Qonun hujjatlari mazmun-mohiyati tushuntirildi
Bugun Transport vazirligi majlislar zalida yuridik boshqarma xodimlari tomonidan Qonun hujjatlari mazmun-mohiyatiga bag`ishlab seminar tashkil etildi. Tadbirda tizim tashkilotlari, hududiy transport boshqarmalarining rahbarlari va masʼul xodimlari Zoom platformasi orqali masofadan ishtirok etishdi. Jumladan, mazkur o‘quv-seminarida “O‘ztemiryo‘lnazorat” inspeksiyasidan Inspeksiya boshlig‘ining matbuot kotibi, Bosh Yuriskonsult, Normativ-texnologik bo‘lim boshlig‘i, Bosh buxgalter kabi xodimlar qatnashishdi.
Seminarda O‘zbekiston Respublikasining “Davlat xaridlari to‘g‘risida”gi 684-son Qonuni, “O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudi to‘g‘risida”gi 687-son Qonuni hamda “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartishlar va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi 688-son Qonuniga asosan o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritilgan Havo va Maʼmuriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodekslar mazmun-mohiyati tushuntirildi. Maʼruzachilar qonun hujjatlaridagi o‘zgartish kiritilgan har bir bandga alohida to‘xtalib o‘tishdi.
Ishtirokchilar yuqoridagi qonun hujjatlari va o‘zlarini qiziqtirgan boshqa savollarga asoslangan javoblar olishdi. Qonun hujjatlari mazmun-mohiyatiga bag‘ishlangan seminarlar barcha tizim tashkilotlari va boshqarmalarda ham o‘tkazilishi tavsiya etildi.
“O‘ztemiryo‘lnazorat” inspeksiyasi
Axborot xizmati