Urganchda tadbirkorlar uchun seminar tashkil etildi

 

 O‘zbekiston Respublikasi Transport vazirligi huzuridagi Temir yo‘llarda yuk va yo‘lovchilar tashish xavfsizligini nazorat qilish inspeksiyasi Orolbo‘yi filialida shaxobcha temir yo‘liga ega bo‘lgan tadbirkorlik subyektlari bilan o‘quv seminari o‘tkazildi. Urganch vokzalida tashkil etilgan tadbirda ishtirokchilar o‘zlarining huquqiy bilimlarini mustahkamlab olishdi.  

Dastlab, inspeksiyasining asosiy vazifalaridan bo‘lmish temir yo‘llarda harakat xavfsizligini taʼminlash, turli qoidabuzarliklarni oldini olish maqsadida amalga oshirilayotgan ishlar haqida maʼlum qilindi. O‘tgan va joriy yilning ortda qolgan 3 oyi davomidagi ko‘rsatkichlar, yutuq va kamchiliklar tahlil qilindi.

Transport va temir yo‘l sohasidagi qonun hujjatlaridagi qo‘shimcha va o‘zgarishlar, ularning amaliyotda qo‘llanishi to‘g‘risida batafsil axborot berildi. Har bir hujjat mazmun-mohiyati ishtirokchilarga tushuntirildi. Shuningdek, davlat tilida yangi tahrirda ishlab chiqilgan qaror va texnik reglamentlar loyihalari va unda ko‘zda tutilgan yangiliklar to‘g‘risida to‘xtalib o‘tildi.  

Tadbirkorlik subyektlari vakillarining faoliyatlari yana-da rivojlanishi uchun korrupsiyaga qarshi birgalikda kurashish orqali mazkur illatni bartaraf etish mumkinligi alohida taʼkidlab o‘tildi. Shu maqsadda Transport vazirligi va inspeksiyada joriy etilgan korrupsiyaga qarshi kurashish “komplayens-nazorat” tizimi joriy etilgani va mazkur tizim haqida tushuntirish berildi.

Seminar ishtirokchilari o‘zlarini qiziqtirgan ko‘plab savollarga javob olishdi.  

O‘ztemiryo‘lnazorat” inspeksiyasi
Axborot xizmati