Siz tadbirkor uchun nima qildingiz?
“O‘ztemiryo‘lnazorat” inspeksiyasida 2019 - yilning 25-noyabridan 25-dekabriga qadar “Siz tadbirkor uchun nima qildingiz” aksiyasi yuqori darajada tashkil etildi. Andijon shahrida boshlangan tadbirlar Qarshi, Samarqand, Nukusda davom etib poytaxtda o‘zining mantiqiy nihoyasiga yetdi. “Toshkent temir uzeli” unitar korxonasidagi tadbirkorlik sub’ektlari vakillari bilan sayyor uchrashuvda inspeksiyaning markaziy apparati, Toshkent filiali va “Toshkent” MTU xodimlari ishtirok etishdi.
Yig‘ilganlarga temir yo‘l va transport sohasidagi qonun hujjatlari mazmun mohiyati va ulardagi so‘nggi yangiliklar borasida batafsil ma’lumot berildi. Jumladan, Transport vazirligi tashkil etilganligi munosabati bilan sohadagi va normativ huquqiy hujjatlardagi o‘zgarishlar to‘g‘risida va ularni amaliyotda qo‘llash bo‘yicha to‘xtalib o‘tildi. Tadbirkorlik sub’ektlarining faoliyatlariga noqonuniy aralashuvlar va tekshirishlarga yo‘l qo‘yilmasligi alohida ta’kidlandi.
“Siz tadbirkor uchun nima qildingiz?” aksiyasida boshqa davlat tashkilotlari qatori “O‘ztemiryo‘lnazorat” inspeksiyasi ham faol ishtirok etdi, - deydi inspeksiyaning temir yo‘llarda yuk va yo‘lovchilar tashish xavfsizligini nazorat qilish bo‘limi boshlig‘i A.Narxodjayev. Hududiy filiallardagi va bugungi sayyor uchrashuvlar shaxobcha temir yo‘liga ega bo‘lgan tadbirkorlik sub’ektlari vakillari uchun juda foydali bo‘ldi. Eng avvaldo ular huquqiy bilimlarini mustahkamlab olishdi. Shuningdek, faoliyatlarini yanada rivojlantirish yo‘lida sohaga doir ko‘plab savollariga javob olishdi.
Inspeksiyaning asosiy vazifalaridan bo‘lmish temir yo‘llarda harakat xavfsizligini ta’minlashda nimalarga e’tibor qaratish lozimligi yana bir bor eslatib o‘tildi. Harakat xavfsizligini ta’minlashda jamoatchilik nazorati nihoyatda muhim ekanligi va bu borada har bir fuqarodan mas’uliyatni oshirish talab etilishi ta’kidlandi. Temir yo‘l kesishmalaridagi kichik e’tiborsizliklar natijasida sodir bo‘layotgan ko‘ngilsiz holatlar sabab va oqibatlariga e’tibor qaratildi. Tadbir davomida tadbirkorlik sub’ektlari vakillari mutasaddilarga o‘zlarini qiziqtirgan savollar bilan murojaat qilishdi hamda batafsil javob olishdi.
Firdavs Xayriddinov –
“O‘ztemiryo‘lnazorat” inspeksiyasi boshlig‘ining
matbuot kotibi – axborot siyosati masalalari
bo‘yicha maslahatchisi