“O‘ztemiryo‘lnazorat” inspeksiyasi Axborot xizmati boshlig‘ining bayonoti

 

“O‘ztemiryo‘lnazorat” inspeksiyasi davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari hamda temir yo‘l transporti sohasida faoliyat yurituvchi korxona va tashkilotlari tomonidan temir yo‘l transporti sohasidagi harakat xavfsizligini taʼminlashga oid belgilangan qoida va normalarga rioya etilishi yuzasidan davlat nazoratini amalga oshirib keladi.  

Inspeksiya inspektorlari tomonidan tekshirishlarda va profilaktik tadbirlarda amalga oshirilayotgan ishlarda ochiqlik, shaffoflik  hamda qonuniylikni taʼminlash maqsadida inspeksiya faoliyati yuzasidan 10 oylik sarhisobni eʼlon qiladi.

2020 yilning o‘n oyi davomida “O‘ztemiryo‘lnazorat” inspeksiyasi o‘z faoliyatini O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 19 apreldagi 337-son qarori bilan tasdiqlangan “O‘zbekiston Respublikasi Transport vazirligi huzuridagi Fuqaro aviatsiyasi agentligi, Temir yo‘llarda yuk va yo‘lovchilar tashish xavfsizligini nazorat qilish inspeksiyasi va Yo‘l-qurilish ishlari sifatini nazorat qilish inspeksiyasi faoliyatini tashkil etish to‘g‘risida”gi Nizomda belgilangan asosiy vazifalarga muvofiq amalga oshirdi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi tadbirkorlik subyektlari faoliyatida o‘tkaziladigan tekshiruvlarni muvofiqlashtiruvchi vakolatli organni xabardor etish tartibida tadbirkorlik subyektlari faoliyatini tekshirish bo‘yicha reja-jadvalga asosan, 2020 yilning o‘n oyi davomida jami 67 ta korxona va tashkilotlarda tekshiruv o‘tkazilgan. Tekshiruv davomida xavfli yuklarni ortish-tushirishni amalga oshirish, temir yo‘llarda tashishlar xavfsizligini taʼminlash bo‘yicha tashkiliy-texnik chora-tadbirlar, poyezdlar harakati xavfsizligini tartibga soluvchi normativ hujjatlarning mavjudligi, xodimlarning sifat tarkibi masalalariga alohida eʼtibor qaratildi. Tekshirishlar natijasida jami 5060 ta kamchiliklar aniqlandi.

Temir yo‘llarda tashishlar xavfsizligini taʼminlashga qaratilgan profilaktik chora-tadbirlar ishlab chiqish va ijrosini nazorat qilish bo‘yicha hisobot davri davomida “O‘ztemiryo‘lnazorat” inspeksiyasi markaziy apparati va hududiy filiallari tomonidan temir yo‘llarda tashishlar xavfsizligi sohasiga oid normativ hujjatlar talablariga rioya etilishi yuzasidan nazorat profilaktika tadbirlari amalga oshirilib kelinmoqda. “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyati hamda vazirlik va idoralarning temir yo‘llarida poyezdlar harakati xavfsizligini taʼminlashga qaratilgan 3069 ta profilaktik tadbirlar o‘tkazildi.  Tadbirlarda faoliyati temir yo‘llarda tashish jarayoni bilan bog‘liq bo‘lgan 16279 nafar xodim ishtirok etdi. O‘tkazilgan profilaktika ishlari natijasida “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyati hamda vazirliklar va idoralar yo‘llarida temiryo‘l, harakatdagi tarkib, elektr taʼminoti, signalizatsiya va aloqa qurilmalari va boshqa texnik vositalaridan foydalanish va ularni saqlashda belgilangan meʼyorlardan cheklanishlar va turli nosozliklar tufayli yuzaga kelgan qator kamchiliklar aniqlandi va bartaraf etish yuzasidan kerakli tavsiyalar berildi.

Aniqlangan kamchiliklar bo‘yicha korxona rahbarlariga bayonnomalar berildi va tushuntirish ishlari o‘tkazildi.

“O‘ztemiryo‘lnazorat” inspeksiyasi tomonidan Toshkent-Samarqand-Qarshi-Kitob, Maroqand-Buxoro uchastkalaridagi tezyurar va yuqori tezlikdagi yo‘lovchi poyezdlari harakati xavfsizligini taʼminlashga alohida eʼtibor qaratilmoqda.

Yuqori tezlikdagi Toshkent-Samarqand-Qarshi-Kitob, Maroqand-Buxoro uchastkalarida 2020 yilning o‘n oyi davomida 2121 nafar xodim ishtirokidagi 667 ta seminar-yig‘ilish va profilaktika tadbirlari amalga oshirildi.

Avtomashina haydovchilari aybi bilan temir yo‘l kesishmalarida yuz berayotgan harakatdagi tarkibning avtotransport vositasi bilan to‘qnashuvlari poyezdlar va avtotransport vositalari harakati xavfsizligiga haqiqiy xavf tug‘dirmoqda.

Inson omili bilan bog‘liq bo‘lgan holatlarni kamaytirish, temir yo‘l kesishmalarida haydovchilar va fuqarolarning hushyorligini oshirish maqsadida, barchani birdek qoidalarga amal qilishga va yuz bergan ko‘ngilsiz holatlardan to‘g‘ri xulosa chiqarishga undovchi maqola va xabarlar OAVda muntazam eʼlon qilib borilmoqda. Jumladan, joriy yilning ortda qolgan 10 oyi davomida 11 marotaba televideniye va radioda, 30 ta turli gazetalarda, 46 ta veb-saytlarda, shuningdek, ijtimoiy tarmoqlarda chiqishlar eʼlon qilingan.

 Firdavs Xayriddinov
“O‘ztemiryo‘lnazorat” inspeksiyasi boshlig‘ining
matbuot kotibi-axborot siyosati masalalari
bo‘yicha maslahatchisi