Temir yo‘l kesishmalaridagi qoidabuzarlik oqibati og‘ir...
Yuqori tezlikda harakatlanuvchi temir yo‘l uchastkasida poyezdlar harakati xavfsizligini taʼminlanishini nazorat qilish bo‘yicha “O‘ztemiryo‘lnazorat” inspeksiyasi Qashqadaryo filialida xodimlari tomonidan muntazam ravishda nazorat tadbirlari va profilaktik ishlar olib borilmoqda. Hozirda poyezdlar harakati xavfsizligini taʼminlash maqsadida respublikamizning aksariyat shahar va tumanlarida, avtomobil transporti serqatnov joylaridagi temir yo‘l va avtomobil yo‘llari kesishmalarida avtomatlashtirilgan shlagbaumlar, taqiqlovchi va ogohlantiruvchi belgilar o‘rnatilgan.
Shuningdek, mazkur kesishma postlarida nazoratchi navbatchilar kechayu-kunduz xavfsizlikni taʼminlash maqsadida sergak xizmat qilishadi. Qashqadaryo viloyatining Qarshi-Kitob, Qarshi-Tolimarjon yo‘nalishidagi temir yo‘l va avtomobil yo‘llaridagi qo‘riqlanuvchi kesishmalarning 50 foiziga zamonaviy videokuzatuv uskunalari o‘rnatilgan. Bu esa xavfsizlikni taʼminlashga katta hissa qo‘shmoqda. Ushbu videokuzatuv tizimida tasvirga tushirilgan avtotransport haydovchilari tomonidan sodir etilayotgan qoidabuzarliklar belgilangan tartibda ro‘yxatga olinib, viloyat IIB YHX boshqarmasi hamkorligida tegishli ravishda maʼmuriy javobgarlikka tortilyapti.
Kesishmalarda yo‘l harakati xavfsizligi qoidalarini buzish holatlarining oldini olish maqsadida tegishli mutasaddi xodimlar bilan birgalikda profilaktik tushuntirish ishlari ham doimiy ravishda tashkil etiladi. Albatta, xavfsizlik temiryo‘l transporti faoliyati uchun eng muhim omil hisoblanadi. Shu bois bu boradagi ishlarga alohida ahamiyat qaratilib kelinadi. Xususan, viloyatda toifasi yuqori bo‘lgan qo‘riqlanuvchi temir yo‘l kesishmalarida shlagbaumlar avtomatlashtirildi va qo‘shimcha ravishda UZP qurilmalari o‘rnatilib, ishga tushirildi. Endilikda avtoshlagbaumlar yopiq holatga kelgach kesishma temir to‘siqlar bilan qo‘shimcha himoyalanadi.
Afsuski, yo‘lovchi va haydovchilar xavfsizligini o‘ylab amalga oshirilgan mazkur ishlarni hamma ham to‘g‘ri anglab yetmayapti, nazarimizda. Ayrim hollarda haydovchilar bilan kesishma navbatchilari o‘rtasida tushunmovchilik keltirib chiqarmoqda. Yaʼni haydovchi yopiq holatdagi temir yo‘l kesishmasi oldida turar ekan, kesishma navbatchisidan poyezd hali uzoqdaligini aytib shlagbaumni ochishni talab qilyapti, u bilan noo‘rin ziddiyatga bormoqda. Poyezd o‘z manzili tomon harakatni boshlashdan oldin bekat navbatchisi temir yo‘lni ochiq holatga keltiradi, bunda kompyuter orqali ogohlantiruvchi ishoralar beriladi. Temir yo‘l kesishmasida shu ishoralar berilganidan boshlab 15 soniya o‘tgach, avtoshlagbaum avtomatik tarzda yopiq holatga keladi.
Muxtasar qilib aytganda, temir yo‘llarda poyezdlar harakati xavfsizligini taʼminlash barchamizning burchimizdir. Bu borada mahallalarda, taʼlim muassasalarida temir yo‘ldan o‘tish, poyezdlar harakati xavfsizligiga tahdid soluvchi holatlarning oldini olish, yong‘in xavfsizligi qoidalariga amal qilish yuzasidan targ‘ibot ishlarini yana-da kuchaytirish maqsadga muvofiq.
“O‘ztemiryo‘lnazorat” inspeksiyasi
Axborot xizmati