“O‘ztemiryo‘lnazorat” inspeksiyasi xodimlari qadim Buxoroda

“O‘ztemiryo‘lnazorat” inspeksiyasi rahbariyati va kasaba uyushma qo‘mitasi hamkorligida inspeksiya xodimlarini Buxoro shahriga sayohati tashkil etildi. Markaziy apparat va filiallar xodimlaridan tashkil topgan jamoa ko‘hna shaharning diqqatga sazovor joylarida bo‘lib qaytishdi.

Safar aziz-avliyolar qabrini ziyorat qilishdan boshlandi. Inspeksiya xodimlari Buxoro zaminidagi yetti buyuk avliyo – pirlar Abdulxoliq G‘ijduvoniy, Xoja Orif Revgariy, Mahmud Anjir Fag‘naviy, Ali Romitaniy, Muhammad Bobo Sammosiy, Amir Kulol va Bahovuddin Naqshbandni ziyorat qilish barobarida ularning tarixi, asarlari va Islom olamidagi tutgan mavqelari haqida qimmatli ma’lumotlarga ega bo‘lishdi.

Inspeksiya xodimlari sayohat davomida Labi hovuz majmuasi, Masjidi Kalon, Minorayi Kalon kabi tarixiy obidalar, Mir Arab, Ko‘kaldosh, Nodir Devonbegi madrasalari, “Toqi Sarrofon”, “Toqi Telpakfurushon”, “Toqi Zargaron” - savdo markazlari va Buxoro amirlarining qishgi saroyi bo‘lmish – Ark qo‘rg‘onida bo‘lib olam-olam taassurotlarga ega bo‘lishdi.

Qadimiy shaharlardan Samarqandda bo‘lganman ammo, Buxoroga birinchi kelishim, - deydi inspeksiya xodimi M.Iskandarova. Shaharda o‘tmish va bugunning uyg‘unligini, bog‘liqligini ko‘rish mumkin. Masjidu - madrasalar, osmono‘par minoralar sizni olis tarixga olib borib qo‘ygandek, nazarimda. Eng asosiysi Buxorodagi yetti pirni ziyorat qilish, ularning madaniy meroslaridan xabardor bo‘lish baxtiga sazovor bo‘ldik. Shu o‘rinda mazkur sayohatni tashkil etgan kasaba uyushma qo‘mitasiga o‘z minnatdorchiligimni izhor qilaman.

Ko‘tarinki kayfiyatda o‘tgan ushbu sayohat xodimlarning ish samaradorligini yanada oshishiga xizmat qilishi tayin.

 

“O‘ztemiryo‘lnazorat” inspeksiyasi
Axborot xizmati