Seminarlarda temir yo`l xodimlarining bilimlari mustahkamlanmoqda
Bugungi kunda Respublikamiz aholisiga hamda yurtimizga tashrif buyurayotgan mehmonlarni uzog‘ini yaqin qilish, ularga temir yo‘l tizimida sifatli xizmat ko‘rsatish maqsadida «Toshkent-Samarqand-Qarshi», «Toshkent-Samarqand-Buxoro» temir yo‘l uchastkalarida yuqori tezlikdagi “Afrosiyob” elektropoyezdlari harakatlanmoqda. Yuqori tezlikdagi temir yo‘l uchastkalarida harakat xavfsizligini ta’minlashga oid chora-tadbirlar amalga oshirilishini tashkil etish va muvofiqlashtirish, shuningdek, nazorat qilish bo‘yicha Idoralararo komissiyasi faoliyati yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, harakat xavfsizligini ta’minlash chora-tadbirlari amalga oshirilishini muntazam ravishda monitoring qilib boradi.
Idoralararo komissiya har oyda joylarda amalga oshirilayotgan ishlarni, yuzaga kelayotgan muammolarni o‘rganish, muhokama qilish maqsadida sayyor yig‘ilishlar o‘tkazib kelmoqda. Yig‘ilishlarda harakat xavfsizligi bilan birgalikda temir yo‘l atrofining estetik ko‘rinishi, obodonlashtirish ishlarining ahvoli atroflicha tahlil qilinadi va mutasaddilarga kerakli ko‘rsatmalar beriladi.
Komissiyaning chora tadbirlaridagi vazifalarni bajarish maqsadida “O‘ztemiryo‘lnazorat” inspeksiyasi hamda “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyati mas’ul vazirlik va idoralar vakillari bilan birgalikda yuqori tezlikda harakatlanish temir yo‘l uchastkasi atrofida joylashgan o‘quv muassasalarida va mahalliy aholi o‘rtasida tushuntirish va targ‘ibot ishlari olib bormoqda. Jumladan, “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ xarbiylashtirilgan qo‘riqlash boshqarmasi tomonidan joriy yilning dastlabki ikki oyi davomida 44 marotaba profilaktik ishlari o‘tkazildi. Tadbirlarda temir yo‘lni belgilanmagan joyidan kesib o‘tmaslik, poyezdlarga tosh otmaslik, temir yo‘l izlariga turli buyumlarni qo‘ymaslik, temir yo‘l atrofida chorva mollarini e’tiborsiz qoldirmaslik borasida tushuntirishlar berildi.
Inspeksiyaning Toshkent filiali hududidagi stansiyalar va o‘zining temir yo‘l shaxobchalariga ega bo‘lgan korxonalarda poyezdlar harakati xavfsizligini ta’minlash maqsadida joriy yil boshidan buyon 100 dan ortiq seminarlar o‘tkazildi. Temiryo‘lchilarning bilimlarini mustahkamlashga qaratilgan tadbirlarda 180 nafardan ortiq xodimlar ishtirok etishdi. Shundan 8 ta seminar o‘zining shaxobcha temir yo‘liga ega bo‘lgan tadbirkorlik sub’eklarida o‘tkazilgan bo‘lib, xo‘jaliklar bo‘yicha tushuntirish ishlari olib borildi. Bunday seminarlarning o‘tkazishdan ko‘zlangan asosiy maqsad temir yo‘llarda harakat xavfsizligi buzilishini oldini olish va qoidalarga rioya qilinishiga erishishdan iboratdir.
Farrux Zoirov
“O‘ztemiryo‘lnazorat” inspeksiyasi
Toshkent filiali inspektori