O‘zbekiston Respublikasi Transport vazirligi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «Transport sohasida davlat boshqaruvi tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida» 2019 yil 1 fevraldagi PF-5647-son Farmoni va «O‘zbekiston Respublikasi Transport vazirligi faoliyatini tashkil etish to‘g‘risida» 2019 yil 1 fevraldagi PQ-4143-son qaroriga muvofiq O‘zbekiston Respublikasi Transport vazirligi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi.
Mazkur Nizom O‘zbekiston Respublikasi Transport vazirligining maqomi, asosiy vazifalari, funksiyalari, huquqlari, javobgarligini, faoliyatini tashkil etish va hisobot berish tartibini, shuningdek, uning rahbarlarining funksional vazifalari va mas’uliyatini belgilaydi.
Vazirlik avtomobil, temir yo‘l, havo, daryo va elektr transporti, metropoliten va yo‘l xo‘jaligini rivojlantirish borasida yagona davlat siyosatini ishlab chiqish va amalga oshirish hamda normativ-huquqiy tartibga solish bo‘yicha davlat boshqaruvi organi hisoblanadi.
Vazirlik tizimiga quyidagilar kiradi:
- markaziy apparat;
- Qoraqalpog‘iston Respublikasi Transport vazirligi, viloyatlar va Toshkent shahri transport boshqarmalari;
- Avtomobil yo‘llari qo‘mitasi;
- Fuqaro aviatsiyasi agentligi;
- Temir yo‘llarda yuk va yo‘lovchilar tashish xavfsizligini nazorat qilish inspeksiyasi;
- Yo‘l-qurilish ishlari sifatini nazorat qilish inspeksiyasi;
- «O‘zaeronavigatsiya» markazi;
- Transport va logistikani rivojlantirish muammolarini o‘rganish markazi;
- Ilmiy-tadqiqot, o‘quv muassasalari va boshqa tashkilotlar.
Qarorda vazirlik va uning hududiy bo‘linmalari va idoraviy mansub tashkilotlarining vazifalari va funksiyalari belgilangan. Unga muvofiq
quyidagilar Vazirlikning asosiy vazifalari hisoblanadi:
1) transportning barcha turlarini O‘zbekiston Respublikasi yagona transport tarmog‘iga integratsiyalashtirish va yangi samarali transport-logistika tizimlaridan foydalanish asosida birgalikda rivojlantirishga yo‘naltirilgan yagona davlat transport siyosatini ishlab chiqish;
2) transport va logistika xizmatlari bozorini rivojlantirishni rag‘batlantirish, ularning barcha toifadagi iste’molchilar uchun ommabopligini ta’minlash, shuningdek, sohaga investitsiyalarni jalb etishga yo‘naltirilgan transport sohasidagi yagona tarif siyosatini amalga oshirish;
3) xalqaro transport koridorlarini rivojlantirish, logistika tizimini takomillashtirish bo‘yicha takliflar ishlab chiqish va chora-tadbirlarni amalga oshirish, mamlakat transport salohiyatidan samarali foydalanish, tadbirkorlik sub’ektlarining transport-logistika xizmatlaridan foydalanishdagi sarf-xarajatlarini kamaytirish;
4) transport va yo‘l xo‘jaligi sohasida davlat-hususiy sheriklikni rivojlantirish va mamlakatning investitsiyaviy jozibadorligini oshirish;
5) butun transport tizimini raqamlashtirish bo‘yicha ilg‘or axborot texnologiyalarini joriy etish, O‘zbekiston Respublikasi transport tizimining bir-biriga bog‘langan yagona tizimini istiqbolli rivojlantirish strategiyalarini ishlab chiqish va amalga oshirish;
6) avtomobil yo‘llari sohasida yagona texnika siyosatini amalga oshirish, foydalanuvchilar manfaatini hisobga olgan holda, avtomobil yo‘llari, aerodromlar va aeroportlar, vokzallar, temir yo‘llar va transport infratuzilmasining boshqa ob’ektlarini moliyalashtirish, loyihalash, qurish, ta’mirlash va foydalanish masalalarining kompleks yechimini ta’minlash;
7) transport sohasida nazoratni amalga oshirish, fuqaro aviatsiyasi va eksperimental havo kemalaridagi halokatlar va baxtsiz hodisalarni, shuningdek, temir yo‘l va daryo transportidagi avariya va halokatlar bo‘yicha tekshiruvlarni tashkil etish va amalga oshirish;
8) transport va yo‘l xo‘jaligi sohasidagi xalqaro va hududiy hamkorlikni rivojlantirish hisobidan jahon transport xizmatlari bozorida O‘zbekiston Respublikasi milliy manfaatlarini ta’minlash;
9) transport sohasidagi joriy va istiqbolli ehtiyojlarni inobatga olgan holda, ta’lim, kadrlar tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirishning ilg‘or usullarini tizimli ravishda joriy etish.
Vazirlikka O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi ma’qullagandan so‘ng O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri taqdimnomasiga binoan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan lavozimga tayinlanadigan va lavozimdan ozod etiladigan Vazir rahbarlik qiladi.
Vazir o‘z maqomiga ko‘ra, Vazirlar Mahkamasi Rayosatining a’zosi hisoblanadi.
Vazir besh nafar o‘rinbosarga, shu jumladan bitta birinchi o‘rinbosarga ega.
Vazirning birinchi o‘rinbosari va o‘rinbosarlari lavozimga O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan lavozimga tayinlanadi va lavozimdan ozod etiladi.