Qonunchilik hujjatlari ijrosi nazoratida qanday o‘zgarishlar bo‘ldi?
Ijro intizomini taʼminlash, qabul qilinayotgan qonun va qonunosti hujjatlarda belgilangan vazifalarni o‘z vaqtida hayotga tatbiq etish jamiyat taraqqiyotiga erishish va bu orqali xalq farovonligini taʼminlashda, ko‘plab sohalarning jadal rivojlanishiga erishishga xizmat qiladi. Shu bois mazkur yo‘nalishdagi ishlarni yangi bosqichga olib chiqish kun tartibidagi muhim va dolzarb masalalardan sanaladi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Qonunchilik hujjatlari ijrosini samarali tashkil etishda davlat boshqaruvi organlari va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari rahbarlarining shaxsiy javobgarligini kuchaytirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoni qonun hujjatlari ijrosini nazorat qilishda zamonaviy talablarni qamrab olishi bilan birgalikda rahbar va mutasaddilarning masʼuliyati va javobgarligini oshirishda dasturilamal bo‘ldi.
Yangi farmonning to‘la-to‘kis ishlashi ijrochilarga bevosita bog‘liq jarayon. Shu sababli O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining topshirig‘i bilan farmon mazmun-mohiyatini tushuntirish hamda ijro intizomini mustahkamlash maqsadida vazirlik va idoralar rahbarlari va masʼul xodimlari ishtirokida o‘quv-amaliy seminarlar o‘tkazish belgilandi.
Seminarlarning dastlabkilaridan biri 2 mart kuni “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyati va Transport universitetida videokonferensiya aloqa tizimi orqali tashkil etildi. Unda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining Hududlarni kompleks rivojlantirish, kommunikatsiyalar, qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi masalalari kotibiyatiga biriktirilgan vazirliklar, idoralar va xo‘jalik birlashmalari rahbar va masʼul xodimlari ishtirok etishdi.
Tadbirda farmonning mazmun-mohiyati maʼruzachilar tomonidan batafsil tushuntirib o‘tildi. Unga ko‘ra 2021 yil 1 maydan boshlab barcha davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlarida ijroni nazorat qilish, nazorat kartotekalarini yuritish va hisobotlarni shakllantirish faqat “Ijro.gov.uz” tizimida amalga oshiriladi. Mazkur tizimga qonunchilik hujjatlari va topshiriqlar ijrosi yuzasidan kiritilishi lozim bo‘lgan zarur maʼlumotlarni o‘z vaqtida kiritmaslik yoki noto‘g‘ri maʼlumotlarni kiritilishiga yo‘l qo‘ymaslik bo‘yicha davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari rahbarlari shaxsan javobgarligi belgilangan.
Shuningdek, qonunchilik hujjatlari va topshiriqlar bilan ishlash tartibi, ijro natijalarini tekshirish va nazorat qilish hamda ijro muddatini uzaytirish bo‘yicha umumiy qoidalari to‘g‘risida so‘z yuritildi. Qonunchilik hujjatlarini ijrochilarga yetkazish va normativ huquqiy hujjat loyihalarini huquqiy, moliyaviy-iqtisodiy ekspertizadan o‘tkazish bo‘yicha mavjud muammolar va ularning yechimlari to‘g‘risida fikr almashildi, tushuntirishlar berildi.
Vazirlik va idoralar, xo‘jalik birlashmalari rahbarlariga farmon yuzasidan qilinishi lozim bo‘lgan ishlarni tashkillashtirish va joylarda tushuntirish ishlarini davom ettirish bo‘yicha topshiriqlar berildi.
“O‘ztemiryo‘lnazorat” inspeksiyasi
Axborot xizmati