Temir yo‘l kesishmalaridagi xavfsizlikka barchamiz mas’ulmiz
Yo‘l-transport kommunikatsiyalari global tarmoqlar orqali integratsiyalashayotgan, barcha turdagi transport vositalarining tezligi ortib borayotgan davrda harakat xavfsizligini ta’minlash dolzarblik kasb etadi. Bu temir yo‘l transporti faoliyatini samarali tashkil etish uchun ham eng muhim omil hisoblanadi. “O‘ztemiryo‘lnazorat” inspeksiyasining Toshkent filiali xodimlari tomonidan bu borada zarur choralar ko‘rilayotganiga qaramay ayrim fuqarolarning huquqbuzarligi tufayli harakat xavfsizligiga putur yetyapti. O‘tkazilgan kuzatuvlar natijasida fuqarolarning temir yo‘ldan foydalanish qoidalarini juda qo‘pol ravishda buzishi, qolaversa, avtomobil haydovchilari tomonidan temir yo‘l kesishmasidan o‘tish qoidalariga rioya qilmaslik holatlari aniqlandi.
Aytish joizki, bugungi kunda Toshkent shahri, Toshkent, Sirdaryo. Jizzax viloyatlarida toifasi yuqori bo‘lgan qo‘riqlanuvchi temir yo‘l kesishmalaridagi shlagbaumlar boshqaruvi avtomatlashtirilgan. Bu esa haydovchilar bilan kesishma navbatchilari o‘rtasida tushunmovchilik keltirib chiqarmoqda. Ya’ni haydovchi yopiq holatdagi temir yo‘l kesishmasi oldida turar ekan, kesishma navbatchisidan poyezd hali uzoqdaligini aytib shlagbaumni ochishni noo‘rin talab qiladi, ba’zida u bilan ziddiyatga boradi. Vaholanki, ularning bu e’tirozi umuman o‘rinsiz, ushbu holat navbatchiga bog‘liq emas. Ya’ni poezd o‘z manzili tomon harakatni boshlashdan oldin bekat navbatchisi temir yo‘lni ochiq holatga keltiradi, bunda kompyuter orqali ogohlantiruvchi ishoralar beriladi. Temir yo‘l kesishmasida shu ishoralar berilganidan boshlab 15 soniya o‘tgach, avtoshlagbaum avtomatik tarzda yopiq holatga keladi.
Shu bilan birga, qo‘riqlanmaydigan temir yo‘l kesishmalaridan o‘tishda ham alohida ehtiyotkorlik talab etiladi. Kesishmada ogohlantiruvchi qo‘ng‘iroq va svetoforning miltirovchi qizil chirog‘i poyezd yaqinlashayotganligini, kesishmaga yaqinlashayotgan haydovchilar harakatni to‘xtatishlari lozimligini anglatadi.
O‘zbekiston Respublikasi ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining tegishli moddalari asosida temir yo‘llarda fuqarolarning beparvolik oqibatida sodir etgan qilmishlari va temir yo‘l transport tizimining benuqson harakatlanishiga keltirgan ziyonlari uchun jarimalar belgilangan. Ya’ni temir yo‘lni belgilanmagan joylardan kesib o‘tish, chorva mollarini haydab o‘tkazish, chorva mollarini temir yo‘l atrofida boqish kabi hatti-harakatlar, transport vositalari haydovchilarining kesishmadan o‘tish qoidalarini buzishi javobgarlikka sabab bo‘ladi. Achinarlisi, qoidabuzarlar moddiy javobgar bo‘lishdan tashqari, o‘zlari va o‘zgalar hayotiga ham xavf solishadi, turli ko‘ngilsizliklarga sabab bo‘lishadi.
Temir yo‘llarda poyezdlar harakati xavfsizligini ta’minlash barchamizning burchimizdir. Har birimiz qoidalarga amal qilgan holda, ergashtirishimiz lozim. Bu orqali inson uchun eng qadrli bo‘lgan sog‘lik va hayotimizni turli talofotlardan, ko‘ngilsizliklardan saqlab qolishimiz mumkin. Mutasaddi tashkilotlar vakillari esa mahallalarda, ta’lim muassasalarida temir yo‘ldan o‘tish, poyezdlar harakati xavfsizligiga tahdid soluvchi holatlarning oldini olish, yong‘in xavfsizigi qoidalariga amal qilish yuzasidan targ‘ibot ishlarini yanada kuchaytirishlari maqsadga muvofiq.
“O‘ztemiryo‘lnazorat” inspeksiyasi
Axborot xizmati