Nazorat tadbirlarida nimalarga e’tibor qaratish lozim?
O‘zbekiston Respublikasi Transport vazirligi huzuridagi “O‘ztemiryo‘lnazorat” inspeksiyasida nazorat tadbirlari davomida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan turli holatlarda inspektorlarning qonuniy harakatlari yuzasidan davra suhbati bo‘lib o‘tdi. Unda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Tadbirkorlik sub’ektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vakil devoni xodimi Dilshod Nasriddinov, O‘zbekiston Respublikasi Transport Prokuraturasi Umumiy nazorat bo‘limi boshlig‘i Saidkamol Muxtorov va mazkur bo‘lim xodimi Sanjar Mirzaaxmedov hamda inspeksiya markaziy apparati va hududiy filiallar xodimlari ishtirok etishdi.
Bugungi kunda mamlakatimizda tadbirkorlarga keng yo‘l ochib berilgan bo‘lib, ularning qonuniy manfaatlari davlat himoyasida. “O‘ztemiryo‘lnazorat” inspeksiyasi xodimlari ham shaxobcha temir yo‘liga ega bo‘lgan tadbirkorlik sub’ektlari faoliyatini vakolatlari doirasida tekshirish davomida qonun talablariga qat’iy rioya qilishadi. O‘z navbatida nazorat tadbirlari davomida tadbirkorlik sub’ekti vakillari tomonidan tekshirishlar yakuniga ko‘ra taqdim etiladigan dalolatnomani tegishli tartibda kelishishni asossiz ravishda rad etish yoki paysalga solishga o‘xshash holatlar ham uchrab turadi. Seminarda yuqoridagi kabi holatlarda inspektorlar qanday yo‘l tutishi lozimligi, tadbirkorlik sub’ekti vakillarining mazkur harakatlarini rasmiylashtirish tartibi bo‘yicha tushuntirishlar berildi.
Temir yo‘l transportida harakat xavfsizligini ta’minlash, qonunbuzishlariga qarshi kurashishni kuchaytirish maqsadida, O‘zbekiston Respublikasi Transport prokuraturasi va O‘zbekiston Respublikasi Transport vazirligi huzuridagi “O‘ztemiryo‘lnazorat” inspeksiyasi o‘rtasida “Temir yo‘l transporti sohasida harakat xavfsizligini ta’minlashga oid qonunbuzishlar yuzasidan hujjatlarini rasmiylashtirish va prokuratura organlariga taqdim etish Tartibi” tasdiqlandi.
Mazkur hujjat “O‘ztemiryo‘lnazorat” inspeksiyasi nazorat tadbirlarida, poyezdlar harakati xavfsizligi talablari buzilishini tasniflashda va xizmat tekshiruvlarini olib borishda poyezdlar harakati xavfsizligini ta’minlashga qaratilgan talablardan bo‘yin tovlagan yoki qo‘pol buzgan mas’ul yuridik va jismoniy shaxslar harakatlarida qonunbuzilishi holatlari hujjatlari rasmiylashtirilgandan 30 kundan kechiktirmasdan tegishli mansabdor shaxslarning harakatlariga huquqiy baho berish uchun Transport prokuraturasiga yuborishni tartibga soladi.
Mazkur Tartib Temir yo‘l transportida harakat xavfsizligini buzilishiga olib keluvchi ehtimoliy xavflarni oldindan baratarf etish va temir yo‘l transportida harakat xavfsizligini ta’minlanishi ustidan nazorat qilish borasida samaradorlikni yanada oshirish imkonini beradi, - deydi Transport Prokuraturasi Umumiy nazorat bo‘limi boshlig‘i Saidkamol Muxtorov. Bundan tashqari qonunbuzishlarni tasniflash va har tomonlama tahlil qilish orqali ularga qarshi ta’sirchan choralar qo‘llashimiz, Transport prokuraturasi va “O‘ztemiryo‘lnazorat” inspeksiyasi hamkorlikda kurashishimiz mumkin bo‘ladi.
Tadbirda yig‘ilganlar run tartibidagi masalalar yuzasidan o‘zlarini qiziqtirgan savollariga batafsil javob olishdi.
Firdavs Xayriddinov
“O‘ztemiryo‘lnazorat” inspeksiyasi
boshlig‘ining matbuot kotibi – axborot
siyosati masalalari bo‘yicha maslahatchisi