Yanvar oyida 660 ta profilaktik tadbirlar amalga oshirildi
“O‘ztemiryo‘lnazorat” inspeksiyasi temir yo‘l transporti sohasidagi harakat xavfsizligini taʼminlashga oid belgilangan qoida va normalarga rioya etilishi, shuningdek umumiy foydalanishdagi temir yo‘l transporti tashkilotlari va korxonalarida qozonxona obyektlari va ko‘tarish inshootlaridan xavfsiz foydalanishning nazoratini amalga oshiradi. Nazorat tadbirlari bilan birgalikda ehtimoliy xavfni oldini olish, temiryo‘lchilarning bilim va malakalarini mustahkamlash maqsadida profilaktik tadbirlarga ham alohida eʼtibor qaratiladi.
Joriy yilning yanvar oyida jami 660 ta profilaktik tadbirlar o‘tkazildi. Ushbu ko‘rsatkich o‘tgan yil bilan taqqoslaganda 262 taga ko‘p. Aynan shunday tadbirlardan navbatdagisi inspeksiyaning Ko‘tarma inshootlar, bug‘ qozonlari va idishlaridan xavfsiz foydalanishni nazorat qilish bo‘limi bosh inspektori Umar G‘oziyev tomonidan “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyatiga qarashli “O‘ztemiryo‘lmashtaʼmir” unitar korxonasida tashkil etildi. Unda mazkur korxonaning ko‘tarma inshootlardan foydalanuvchi va ularga texnik xizmat ko‘rsatuvchi xodimlari ishtirok etishdi.
Seminar mashg‘ulotida ko‘tarma inshootlarning tuzilishi, ularni bexatar ishlatish va texnik xizmat ko‘rsatish tartibi to‘g‘risida to‘xtalib o‘tildi. Ko‘tarma kranlardan foydalanishda baxtsiz hodisalarni oldini olish maqsadida texnika xavfsizligi qoidalariga va yo‘riqnomalarida ko‘rsatilgan ko‘rsatmalarga rioya etgan holda ishlatilishi tushuntirildi.
Sexlarda yuk ko‘tarish kranlarining xavfsiz ishlashini taʼminlash maqsadida texnik soz holati uchun Masʼul shaxslar korxona rahbari tomonidan tayinlanadi. Masʼul shaxslar tomonidan yuk ko‘tarish kranlarining texnik soz holatini muntazam ravishda nazorat olib borishi belgilangan. Yuk ko‘tarish kranlarini taʼmirlash, to‘liq texnik sinovdan o‘tkazish yillik rejalari tuzilishi, kran osti yo‘llarini, kranlarda yuklarni tushirishda va ortishda ishlatiladigan yuk ilgichlarni sozligini masʼul shaxslar tomonidan doimiy nazorat olib borilishi yuzasidan ishchi-xodimlarga tushuntirishlar berildi.
Seminarning ishtirokchilar uchun qiziqarliligi va taʼsirchanligini oshirish maqsadida videorolik namoyish etildi. Yuk ko‘tarish kranlarini harakatga keltirishda xizmat qiluvchi uzatma turlari, kran aravachasidagi mexanizmlar, elektr qurilmalari xavfsizlik uskunalari, ularning ishlash tartibi, tuzilishi va nosozliklar kelib chiqish sabablari va ularni bartaraf etish tushuntirildi. Tadbir davomida ishtirokchilardan tushgan savollarga asosli javoblar berildi. Shuningdek, ish davomida duch kelish mumkin bo‘lgan kutilmagan vaziyatlarda qanday yo‘l tutish lozimligi bo‘yicha kerakli tavsiyalar berildi.
“O‘ztemiryo‘lnazorat” inspeksiyasi
Axborot xizmati