Temir yo‘llarda harakat xavfsizligini ta’minlash asosiy maqsadimiz
Temir yo‘llar mamlakatimiz iqtisodiyoti rivoji uchun o`rni bo`lakcha. Shuningdek, xalqaro iqtisodiy aloqalarni mustahkamlashda temir yo‘llarning ahamiyati yuqori. Ular orqali har yili millionlab tonna yuk o‘z manziliga yetkaziladi. Qolaversa, yangi temir yo‘l magistrallarining ishga tushirilishi mintaqalar iqtisodiy salohiyatini yanada rivojlantirish, mineral resurslar, neft va gaz, rangli metallar, qurilish materiallari va qimmatbaho foydali qazilmalarni kompleks o‘zlashtirish uchun katta imkoniyatlar ochmoqda. Hozirgi vaqtda mamlakatimiz bo‘yicha yuklarning 70 foizdan ziyodi, yo‘lovchilarning 75 foizdan ortig‘i temir yo‘l transporti orqali tashilmoqda. Shunday ekan, yo‘l-transport kommunikatsiyalari global tarmoqlar orqali integratsiyalashayotgan, barcha turdagi transport vositalarining tezligi ortib borayotgan davrda harakat xavfsizligini ta’minlash naqadar dolzarb ekanligini anglab yetishimiz lozim. Bu temir yo‘l transporti faoliyatini samarali tashkil etish uchun ham muhim omil sanaladi.
“O‘ztemiryo‘lnazorat” inspeksiyasi Qashqadaryo filiali miqyosida bu borada zarur choralar muntazam olib borilmoqda. Xususan, joriy yilning aprel oyida o‘zining shaxobcha temir yo‘llariga ega bo‘lgan “Muborak gazni qayta ishlash zavodi” MChJ hamda “Temir yo‘l transporti va qurilish birlashmasi” DUK korxonalarida seminar tashkil etildi. Unda vagon xo‘jaligi inspektori Ahmad Umirov hamda lokomotiv xo‘jaligi inspektori Ulug`bek Tanikulovlar ishtirok etishdi. Seminar ochiq muloqot tarzida tashkil yetilgan bo‘lib harakat xavfsizligini ta’minlashga qaratildi.
Yig‘ilish davomida yuk tashishlarni amalga oshirishda yuk vagonlarining nosozliklari, lokomotivlar va vagon harakati tartibiga texnik xizmat ko‘rsatish va ularni ta’mirlashda nimalarga e’tiborli bo‘lishilari haqida ta’kidlab o‘tildi. Anjuman yakunida qatnashchilar tomonidan berilgan savollarga inspektorlar tomonidan to‘liq va batafsil javob berildi, yuzaga keladigan muammolar hal etish yo‘llari belgilab olindi. Temir yo‘llarda poyezdlar harakati xavfsizligini ta’minlash barchamizning burchimizdir. Bu borada temir yo‘ldan o‘tish qoidalariga amal qilish, poyezdlar harakati xavfsizligiga tahdid soluvchi holatlarning oldini olish, yong‘in xavfsizigi qoidalariga amal qilish yuzasidan targ‘ibot ishlarini kuchaytirish maqsadga muvofiq.
Olim Qurbonnazarov
“O‘ztemiryo‘lnazorat” inspeksiyasi
Qashqadaryo filiali boshlig‘i