Transport nazorati inspeksiyasi xodimlariga

Ona tili – millat tafakkurining bebaho xazinasi, ulkan boyligi sifatida ijtimoiy hayotda muhim ahamiyat kasb etadi. Xalqning, millatning mavjudligi, avvalo, uning o‘z tiliga egaligi bilan belgilanadi. Tilni asrash, rivojlantirish – millatning yuksalishi demakdir. Millatning nufuzi xalq tilining qanchalik keng tarqalganligi, mukammalligi, ommalashganligi, boy va sofligi bilan belgilanadi. Shu ma’noda aytish joizki, ona tilimiz – o‘zbek tili asrlar osha o‘z sofligini, o‘ziga xos jihatlarini saqlab, sayqallanib, yashab kelayotgan dunyodagi o‘nlab tillardan biri hisoblanadi.

O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi hamda O‘zbekiston Respublikasining 1989 yil 21 oktabrdagi “Davlat tili haqida”gi qonuni bilan o‘zbek tilining huquqiy maqomi mustahkamlab qo‘yildi hamda O‘zbekiston Respublikasining davlat tili o‘zbek tili ekanligi va O‘zbekiston Respublikasi hududida istiqomat qiluvchi barcha millat va elatlarning tillari, urf-odatlari va an’analari hurmat qilinishi e’tirof etildi.

Til – o‘zlik timsoli, xalq mulki, millat ruhi, madaniy va ma’naviy boylik, xalqning madaniyati, urf-odati, uning turmush tarzi, tarixidir. Til bor ekan millat barhayot. O‘zbek tilining xalqaro miqyosdagi obro‘-e’tiborini yuksaltirish uchun uni milliy va umumbashariy tushunchalar asosida taraqqiy etgan tillar safiga kiritishda o‘z hissamizni qo‘shish har birimizdan chuqur mas’uliyat talab etadi.

Shunday ekan, tilni faqat til bayramidagina emas, hamisha asrab-avaylash, uni e’zozlash, uning davlat tili sifatidagi maqomi, jamiyatdagi mavqeini yuksaltirish, yosh avlodni ona tilimizga cheksiz muhabbat va hurmat ruhida tarbiyalash hamisha dolzarb ma’naviy burchimiz bo‘lib qolishi lozim!

Barchangizni bugungi bayram – “O‘zbek tili bayrami” kuni bilan muborakbod etaman!

Bayramingiz muborak bo‘lsin!

 

Jamshid Karimov
Transport nazorati inspeksiyasi boshlig`i