Poyezdlar soniyasiga qancha masofa bosib o‘tadi?

 


           Temir yo‘l kesishmalarida shoshma-shosharlik, tartibsizlik tuzatib bo‘lmas xatolarni yuzaga keltiradi. Bunday hududlardagi qoidabuzarliklar ko‘pincha falokatlar bilan yakun topadi. Vodiy viloyatlari bo`ylab harakatlanadigan mashinistlar joriy yilning ortda qolgan ikki oyi davomida odamlar, avtomashinalar hamda hayvonlarni urib yubormaslik uchun         5 marotaba boshqaruvdagi poyezdlarni favqulodda to‘xtatishga majbur bo‘lishgan.

Ammo har doim ham katta tezlikda kelayotgan poyezdni to‘xtatib qolish imkoniyati mavjud emas. Vodiy viloyatlari, jumladan Andijon – Marg‘ilon yo‘nalishida poyezdlar soatiga 100-115 kilometr tezlikda harakatlanadi. O‘rtacha  80 km/soat tezlikda harakatlanadigan poyezd soniyasiga 23 metr masofani bosib o‘tadi. Yuqori tezlikda harakatlanuvchi poyezdlarning ko‘rsatkichini tasavvur qilavering. Poyezd favqulodda tezkor tormoz berilgandan keyin kamida 350-400 metr masofa bosib o`tib, keyin to‘xtaydi. Ko‘rinib turibdiki, to‘qnashuvlarning oldini olishning yagona va samarali usuli bu - xavfsizlik talablariga qat’iy rioya qilish va temir yo‘l kesishmalaridan o‘tayotganda e’tiborsizlikka yo‘l qo‘ymaslikdir.

Quvasoy – Farg‘ona-2 yo‘nalishining 18 km 4 piket oralig‘ida poyezd yaqinlashayotganini ko‘ra bilib turib, temir yo‘lni shoshib kesib o‘tishga uringan fuqaroning taqdiri fojeaviy yakun topdi... Qirguli – Farg‘ona-2 stansiyalari oralig‘ida joylashgan qo‘riqlanmaydigan temir yo‘l kesishmasida teplovoz bilan avtokran o‘rtаsidagi yo‘l-transport hodisasiga ham haydovchi aybdor. Bunday misollarni ko‘plab keltirish mumkin.

“O‘ztemiryo‘lnazorat” inspeksiyasi tomonidan temir yo‘l transporti sohasida yuk va yo‘lovchilar tashish xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha qator normativ — huquqiy hujjatlar ishlab chiqilgan va belgilangan tartibda nazorati amalga oshirilmoqda. Temir yo‘l transporti tashkilot va muassasalarida olib borilayotgan profilaktik ishlar natijasida aniqlangan kamchiliklar bartaraf etilmoqda.

Temir yo‘l trаnsportidagi ayanchli oqibatlarga olib kelgan holatlarni tahlil qiladigan bo‘lsak, voqea-hodisalarning aksariyatida fuqarolarimizning yo‘l harakati qoidalarini bilmasligi yoki bilib turib amal qilmasligi sabab bo‘lmoqda. O‘z hayotimiz va sog‘lig‘imizni turli ko‘ngilsizliklardan saqlash har birimizdan, eng avvalo e’tiborli bo‘lish va qoidalarga rioya qilishni talab etadi. Zero, oddiy qoidalar ham bizni turli ofatlardan omon qolishimizga asos bo‘lishini yodda tutaylik!

Adhamjon Yunusov
“O‘ztemiryo‘lnazorat” inspeksiyasi
Farg‘ona filiali bosh inspektori