“O‘ztemiryo‘lnazorat” jamoasi g‘olib!

             O‘zbekiston temiryo‘lchilari va transport quruvchilari kasaba uyushmasi Respublika Kengashi tashabbusi bilan “Lokomotiv” markaziy jismoniy sport klubida tarmoq kasaba uyushmasi tasarrufidagi korxonalarda mehnat qilayotgan ayollar o‘rtasida “Xalqaro xotin-qizlar kuni”ga bag‘ishlab spartakiada bahslari o‘tkazildi. Musobaqada 100 nafarga yaqin ishtirokchilar sportning stol tennisi,    100 metrga yugurish, shashka, basketbol to‘pini shitga tushirish hamda arqon tortish turlari bo‘yicha o‘zaro bellashishdi. Xodimlar o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini shakllantirish, ommaviy sportni keng targ‘ib etish va ularning bo‘sh vaqtlarini mazmunli o‘tkazish maqsadida tashkil etilgan turnir qizg‘in va murosasiz kurashlarga boy tarzda o‘tdi. Temiryo‘lchilar har bir shartda bor imkoniyatlarini ishga solishdi.

              Yakuniy natijalarga ko‘ra, stol tennisi bo‘yicha 1-o‘rinni “Toshkent mexanika zavodi” aksiyadorlik jamiyati xodimi S.Fedina egallagan bo‘lsa, 100 metrga yugurish bahslarida “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyati xodimi N. Berenger marraga birinchi bo‘lib yetib keldi. Basketbol to‘pini shitga tushirishda “Toshkent yo‘lovchi vagonlarini qurish va ta’mirlash zavodi” aksiyadorlik jamiyati xodimi    D. Irmatova eng yaxshi natijani qayd etdi. Shashka bo‘yicha o‘tkazilgan musobqada Markaziy temir yo‘l kasalxonasi xodimi U.Drozd eng ko‘p ochko jamg‘arishga muvaffaq bo‘ldi.

               Eng murosasiz bellashuvlar esa jamoaviy arqon tortish bo‘yicha kechdi desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Spartakiadaga puxta hozirlik ko‘rgan O‘zbekiston Respublikasi Transport vazirligi huzuridagi “O‘ztemiryo‘lnazorat” inspeksiyasi jamoasi vakillari o‘z mahoratlarini to‘la namoyish etib, yig‘ilganlar olqishiga sazovor bo‘lishdi. Yu.Semyonova, Yu.Kubrina, S.Nishonaliyeva va Yu.Irgashevalardan tashkil topgan jamoamiz beshta uchrashuvning barchasida raqiblarini mag‘lub etib, haqli ravishda g‘oliblikni qo‘lga kiritishdi.

             - Musobaqadan har tomonlama ko‘nglim to‘ldi, - deydi “O‘ztemiryo‘lnazorat” inspeksiyasi jamoasi a’zosi Yulya Semyonova. Eng avvalo eski tanishlarni, hamkasblarimni ko‘rdim. Har bir bahsda olam-olam quvonch va his hayajonni tuydim. Inspeksiyamizda kasaba uyushma tashabbusi bilan sportning suzish, stol tennisi, shashka kabi turlarida qatnashib turamiz. To‘plagan malakamiz bugun ish berib, arqon tortish bahslarida g‘oliblikni qo‘lga kiritdik. Bundan juda mamnunmiz.

            Musobaqa yakunida barcha ishtirokchilar tashkilotchilar tomonidan munosib taqdirlandilar.

 

“O‘ztemiryo‘lnazorat” inspeksiyasi
Axborot xizmati