Keles shahrida tashkil etilgan seminar samarali bo‘ldi
Inspeksiyaning markaziy apparati va filiallari tomonidan profilaktik tadbirlar muntazam tashkil etilyapti. Jumladan, Toshkent filiali xodimlari o‘zlari faoliyat yuritadigan va nazorat tadbirlarini o‘tkazadigan hududning temir yo‘l o‘tgan tumanlarida seminar mashg‘ulotlarini manzilli davom ettirishmoqda. Navbatdagi targ‘ibot tadbiri Keles shahri 9-umumiy o‘rta taʼlim maktabida tuman IIB xodimlari bilan hamkorlikda o‘tkazildi.
Tadbirda fuqarolarimizni va poyezdlarni xavfsizligini taʼminlashga alohida eʼtibor qaratilayotganligi, bu borda temir yo‘lni belgilanmagan joyidan hamda bekatda turgan poyezd vagonlari ostidan yoki ustidan o‘tmaslik, temir yo‘l atrofida chorva mollarini boqmaslik, temir yo‘l inshootlaridagi texnik jihoz va vositalariga shikast yetkazmaslik lozimligi tushuntirildi. Shuningdek, temir yo‘llarda harakatdagi poyezdlarga osilish, poyezdlarining vagon oynalariga tosh otish, relslarga begona jismlarni qo‘yish oqibatlari va qonunchilikda belgilangan javobgarliklar to‘g‘risida maʼlum qilindi.
Temir yo‘l qoidalarini buzish hayot uchun naqadar xavfli ekani hamda temir yo‘llarga o‘rnatilgan elektr tarmoqlarida 27.000 volt kuchlanishdagi elektr toki mavjudligini inobatga olgan holda bu inson hayoti uchun qanchalik xatarli ekanligi tushuntirilib, so‘nggi paytlarda sodir bo‘lgan fojiaviy salbiy holatlarga batafsil to‘xtalib o‘tildi.
O‘zbekiston Respublikasi Maʼmuriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning tegishli moddalariga ko‘ra, temir yo‘l transportida sodir etilgan yuqoridagi kabi huquqbuzarliklar uchun eng kam oylik ish xaqining yigirmadan bir qismidan 15 baravarigacha miqdorda, shuningdek, mazkur kodeksining 47-moddasiga ko‘ra ota-onalar yoki ularning o‘rnini bosuvchi shaxslar tomonidan voyaga yetmagan bolalarini tarbiyalash va ularga taʼlim berish borasidagi majburiyatlarini bajarmaslik, shu jumladan, voyaga yetmagan bolalarning maʼmuriy huquqbuzarlik sodir etishiga olib kelishi eng kam oylik ish haqining ikkidan bir qismidan uch baravari miqdorida jarimalar belgilanganligini alohida taʼkidlab o‘tildi.
Tadbir so‘ngida o‘quvchilar o‘zlarini qiziqtirgan savollariga batafsil javob olishdi. Temir yo‘llarda baxtsiz hodisa va huquqbuzarliklarni oldini olish borasida profilaktik chora-tadbirlarni kuchaytirish va o‘quvchilarga muntazam ravishda bu borada eslatib o‘tish tavsiya etildi.
“O‘ztemiryo‘lnazorat” inspeksiyasi
Axborot xizmati