Tadbirkorlar bilan ochiq muloqot!

Tadbirkorlar bilan ochiq muloqot!

 O‘zbekiston Respublikasi Transport vazirligi huzuridagi Temir yo‘llarda yuk va yo‘lovchilar tashish xavfsizligini nazorat qilish inspeksiyasi Buxoro filialida shaxobcha temir yo‘liga ega bo‘lgan tadbirkorlik sub’ektlari bilan uchrashuv hamda jismoniy va yuridik shaxslar uchun Sayyor qabul tashkil etildi. Buxoro mintaqaviy temir yo‘l uzelida o‘tkazilgan tadbirda inspeksiya markaziy apparati, Buxoro filiali xodimlari va tadbirkorlar ishtirok etishdi.

Dastlab, yig‘ilganlarga transport va temir yo‘l sohasidagi so‘nggi yangiliklar, normativ huquqiy hujjatlar borasida ma’lumot berildi. Jumladan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 - yil 1 - fevraldagi “Transport sohasida davlat boshqaruvi tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PF–5647-son Farmoni va O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 - yil 1 - fevraldagi “O‘zbekiston Respublikasi Transport vazirligi faoliyatini tashkil etish to‘g‘risida”gi PQ-4143-son Qarori to‘g‘risida to‘xtalib o‘tildi. Yangi tashkil etilgan vazirlik avtomobil, temir yo‘l, havo, daryo transportlari, metropoliten, shuningdek yo‘l xo‘jaligini rivojlantirish sohasidagi yagona davlat siyosatini ishlab chiqish va amalga oshirish bo‘yicha davlat boshqaruv organi ekanligi, uning asosiy vazifalari, funksiya va vakolatlari to‘g‘risida so‘z yuritildi.  

Tadbirkorlik sub’ektlari faoliyatini yanada yaxshilash, ularning huquq va erkinliklarini mustahkamlash dolzarb vazifalardan sanaladi. Jumladan, korrupsiyani oldini olish va unga qarshi kurashish ishbilarmonlar yo‘lidagi to‘siqlarni bartaraf etish barobarida mamlakatimiz investitsiyaviy jozibadorligini oshirishga zamin yaratadi. Ochiq muloqot tarzidagi tadbirda korrupsiyaga qarshi kurashning bugungi holati, ushbu illatni bartaraf etishda yana nimalarga e’tibor qaratish lozimligi ta’kidlab o‘tildi.
Shundan so‘ng tadbirkorlar o‘zlaridagi mavjud muammolar, yechimini kutayotgan masalalar va faoliyatlari samaradorligini oshirishi mumkin bo‘lgan takliflari bilan murojaat qilishdi. Aksariyat murojaatlar joyida ijobiiy hal etildi.

- Bugungi tadbir biz uchun har tomonlama samarali bo‘ldi, - deydi Murod Qosimov. – Temir yo‘l sohasidagi ko‘plab yangiliklar, yangi normativ hujjatlar bilan tanishdik. Korrupsiyani oldini olishda olib borilayotgan ishlar va unda bizning ishtirokimiz ham illatni bartaraf etishda qay darajada muhim ekanligi borasida tushuntirish berildi. Zarur hollarda “O`ztemiryo`lnazorat” inspeksiyasi rahbariyatiga murojaat qilishimiz (og`zaki, yozma, rasmiy veb-sayt orqali) mumkinligi to`g`risida axborot berildi.   Shaxsan o‘zim litsenziya bo‘yicha, uning amal qilish muddati va davlat bojlari to‘g‘risida savolimga batafsil va aniq javob oldim.

Tadbirkorlar ishtirokidagi ba kabi tadbirlar Respublikamizning boshqa hududlarida ham yil davomida tashkil etiladi.


Firdavs Xayriddinov

“O‘ztemiryo‘lnazorat” inspeksiyasi
Axborot xizmati boshlig‘i