“Sirdaryo” stansiyasida seminar
“O‘ztemiryo‘lnazorat” inspeksiyasining Toshkent filiali inspektorlari tomonidan tasdiqlangan rejaga muvofiq har bir xo‘jalik bo‘yicha profilaktik tadbirlar olib borilmoqda. Profilaktik ishlar “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyati tasarrufidagi korxonalarda hamda shaxobcha temir yo‘liga ega bo‘lgan tadbirkorlik subyektlarida o‘tkazilyapti. Iyun oyi davomida filial xodimlari tomonidan temir yo‘l xodimlarining bilim va malakasini mustahkamlash maqsadida 58 ta profilaktik tadbirlar o‘tkazildi.
Toshkent mintaqaviy temir yo‘l uzeliga qarashli Hovos temir yo‘l masofasi “Sirdaryo” stansiyasida tashkil etilgan seminarda yo‘l xo‘jaligi bo‘yicha normativ hujjatlar mazmun mohiyati tushuntirildi. Jumladan, “O‘zbekiston Respublikasi temir yo‘llardan texnikaviy foydalanish qoidalari”, “Joriy taʼmir yo‘riqnomasi” kabi hujjatlar bo‘yicha ishchi-xodimlarga tushuntirish berildi. Shuningdek, havo harorati oshgan vaqtda uloqsiz relslarni bir birga jipslashib ketmasligini oldini olish bo‘yicha tavsiyalar berildi. Stansiya ishchi-xizmatchilari seminar davomida o‘zlarini qiziqtirgan savollariga javob olishdi.
“O‘ztemiryo‘lnazorat” inspeksiyasi
Axborot xizmati