Profilaktik tadbirlar davom ettiriladi

 

Mamlakatimiz hukumati O‘zbekistonda COVID-19 koronavirusning tarqalishining oldini olish maqsadida barcha chora-tadbirlarni amalga oshirib kelmoqda. Jumladan, 2020 - yil 24 - martdan boshlab mahalliy yo‘nalishlarga harakatlanadigan barcha yo‘lovchi poyеzdlar qatnovi vaqtincha to`xtatilgandi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida joriy yilning 13 may kuni o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishda “yashil” va “sariq” hududlarda sanitariya-gigyena talablariga qat’iy amal qilgan holda xizmat ko‘rsatish turlarga bosqichma-bosqich ruxsat berish mumkinligi belgilab o‘tilgan edi. Shunga muvofiq Respublika maxsus komissiyasi tomonidan karantin davrida mahalliy yo‘nalishlarda temir yo‘l qatnovlarini yo‘lga qo‘yishning vaqtinchalik tartibi tasdiqlandi. Unga ko‘ra joriy yilning 18 may kunidan Toshkent shahridan Navoiy, Buxoro hamda Qarshi shaharlariga “Afrosiyob” yuqori tezlikda harakatlanadigan poyezdlar hamda Farg‘ona vodiysiga tezyurar yo‘lovchi poyezdlar qatnovi qayta yo‘lga qo‘yildi.

Poyezdlar qatnoviga ruxsat berilgan kundan boshlab parallel ravishda “O‘ztemiryo‘lnazorat” inspeksiyasi xodimlari ham profilaktik tadbirlarni boshlashdi. Jumladan, Qashqadaryo filiali xodimlari temir yo‘l transportida harakat xavfsizligini ta`minlanishini qolgan filiallar qatori nazorat qilib bormoqda. Joriy yil may oyi davomida “O‘ztemiryo‘lnazorat” inpeksiyasi Qashqadaryo filiali xodimlari tomonidan 67 marotaba profilaktik tadbirlar o‘tkazilishi ko‘zda tutilgan bo‘lib, inspektorlar rejaga muvofiq ishlarini olib borishmoqda.

Filial inspektorlari temir yo‘l kesishmalarida ro‘y berishi mumkin bo‘lgan xavf xatarlarni oldini olish maqsadida Qashqadaryo temir yo‘l ta’mirlash korxonasiga qarashli 11 ta qo‘riqlanmaydigan va 11 ta qo‘riqlanadigan jami 22 temir yo‘l kesishmalarida profilaktik ishlarni amalga oshirib, aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish choralarini ko`rishdi. Temir yo‘l izlari ish holatida bo`lishi va vagonlarning kamchiliksiz temir yo‘lda harakatlanishi uchun barcha zarur tavsiyalar berildi.

Barcha profilaktik tadbirlar mamlakatimizda amalda bo‘lib turgan karantin talablariga qat’iy amal qilgan holda olib borilmoqda.

 

“O‘ztemiryo‘lnazorat” inspeksiyasi
Axborot xizmati