OAV xodimlari uchun matbuot anjumani tashkil etildi
“O‘ztemiryo‘lnazorat” inspeksiyasining 2020 yil davomida amalga
oshirilgan ishlari yuzasidan OAV xodimlari uchun matbuot anjumani
tashkil etildi
Milliy matbuot markazida tashkil etilgan tadbirda “O‘ztemiryo‘lnazorat” inspeksiyasining o‘ziga yuklatilgan vazifalar ijrosini taʼminlash maqsadida joriy yil davomida amalga oshirilgan ishlar to‘g‘risida axborot berildi.
Umumiy foydalanishdagi temir yo‘l transportida va temir yo‘l transporti sohasida faoliyat yuritadigan yuridik shaxslarning shoxobcha yo‘llarida yuk va yo‘lovchilar tashish xavfsizligini taʼminlash bo‘yicha davlat nazoratini amalga oshirish yuzasidan inspeksiya tomonidan 2020 yil davomida vakolatli organni xabardor etish tartibidagi jami 89 ta tekshiruvlar o‘tkazilgan.
O‘tkazilgan tekshiruvlarda inspeksiya tomonidan aniqlagan kamchiliklar soni 7878 tani, shu jumladan taqiqlovchi choralar soni 3020 tani tashkil etdi. Tashkilotlarga yo‘l qo‘yilgan kamchiliklarni bartaraf etish uchun 83 ta ko‘rsatmalar kiritilgan.
2020 yil davomida 3869 ta profilaktik chora-tadbirlari o‘tkazilgan bo‘lib, ularda 20556 nafar temir yo‘l transporti xodimlari ishtirok etdi. Profilaktik tadbirlarning 784 tasi yuqori tezlikdagi temir yo‘l uchastkalarida o‘tkazilgan. Mazkur tadbirlarda seminar mashg‘ulotlari, normativ hujjatlarni amaliyotda qo‘llash, harakat xavfsizligi buzilishi mumkin bo‘lgan ehtimoliy xavfni oldindan oldini olish bo‘yicha tavsiyalar berilgan.
Inspeksiya tomonidan qozonxona obyektlari, ko‘tarish inshootlari va o‘lchash tizimlarini saqlash, ulardan xavfsiz foydalanish bo‘yicha o‘tkazilgan profilaktik chora-tadbirlar soni 62 tani tashkil etib, ularda 689 nafar xodimlar ishtirok etgan. Yil davomida 182 ta qozonxona obyektlari, ko‘tarish inshootlarini texnik ko‘rik va sinovlarida ishtirok etilgan bo‘lib, ularda 137 ta kran, 11 ta lift, 3 ta eskalator, 7 ta qozon va 24 ta bosim ostidagi sig‘imlar texnik ko‘rik va sinovdan o‘tkazildi.
Yuqori tezlikdagi temir yo‘l uchastkalarida harakat xavfsizligini taʼminlashga oid chora-tadbirlar amalga oshirilishini tashkil etish va muvofiqlashtirish, shuningdek, nazorat qilish bo‘yicha Idoralararo komissiyaning 6 ta yig‘ilishi o‘tkazildi.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Foydalanishga topshiriladigan harakatdagi temir yo‘l sostavi xavfsizligi to‘g‘risidagi umumiy texnik reglamentni tasdiqlash haqida”gi qarori loyihasi ishlab chiqildi. Loyihaning maqsadi - inson hayoti va sog‘lig‘ini, jismoniy va yuridik shaxslar, davlatning mol-mulkini himoyalash, atrof muhit, jonivorlar va o‘simliklar hayoti yoki sog‘ligini muhofaza qilish, shuningdek xaridorlar va isteʼmolchilarni (foydalanuvchilarni) uning vazifasi va xavfsizligiga nisbatan adashishiga olib keluvchi harakatlardan ogohlantirish maqsadida, harakatdagi temir yo‘l sostavi va uning tarkibiy qismlari xavfsizligiga loyihalash, ishlab chiqarish va modernizatsiya qilishda qo‘yiladigan yagona majburiy talablarni belgilashdan iborat.
Umumiy texnik reglamentda majburiy talablarning belgilanishi harakatdagi temir yo‘l sostavining xavfsizlik darajasi va sifati oshishiga ijobiy taʼsir ko‘rsatadi, tadbirkorlik faoliyatini rag‘batlantiradi. Shuningdek, Bojxona Ittifoqi aʼzo davlatlarining temir yo‘l transporti sohasidagi xavfsizlikka oid normativ-huquqiy hujjatlardagi talablarni belgilash bo‘yicha yondashuvlarga yaqinlashtiradi, muvofiqlikni majburiy tasdiqlashga sarflanadigan sarf-xarajatlarni kamaytirish, iqtisodiy va investitsiya muhitini yaxshilash, qulay innovatsion muhitni yaratishga ko‘maklashadi.
Tadbir davomida inspeksiyada korrupsiyaga qarshi kurashish ochiqlik va shaffoflikni taʼminlash bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar to‘g‘risida batafsil to‘xtalib o‘tildi. Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha “komplayens nazorat” tizimi joriy etilgani, rasmiy sayt orqali anonim xabar qoldirish imkoniyati, ishonch telefoni faoliyati haqida maʼlumot berildi.
Matbuot anjumani davomida ommaviy axborot vositalari xodimlari o‘zlarini qiziqtirgan ko‘plab savollarga javob olishdi.
“O‘ztemiryo‘lnazorat” inspeksiyasi
Axborot xizmati