Til bayrami munosabati bilan davra suhbati
“O‘ztemiryo‘lnazorat” inspeksiyasida O‘zbekiston Respublikasining “Davlat tili to‘g‘risida”gi qonuni qabul qilinganligiga 31 yil to‘lishi munosabati bilan va “O‘zbek tili bayrami” kuniga tayyorgarlik ko‘rish maqsadida davra suhbati tashkil etildi. Unda inspeksiya markaziy apparati va Toshkent filiali xodimlari ishtirok etishdi.
Tadbirda inspeksiya boshlig‘ining maʼnaviy-maʼrifiy ishlar samaradorligini oshirish, davlat tili to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga rioya etilishini taʼminlash masalalari bo‘yicha maslahatchi K.Ismoilov so‘zga chiqib, inspeksiyada mazkur qonun talablari doirasida amalga oshirilayotgan ishlarga to‘xtalib o‘tdi.
Taʼkidlanishicha, inspeksiyada hujjatlarni rasmiylashtirish va ish yuritish “Davlat tili to‘g‘risida”gi qonun talablari asosida davlat tilida amalga oshirilmoqda. Shuningdek, xodimlarning bilim va malakalarini oshirib borish ham doimiy eʼtiborda. Tasdiqlangan rejaga muvofiq xodimlar bosqichma – bosqich o‘qitiladi. Bugungi kunda 3 nafar xodim Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetida davlat tilida ish yuritish bo‘yicha malakalarini oshirishmoqda.
Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining Davlat tilini rivojlantirish departamenti tashabbusi bilan yangidan nashr etilgan “Davlat tilida ish yuritish” amaliy qo‘llanmasida belgilangan meʼyor va talablar xodimlarga tushuntirildi. Davra suhbati ishtirokchilari o‘zlarini qiziqtirgan savollariga batafsil javob olishdi.
“O‘ztemiryo‘lnazorat” inspeksiyasi
Axborot xizmati