Temiryo‘l transporti faoliyatida xavfsizlik chora-tadbirlari

 

Bugungi kunda temir yo‘l transporti mamlakatimiz rivojlanishida o‘zining munosib hissasini qo‘shib kelmoqda. Xususan, turizm, iqtisodiyot rivojlanishida yuksak marralarni egallab kelyapti. Tizimga bo‘lgan ishonchning tobora ortib borishi  sifat va xavfsizlik bilan bevosita bog‘liq. Shu boisdan “O‘ztemiryo‘lnazorat” inspeksiyasi Qashqadaryo filiali xodimlari  qolgan filiallar qatori temir yo‘l transportida harakat xavfsizligini doimiy nazorat qilib kelishmoqda. Jumladan, lokomotiv xo‘jaligi bo‘yicha  10 oy   mobaynida  92 profilaktik tadbir  o‘tkazildi. Tadbirlarda qatnashgan 515 nafar xodimlarga temir yo‘l transportiga oid normativ-huquqiy hujjatlar mazmun mohiyati va amaliyotda qo‘llanilishi batafsil tushuntirildi.

Bosh inspektor tomonidan “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyati korxona tashkilotlari bilan birga shaxobcha temir yo‘liga ega bo‘lgan  tadbirkorlik subyektlarida ham seminar mashg‘ulotlari o‘tkazildi. Mazkur seminarlarda 57 nafar ishchi-xodimlar o‘zlarining bilim va malakalarini oshirib olishdi. Bunday seminarlarning o‘tkazishdan ko‘zlangan asosiy maqsad temir yo‘llarda harakat xavfsizligini taʼminlanishiga erishish, nuqson va kamchiliklarning oldini olishdan iboratdir.  

Temir yo‘l atrofida yashovchi aholi tomonidan Samarqand- Qarshi-Shahrisabz yo‘nalishida chorva mollari qarovsiz holda qoldirilishi, yosh bolalar tomonidan poyezdlar g‘ildiragi ostiga turli buyumlar qo‘yilishi, vagonlarga tosh uloqtirish hollariga yo‘l qo‘ymaslik haqida ham muntazam ravishda tushuntirish ishlari o‘tkazilmoqda. Ammo, shunga qaramay bunday ko‘ngilsiz holatlar hamon uchrab turibdi. Shuni unutmaslik kerakki, temir yo‘l atrofida sodir etiladigan har qanday qoidabuzarlik kun kelib ayanchli hodisaga sabab bo‘lishi mumkin. Muxtasar qilib aytganda, temir yo‘llarda poyezdlar harakati xavfsizligini taʼminlash barchamizning burchimizdir. Bu borada mahallalarda, taʼlim muassasalarida temir yo‘ldan o‘tish, poyezdlar harakati xavfsizligiga tahdid soluvchi holatlarning oldini olish yuzasidan targ‘ibot ishlarini yanada kuchaytirish lozim.

O‘ztemiryo‘lnazorat” inspeksiyasi
Axborot xizmati