning xavfsizligiga tahdid soluvchi nuqsonlar paydo bo‘lganda, kemalardan foydalanish, yong‘inga qarshi va sanitariya xavfsizligi qoidalari talablari buzilganda kemalar va suzib yuruvchi qurilmalardan foydalanishni qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda taqiqlash;

  1. b) yo‘l qurilishi nazorati bo‘yicha:

yo‘l qurilishida faoliyat yuritish uchun berilgan litsenziyaning amal qilishini to‘xtatib turish yoki bekor qilish to‘g‘risida vakolatli davlat organiga taklif kiritish;

vakolatiga kiradigan masalalarni hal qilish uchun kerakli ma’lumotlarni hamda respublika va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari, xo‘jalik birlashmalari hamda boshqa tashkilotlar, shuningdek, tadbirkorlik subyektlaridan ularning faoliyatida tekshiruv amalga oshirilayotgan jarayonda tekshiruv predmetiga oid ma’lumotlarni, hujjatlarni belgilangan tartibda so‘rash va olish;

yo‘l qurilishi obyektlariga moneliksiz kirish;

qo‘llaniladigan yo‘l qurilishi materiallari, konstruksiyalari, buyumlari hamda bajariladigan yo‘l qurilishi ishlarining sifatini tekshirish uchun zarur bo‘lgan loyiha, texnologik, ijro hujjatlarini va boshqa materiallarni loyiha, pudrat tashkilotlari va buyurtmachi tashkilotlardan so‘rash hamda olish;

pudrat tashkilotlariga konstruksiyalar, uzellar va detallarning ayrim elementlarini ochishni, tagzamindagi tuproqni sinashni va qayta yopib qo‘yish, qo‘llanilgan qurilish materiallari, buyumlari, konstruksiyalarini, muhandislik tizimlarini sinab ko‘rish ishlarini topshirish, zarurat bo‘lganda tegishli xulosa tayyorlash uchun ilmiy-tadqiqot, sinash va loyiha tashkilotlarining ekspertlarini, mutaxassislarini shartnoma asosida jalb etish;

qurilishi tugallangan yo‘l obyektlarini foydalanishga qabul qilish jarayonida bajarilgan ishlarning sifatini tekshirish uchun laboratoriya sinovlari va diagnostika o‘tkazilishini talab qilish;

yuridik va jismoniy shaxslarga yo‘l qurilishida aniqlangan qoidabuzarliklarni bartaraf etish to‘g‘risida oltmish kundan ortiq bo‘lmagan muddatni belgilagan holda, bajarishi majburiy bo‘lgan ko‘rsatmalar berish;

sifatsiz bajarilgan qurilish-montaj ishlari aniqlanganda, buyurtmachilardan ushbu ish hajmlarini to‘lovga qabul qilingan umumiy ishlar hajmidan chiqarib tashlashni talab qilish;

yo‘l qurilishida mustahkamlik va barqarorlik tavsiflari buzilishiga olib keladigan loyiha yechimlari va texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlar talablari buzilishi aniqlanganda, shuningdek, o‘zboshimchalik bilan yo‘l qurilishida avariyalar xavfi mavjud bo‘lgan hollarda qurilish-ta’mirlash ishlarini bajarishni vaqtincha to‘xtatib qo‘yish (tadbirkorlik subyektining faoliyatini to‘xtatib qo‘yish sud tartibida amalga oshiriladi, favqulodda vaziyatlar, epidemiyalar va aholining hayoti va sog‘lig‘iga boshqa real xavf yuzaga kelishining oldi olinishi munosabati bilan faoliyatni o‘n ish kunidan ortiq bo‘lmagan muddatga to‘xtatib qo‘yish hollari bundan mustasno);

shaharsozlik to‘g‘risidagi qonunchilik hujjatlari hamda texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlar talablari buzilishlari yuzasidan vakolat doirasida ko‘rilgan choralar natijasida bartaraf etilmagan yo‘l qurilish ishlari to‘g‘risidagi materiallarni huquq-tartibot organlariga berish;

  1. v) temir yo‘l transporti va metropoliten nazorati bo‘yicha:

temir yo‘l hamda metropolitenda harakat va tashishlar xavfsizligini ta’minlashga, harakatdagi temir yo‘l tarkibi, texnik vositalari va infratuzilmasi obyektlarini saqlash, ularga xizmat ko‘rsatish, ularni ta’mirlash va ulardan foydalanishga oid normativ-huquqiy hujjatlar hamda texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlar talablarining aniqlangan buzilish holatlarini belgilangan muddatda bartaraf etish to‘g‘risida Inspeksiya vakolatiga kiradigan masalalar yuzasidan bajarilishi majburiy bo‘lgan ko‘rsatmalar berish va bu borada ko‘rilayotgan choralar haqida axborot berish muddatlarini belgilash;

temir yo‘l transportining texnik vositalaridan foydalanishni va tashishlar jarayoni bilan bog‘liq ishlarni bajarishni belgilangan tartibda to‘xtatish, nosozligi sababli odamlar hayoti va sog‘ligiga, tashishlar xavfsizligiga xavf tug‘diradigan temir yo‘l infratuzilmalarida harakatlanishni to‘xtatish yoki harakatlanish tezligini cheklash to‘g‘risida ko‘rsatmalar berish;

sifatsiz ta’mirlangani uchun lokomotivlar, motorvagonli harakatlanuvchi tarkib va vagonlarni, yo‘llar va bir izni boshqa izga o‘tkazish stryelkalarini, signalizatsiya va aloqa moslamalari, bog‘lanish tarmoqlarini ta’mirlashdan chiqarishni taqiqlash;

lokomotivlar, vagonlar, yo‘llar, signal, aloqa va elektr ta’minoti tizimlari, shuningdek, temir yo‘l transportining boshqa texnik vositalari tegishli komissiya ko‘rigidan belgilangan tartib buzilgan holda o‘tkazilgani uchun ularning natijalarini bekor qilish;

temir yo‘l transportiga oid normativ-huquqiy hujjatlar hamda texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlar talablarini buzgan temir yo‘l transporti subyektlariga nisbatan qonunchilik hujjatlariga muvofiq taqiqlovchi choralarni ko‘rish;

poyezdlar harakati xavfsizligi talablari hamda temir yo‘lda tashishlar xavfsizligini ta’minlash, harakatdagi tarkibni, temir yo‘l transportining texnik vositalarini saqlash, ularga xizmat ko‘rsatish, ularni ta’mirlash va ulardan foydalanish bo‘yicha texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlarning buzilish holatlari yuzasidan materiallarni tegishli organlarga belgilangan tartibda berish;

temir yo‘l transporti hamda metropolitenda harakat va tashishlar xavfsizligi talablarining buzilishi bilan bog‘liq hodisalar bo‘yicha o‘tkaziladigan xizmat tekshiruvi komissiyalarida, shuningdek, xizmat tekshiruvlari davrida o‘tkaziladigan tadqiqotlar, sinovlar, ekspertizalarda ishtirok etish;

temir yo‘l transporti subyektlaridan temir yo‘l transporti hamda metropolitenda sodir bo‘lgan harakat va tashishlar xavfsizligi talablarining buzilishi bilan bog‘liq hodisalar to‘g‘risida tezkor xabardor qilishni, shuningdek, ushbu hodisalar bo‘yicha o‘tkazilgan xizmat tekshiruvi materiallarining belgilangan tartibda rasmiylashtirilishini hamda o‘z muddatida taqdim etilishini talab etish;

davlat xizmatlarini ko‘rsatishda harakatdagi temir yo‘l tarkibi va infratuzilmasi obyektlarini belgilangan talablarga muvofiqligini joyiga chiqqan holda o‘rganish;

harakatdagi temir yo‘l tarkibi va boshqa texnik vositalarini yangi turi o‘zlashtirilganda ularni ishlab chiqarish (qurish), sinash, ommaviy ishlab chiqarish va foydalanishga qabul qilishda ishtirok etish;

yuklangan vazifalarni bajarish yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi bo‘ylab xizmat safarlari chog‘ida Inspeksiyaga tegishli vagondan poyezdlar tarkibida to‘sqinliksiz foydalanish;

Inspeksiya xodimlarini O‘zbekiston Respublikasi bo‘ylab safarlar chog‘ida lokomotivlar (1 nafargacha) va poyezdlar brigadalari tarkibiga tekshiruvchilar sifatida kiritish.

Inspeksiya va uning hududiy bo‘linmalari avtomobilda yuk hamda yo‘lovchi tashish, temir yo‘l, ichki suv va shahar elektr transporti hamda yo‘l xo‘jaligi sohasida belgilangan tartibda ma’muriy huquqbuzarliklar to‘g‘risida bayonnomalar tuzadi, ma’muriy huquqbuzarliklar to‘g‘risidagi ishlarni ko‘rib chiqadi va ma’muriy jazo choralarini qo‘llaydi.

Inspeksiya o‘z vakolati doirasida qonunchilik hujjatlari va texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlar buzilishlarini bartaraf etish to‘g‘risida respublika va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari, xo‘jalik birlashmalari, tadbirkorlik subyektlari hamda boshqa tashkilotlarga bajarilishi majburiy bo‘lgan taqdimnoma va ko‘rsatmalar kiritadi.

Inspeksiya yuklangan vazifalar va funksiyalarni bajarish bilan bog‘liq bo‘lgan normativ-huquqiy va boshqa hujjatlar loyihalarini Vazirlikka belgilangan tartibda kiritadi.

Inspeksiya respublika va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari, xo‘jalik birlashmalari, tadbirkorlik subyektlari hamda boshqa tashkilotlardan o‘z vakolatiga kiruvchi masalalar bo‘yicha materiallar, ma’lumotlar va tushuntirishlarni so‘rab oladi.

Inspeksiya qonunchilik hujjatlariga muvofiq boshqa huquqlarga ham ega bo‘lishi mumkin.

  1. Inspeksiya va uning hududiy bo‘linmalari:

yuklangan vazifalar va funksiyalarning samarali bajarilishi, shuningdek, tegishli sohadagi davlat siyosatining amalga oshirilishi;

Vazirlikka kiritiladigan normativ-huquqiy hujjatlar va boshqa hujjatlar loyihalari, shuningdek, Inspeksiya qabul qiladigan qarorlarning sifati, yakuniy natijalari va amalga oshirish oqibatlari;

fuqarolar va tadbirkorlik subyektlarining huquqlari hamda qonuniy manfaatlariga rioya etilishi hamda ularning himoya qilinishini ta’minlash;

nazorat natijasida aniqlangan muammolarni har tomonlama va chuqur o‘rganish hamda umumlashtirish asosida hududlardagi tegishli sohani rivojlantirishga doir takliflar tayyorlash;

qonunchilik hujjatlariga muvofiq o‘ziga yuklangan vazifalar va funksiyalarning bajarilishi uchun javobgardir.

4-bob. Inspeksiya rahbarlarining asosiy funksional vazifalari

  1. Quyidagilar Inspeksiya boshlig‘ining asosiy funksional vazifalari hisoblanadi:

O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va qonunlari, shuningdek, boshqa qonunchilik hujjatlari talablariga rioya etish;

Inspeksiya faoliyatiga umumiy rahbarlik qilish, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining va Vazirlar Mahkamasining tegishli hujjatlari hamda boshqa qonunchilik hujjatlari bilan Inspeksiyaga yuklangan vazifalar va funksiyalar bajarilishini tashkil etish;

Inspeksiya, shuningdek, hududiy bo‘linmalar faoliyatiga tegishli prognoz ko‘rsatkichlarga so‘zsiz erishishni ta’minlash bo‘yicha amaliy chora-tadbirlarning ishlab chiqilishini tashkil etish va amalga oshirish;

o‘z o‘rinbosarlarining vakolatlarini belgilash, Inspeksiyaning boshqa mansabdor shaxslari vakolatlarini belgilash, o‘z o‘rinbosarlari va boshqa mansabdor shaxslarning Inspeksiya faoliyatining alohida qismlariga rahbarlik qilishi uchun ularning shaxsiy mas’uliyat darajalarini belgilash;

Inspeksiya tizimida kadrlarni tanlash va joy-joyiga qo‘yish, ularning samarali faoliyati uchun zarur shart-sharoitlar yaratish, Inspeksiyaning kadrlar zaxirasini shakllantirish;

Inspeksiya vakolatiga tegishli masalalar bo‘yicha buyruqlar chiqarish, ko‘rsatmalar berish;

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, qarorlari, farmoyishlari, Vazirlar Mahkamasining qarorlari, farmoyishlari va topshiriqlari ijrosini ta’minlash, tarkibiy bo‘linmalarda ijro intizomini mustahkamlash bo‘yicha kompleks amaliy chora-tadbirlarni amalga oshirish, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Qonunchilik hujjatlari ijrosini samarali tashkil etishda respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari rahbarlarining shaxsiy javobgarligini kuchaytirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” 2021-yil 10-fevraldagi PF-6166-son Farmoniga va “Ijro.gov.uz” ijro intizomi idoralararo yagona elektron tizimi samarali faoliyat ko‘rsatishini ta’minlashga qaratilgan qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” 2021-yil 31-maydagi PQ-5132-son qaroriga muvofiq tarkibiy bo‘linma rahbarlarining shaxsiy mas’uliyatini oshirish choralarini ko‘rish;

Inspeksiya rahbarlari va xodimlarining xizmat safarlarini O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Mansabdor shaxslarning xorijiy mamlakatlarga chiqish tartibini takomillashtirish choralari to‘g‘risida” 2014-yil 5-martdagi PQ-2142-son va “Xorijiy xizmat safarlarida bo‘lish samaradorligi va xorijiy delegatsiyalarning O‘zbekiston Respublikasiga tashriflarini tashkil etish uchun mansabdor shaxslarning shaxsiy mas’uliyatini yanada oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2017-yil 3-avgustdagi PQ-3170-son qarorlari talablariga to‘liq mos ravishda amalga oshirish va tashkil etish, xizmat safarlarining asoslanganligi, samaradorligi va natijadorligini, safar uchun ajratiladigan mablag‘lardan maqsadli hamda oqilona foydalanishni ta’minlash;

Inspeksiya xodimlari tomonidan Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 14-oktabrdagi 595-son qarori bilan tasdiqlangan Davlat fuqarolik xizmatchilari odob-axloqining namunaviy qoidalari asosida tasdiqlangan Inspeksiya xodimlarining odob-axloq qoidalari talablariga rioya etilishini nazorat qilish;

Inspeksiya xodimlarini rag‘batlantirish va intizomiy javobgarlikka tortish masalalarini hal qilish;

O‘zbekiston Respublikasining “Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risida”gi Qonuni talablariga muvofiq Inspeksiya tizimida korrupsiya va boshqa qonunbuzarliklarning oldini olish choralarini ko‘rish, shuningdek, huquq amaliyoti va qonunchilikni takomillashtirish bo‘yicha chora-tadbirlarni ishlab chiqish va amalga oshirish yo‘li bilan ularni aniqlash, tahlil qilish, ularni yuzaga keltiruvchi sabablar va shart-sharoitlarni bartaraf etish;

O‘zbekiston Respublikasining “Elektron hukumat to‘g‘risida”gi Qonunini amalga oshirish doirasida zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalanish;

jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlarini ko‘rib chiqish bo‘yicha ishlarni O‘zbekiston Respublikasining “Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari to‘g‘risida”gi Qonuni, Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 7-maydagi 341-son qarori bilan tasdiqlangan Davlat organlarida, davlat muassasalarida va davlat ishtirokidagi tashkilotlarda jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ishlash tartibi to‘g‘risidagi namunaviy nizomga muvofiq samarali tashkil etish, jamoatchilik bilan bevosita va ochiq muloqot o‘rnatish, shaxsiy qabullarni muntazam ravishda o‘tkazish, shu jumladan, jismoniy va yuridik shaxslarning vakillarini joylarga borib, belgilangan muddatda va tartibda qabul qilish;

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Xalq qabulxonalari bilan samarali hamkorlikni, ularning faoliyatida Inspeksiya xodimlari va rahbarlarining faol ishtirok etishini tashkil etish, jismoniy va yuridik shaxslarning O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining virtual qabulxonasidan tushgan murojaatlari o‘z vaqtida va to‘liq ko‘rib chiqilishini ta’minlash;

davlat siriga kiritilgan ma’lumotlar va maxfiy axborot bilan ishlashda qonunchilik hujjatlari talablariga rioya qilish;

Inspeksiya va hududiy bo‘linmalar xodimlarini belgilangan tartibda ishga qabul qilish va ular bilan mehnat shartnomasini bekor qilish;

o‘z vakolati doirasida Inspeksiya xodimlari tomonidan bajarilishi majburiy bo‘lgan buyruqlar chiqarish va ko‘rsatmalar berish;

Inspeksiyaga yuklangan vazifalar ijrosini ta’minlash doirasida davlat organlari va boshqa tashkilotlar, loyiha tashkilotlari, ilmiy va ta’lim muassasalari, shuningdek, xalqaro tashkilotlar va xorijiy kompaniyalarning yuqori malakali mutaxassislarini ekspert sifatida jalb qilish;

Inspeksiya boshlig‘i qonunchilik hujjatlariga muvofiq boshqa funksional vazifalarga ham ega bo‘lishi mumkin.

  1. Quyidagilar Inspeksiya boshlig‘i o‘rinbosarlarining asosiy funksional vazifalari hisoblanadi:

O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va qonunlari, shuningdek, boshqa qonunchilik hujjatlari talablariga rioya etish;

Inspeksiyaning o‘zlari nazorat qiladigan tarkibiy bo‘linmalari faoliyatini muvofiqlashtirish, nazorat qilish va bevosita boshqarish, ularning xodimlari o‘rtasida vazifalarni taqsimlash;

o‘zlari nazorat qiladigan tarkibiy bo‘linmalar tomonidan prognoz ko‘rsatkichlarning so‘zsiz bajarilishini ta’minlash choralarini ko‘rish, bo‘linmalar rahbarlarining hisobotlarini muntazam ravishda eshitib borish va ushbu ko‘rsatkichlarga erishish uchun ularning shaxsiy mas’uliyatini oshirish;

o‘zlari nazorat qiladigan tarkibiy bo‘linmalar rahbarlarining ish rejalarini tasdiqlash, ularning bajarilishi yuzasidan nazoratni ta’minlash;

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, qarorlari, farmoyishlari, Vazirlar Mahkamasining qarorlari, farmoyishlari va topshiriqlari ijrosini ta’minlash, o‘zlari nazorat qiladigan tarkibiy bo‘linmalarda ijro intizomini mustahkamlash bo‘yicha kompleks amaliy chora-tadbirlarni amalga oshirish, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Qonunchilik hujjatlari ijrosini samarali tashkil etishda respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari rahbarlarining shaxsiy javobgarligini kuchaytirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” 2021-yil 10-fevraldagi PF-6166-son Farmoniga va “Ijro.gov.uz” ijro intizomi idoralararo yagona elektron tizimi samarali faoliyat ko‘rsatishini ta’minlashga qaratilgan qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” 2021-yil 31-maydagi PQ-5132-son qaroriga muvofiq tarkibiy bo‘linma rahbarlarining shaxsiy mas’uliyatini oshirish choralarini ko‘rish;

Inspeksiyaning yig‘ilish qarorlari, Inspeksiya boshlig‘ining buyruqlari va topshiriqlari o‘z vaqtida hamda sifatli bajarilishini ta’minlash;

xizmat safarlarini O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Mansabdor shaxslarning xorijiy mamlakatlarga chiqish tartibini takomillashtirish choralari to‘g‘risida” 2014-yil 5-martdagi PQ-2142-son va “Xorijiy xizmat safarlarida bo‘lish samaradorligi va xorijiy delegatsiyalarning O‘zbekiston Respublikasiga tashriflarini tashkil etish uchun mansabdor shaxslarning shaxsiy mas’uliyatini yanada oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2017-yil 3-avgustdagi PQ-3170-son qarorlari talablariga to‘liq mos ravishda amalga oshirish, xizmat safarlarining asoslanganligi, samaradorligi va natijadorligini, safar uchun ajratiladigan mablag‘lardan maqsadli va oqilona foydalanishni ta’minlash.

Inspeksiya boshlig‘i o‘rinbosarlari qonunchilik hujjatlariga muvofiq boshqa funksional vazifalarga ham ega bo‘lishi mumkin.

5-bob. Inspeksiya rahbarlarining javobgarligi

  1. Inspeksiya boshlig‘i:

Inspeksiyaga yuklangan vazifalar va funksiyalarning bajarilishi;

ushbu Nizomning 14-bandida ko‘rsatilgan o‘z funksional vazifalarining sifatli bajarilishi uchun shaxsan javobgardir.

  1. Boshliq o‘rinbosarlari:

mutasaddilik qilinadigan xodimlar tomonidan Inspeksiyaga yuklangan vazifalar va funksiyalarning bajarilishi;

ushbu Nizomning 15-bandida ko‘rsatilgan o‘z funksional vazifalarining sifatli bajarilishi uchun shaxsan javobgardir.

6-bob. Inspeksiya va uning hududiy bo‘linmalari faoliyatini tashkil etish

1-§. Inspeksiya rahbariyati

  1. Inspeksiyaga Vazirlar Mahkamasining taqdimnomasiga ko‘ra O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan lavozimga tayinlanadigan va lavozimdan ozod etiladigan boshliq rahbarlik qiladi.

Inspeksiya boshlig‘ining o‘rinbosarlari O‘zbekiston Respublikasi transport vazirining taqdimnomasiga ko‘ra Vazirlar Mahkamasi tomonidan lavozimga tayinlanadi va lavozimdan ozod etiladi.

  1. Inspeksiya boshlig‘i bo‘lmagan davrda uning vakolatlari tegishli o‘rinbosar tomonidan amalga oshiriladi.
  2. Inspeksiya boshlig‘i:

Inspeksiya markaziy apparati va hududiy bo‘linmalari xodimlarini ishga qabul qiladi hamda ular bilan mehnat shartnomasini bekor qiladi;

o‘z vakolatiga kiruvchi masalalar bo‘yicha o‘tkaziladigan Vazirlik hay’ati majlislarida, yig‘ilishlarida belgilangan tartibda ishtirok etadi.

Inspeksiya boshlig‘i qonunchilik hujjatlariga muvofiq boshqa vakolatlarni ham amalga oshirishi mumkin.

2-§. Inspeksiya xodimlarining hududiy bo‘linmalar bilan o‘zaro hamkorligi tartibi

  1. Inspeksiya xodimlarining hududiy bo‘linmalar bilan o‘zaro hamkorligi Inspeksiya boshlig‘i va uning o‘rinbosarlari tomonidan ta’minlanadi.
  2. Inspeksiya xodimlari:

hududiy bo‘linmalarga rahbariyat topshiriqlarini yetkazadi hamda ularning bajarilishini nazorat qiladi;

Inspeksiyaning hududiy bo‘linmalariga ularning bevosita faoliyati bo‘yicha so‘rovlar yuboradi hamda ularning ijro etilishini nazorat qiladi;

Inspeksiyaning hududiy bo‘linmalari faoliyatini tekshiradi va o‘rganadi, umumlashtiradi, uni takomillashtirishga qaratilgan chora-tadbirlarni ishlab chiqadi;

Inspeksiyaning hududiy bo‘linmalari faoliyatini tashkil etish va faoliyati natijalari to‘g‘risida hisobot va axborot materiallari, statistika ma’lumotlari va boshqa ma’lumotlarni to‘plashni tashkil etadi;

Inspeksiyaning hududiy bo‘linmalari ish rejalarini tahlil qiladi, ularning faoliyatini rejalashtirishni takomillashtirishga doir choralar ko‘radi;

Inspeksiyaning hududiy bo‘linmalaridan tushgan takliflarni ko‘rib chiqadi.

  1. Hududiy bo‘linmalar:

Inspeksiya rahbariyati topshiriqlari bajarilishi haqida axborot beradi;

o‘z faoliyati natijalari to‘g‘risidagi hisobotlarni belgilangan tartibda va muddatlarda Inspeksiyaga taqdim qiladi;

avtomobil, temir yo‘l, suv, elektr transporti va metropolitenda tashish xavfsizligini ta’minlashga qaratilgan takliflarni Inspeksiyaga yuboradi.

3-§. Inspeksiyaning respublika va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari, xo‘jalik birlashmalari hamda boshqa tashkilotlar bilan o‘zaro hamkorligi

  1. Inspeksiya o‘z vazifalari va funksiyalarini amalga oshirishda respublika hamda mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari, xo‘jalik birlashmalari va boshqa tashkilotlar bilan hamkorlik qiladi.
  2. Inspeksiyaning hududiy bo‘linmalari o‘z vakolatlari doirasida respublika va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlarining hududiy bo‘linmalari bilan hamkorlik qiladi.

7-bob. Inspeksiya va uning hududiy bo‘linmalarini moliyalashtirish va moddiy-texnik ta’minlash, ularning xodimlari mehnatiga haq to‘lash hamda ularni moddiy rag‘batlantirish

  1. Inspeksiya va uning hududiy bo‘linmalarini moliyalashtirish va moddiy-texnik ta’minlash O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjeti mablag‘lari, Vazirlik huzuridagi Transport va logistikani rivojlantirish jamg‘armasi va qonunchilik hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan amalga oshiriladi.
  2. Inspeksiya va uning hududiy bo‘linmalari xodimlarining ish haqi lavozim maoshi, rag‘batlantirishlar, qo‘shimcha to‘lovlar, ustamalar va boshqa to‘lovlardan iborat.

Inspeksiya va uning hududiy bo‘linmalari xodimlarining lavozim maoshi Yagona tarif setkasining tasdiqlangan razryadlari bo‘yicha belgilanadi.

Inspeksiya va uning hududiy bo‘linmalari xodimlarining lavozim maoshlariga, O‘zbekiston Respublikasi respublika budjetiga yo‘naltiriladigan mablag‘lar miqdori bilan Inspeksiya va hududiy bo‘linmalari ta’minoti uchun budjetdan ajratiladigan mablag‘lar miqdori o‘rtasida yuzaga keladigan tafovut hisobiga 2 barobar o‘sib boruvchi koeffitsiyent qo‘llaniladi.

Inspeksiya va uning hududiy bo‘linmalari xodimlariga Davlat budjeti hisobidan ko‘p yillik mehnati uchun rag‘batlantirish koeffitsiyentini hisobga olgan holda, lavozim maoshiga belgilangan koeffitsiyentlarda quyidagi hajmlarda har oyda qo‘shimcha pul to‘lanadi: 2 yildan 5 yilgacha — 0,1; 5 yildan 10 yilgacha — 0,2; 10 yildan 15 yilgacha — 0,3; 15 yildan ortiq — 0,4.

Inspeksiya va uning hududiy bo‘linmalari xodimlarini qo‘shimcha moddiy rag‘batlantirish, Vazirlik huzuridagi Transport va logistikani rivojlantirish jamg‘armasi hisobidan ish haqi fondiga nisbatan 200 foizgacha miqdorda amalga oshiriladi.

  1. Inspeksiya va uning hududiy bo‘linmalari xodimlari uchun avtomobil, temir yo‘l, havo, suv transporti korxonalari xodimlarining ijtimoiy yordam ko‘rsatish bo‘yicha huquqi va imtiyozlari, shuningdek, xizmat safarlari davomida doimiy ravishda, ta’til davrida — bir yilda bir marta avtomobil, temir yo‘l, havo transportidan imtiyozli foydalanish tatbiq etiladi.

8-bob. Yakunlovchi qoidalar

  1. Inspeksiya va uning hududiy bo‘linmalari xodimlari (nazorat funksiyasi yuklanmagan xodimlar hamda qonunchilik hujjatlarida boshqacha tartib belgilangan holatlar bundan mustasno) har uch yilda attestatsiyadan o‘tkaziladi.
  2. Nazorat tadbirlari jarayonida jismoniy va yuridik shaxslar Inspeksiya hamda uning hududiy bo‘linmalari xodimlari tomonidan transport sohasidagi nazoratni amalga oshirish uchun faoliyat bilan bog‘liq bo‘lgan shart-sharoitlarni yaratishga majburdirlar.
  3. Inspeksiya va uning hududiy bo‘linmalarining faoliyatiga noqonuniy aralashish yoki to‘sqinlik qilish, noto‘g‘ri ma’lumotni taqdim etish yoki taqdim etishdan bo‘yin tovlash, shuningdek, Inspeksiyaning mansabdor shaxslarini Inspeksiyaga qonunchilik hujjatlari bilan yuklanmagan vazifalarni bajarishga majburlash hamda ularga har qanday shaklda ta’sir ko‘rsatish taqiqlanadi va qonunchilikda belgilangan javobgarlikka sabab bo‘ladi.
  4. Mazkur Nizom talablari buzilishida aybdor bo‘lgan shaxslar qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda javobgar bo‘ladi.

 

04.08.2023  Chop etish