Bayrog‘imiz - faxrimiz, g‘ururimiz!
O‘zbekiston Respublikasi Davlat bayrog‘i qabul qilinganligining 29 yilligi munosabati bilan mamlakatimizdagi vazirlik va idoralarda, korxona va tashkilotlarda, taʼlim muassasalarida turli madaniy-maʼrifiy tadbirlar, davra suhbatlari o‘tkazilyapti. Shunday tadbirlardan biri O‘zbekiston Respublikasi Transport vazirligi huzuridagi “O‘ztemiryo‘lnazorat” inspeksiyasida tashkil etildi. Unda inspeksiya markaziy apparati, Toshkent filiali xodimlari va ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etishdi.
Taʼkidlanganidek, Davlat ramzlari har bir mamlakatning suvereniteti va mustaqilligini ifodalovchi muqaddas timsollardir. O‘zbekistonning davlat ramzlari xalqimizning shon-sharafi, tarixiy xotirasi va intilishlarini o‘zida mujassam etib, shu yurtda yashovchi har bir fuqaroga o`zgacha ruh bag‘ishlaydi. Shu bois, bayrog‘imiz va gerbimizga nazar solganimizda yoki madhiyamiz yangraganda biz ruhan jo‘shqinlikni, azmu shijoatimiz oshganini, qalbimizda g‘urur va iftixor tuyg‘usini his etamiz. Yurtimiz sportchilari jahon va Osiyodagi eng nufuzli musobaqalarda zafar quchganlarida madhiyamiz sadolari ostida ko‘tarilayotgan bayrog‘imizni kuzatish onlari har birimizga olam-olam quvonch va takrorlanmas tuyg‘ularni baxsh etadi.
Tadbirda so‘zga chiqqan inspeksiya Bosh yuriskonsulti R.Isroilov yig‘ilganlarga “O‘zbekiston Respublikasining Davlat bayrog‘i to‘g‘risida”gi qonuni mazmun-mohiyati to‘g‘risida maʼlumot berdi. Davlat bayrog‘iga katta hurmat va eʼzoz bilan munosabatda bo‘lish, yaʼni undan faqat qonun talablariga mos ravishda foydalanishimiz, ko‘z qorachig‘imizdek asrashimiz lozimligi taʼkidlandi. Bayroqdagi ranglar mazmuniga alohida to‘xtalib o‘tildi. O‘zbekiston bayrog‘idagi yarim oy bizning tarixiy anʼanalarimiz bilan bog‘liqligi, 12 yulduz tasviri qadimgi yilnomamizga bevosita aloqadorligi, shuningdek, qadimda mamlakatimiz hududida nujum ilmi taraqqiy etganligi bilan ham izohlanishi misollar yordamida tushuntirib berildi.
Davlat bayrog‘i har birimizning faxrimiz, g‘ururimiz, - deydi inspeksiya bo‘lim boshlig‘i Sherzod Nabiyev. Yoshligimdan sportga qiziqqanim bois, hamyurtlarimizning g‘alaba onlarida madhiyamiz sadolari ostida bayrog‘imiz ko‘tarilishini o‘zgacha ishtiyoq bilan kuzatardim. Umuman har bir davlat ramzi men uchun nihoyatda muhim ahamiyat kasb etadi. Bugungi tadbirda bayrog‘imizning tarixi, undagi ranglar, tasvirlarning qanchalik chuqur g‘oya va mazmunga ega ekanligini bilib oldik.
Ishtirokchilar huquqiy bilim va malakalarini mustahkamlash barobarida o‘zlarini qiziqtirgan ko‘plab savollarga batafsil javob olishdi.
“O‘ztemiryo‘lnazorat” inspeksiyasi
Axborot xizmati