Inspeksiya boshlig‘i yo‘l korxonalari faoliyati bilan tanishdi

Transport nazorati inspeksiyasi boshlig‘i Jamshid Karimov Avtomagistral ixtisoslashtirilgan avtomobil yo‘llarini qurish-ta’mirlash birlashmasida bo‘lib, asfaltobeton qoplamalariga yuzaki ishlov berish texnologiyasini amalga oshiruvchi maxsus texnikalar bilan tanishdi. Maxsus texnika yordamida bugungi kunda umumfoydalanuvdagi avtomobil yo‘llarida kuzatilayotgan mayda yoriqlar, buzilishlarni oldini olishda foydalanish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi. Mazkur texnologiyani keng tatbiq qilish, uni iqtisodiy ko‘rsatkichlarini hisoblash va takliflar kiritish lozimligi ta’kidlandi.

Inspeksiya rahbari avtomobil yo‘llarida harakat xavfsizligini tashkil qilish bo‘yicha asosiy vosita bo‘lgan yo‘l belgilari hamda yo‘l yotiq chiziqlarida foydalanilayotgan bo‘yoq mahsulotlarni ishlab chiqaruvchi “Avtoyo‘lbelgi LUMEI Traffis” MChJ qo‘shma korxonasi hamda “AVTOYO‘LBELGI ROAD MARKING” MChJ qo‘shma korxonasiga borib, u yerda ishlab chiqarilayotgan avtomobil yo‘l chiziqlari uchun bo‘yoq mahsulotlarini ko‘zdan kechirdi. Mahsulot ishlab chiqarishda laboratoriya tekshiruvlari amalga oshirilishi, bo‘yoq va yo‘l belgilari uchun qo‘llaniladigan standart talablarga muvofiqligini tekshirish jarayonlari bilan tanishib, sifat nazorati bo‘yicha mas’ullarga tegishli topshiriqlar berdi.

 

Transport nazorati inspeksiyasi
Axborot xizmati