Inspeksiyada yil yakunlari tahlil qilindi

 

 “O‘ztemiryo‘lnazorat” inspeksiyasi xodimlari tomonidan 2020 yilda amalga oshirilgan ishlar va 2021 yildagi ustuvor vazifalar to‘g‘risida yil yakunlariga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Tanqidiy ruhda bo‘lib o‘tgan tadbirda inspeksiya markaziy apparati bo‘limlari va filial boshliqlari hisoboti eshitildi.

2020 yilning 12 oyi davomida jami 89 ta korxona va tashkilotlarda tekshiruvlar o‘tkazilgan. Unda temir yo‘llarda tashishlar xavfsizligini taʼminlash bo‘yicha tashkiliy-texnik chora-tadbirlar, poyezdlar harakati xavfsizligini tartibga soluvchi normativ hujjatlarning mavjudligi, xodimlarning sifat tarkibi masalalariga alohida eʼtibor qaratildi. Tekshirishlar natijasida jami 7878 ta kamchiliklar aniqlangan.

Inspektorlar tekshirishlar bilan birgalikda profilaktik tadbirlarga ham alohida urg‘u berishdi. Mazkur tadbirlar ehtimoliy xavfni erta aniqlab, oldini olinishi bilan ham ahamiyatlidir.  Hisobot davrida “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyati, vazirlik va idoralarning temir yo‘llarida poyezdlar harakati xavfsizligini taʼminlashga qaratilgan 3910 ta profilaktika tadbirlari o‘tkazildi. Tadbirlarda faoliyati temir yo‘llarda tashish jarayoni bilan bog‘liq bo‘lgan 20720 nafar xodim ishtirok etdi.

Yuqori tezlikdagi Toshkent-Samarqand-Qarshi-Kitob, Maroqand-Buxoro uchastkalarida 2470 nafar xodim ishtirokidagi 784 ta seminar-yig‘ilish va profilaktika tadbirlari amalga oshirilgan.

Haydovchilarning temir yo‘l kesishmasida qoidalarga amal qilmasligi va shoshmashosharlikka yo‘l qo‘yishi natijasida poyezdlar va avtomobillarning to‘qnashuvi sodir bo‘lib, aksariyat holatda fojiali yakunlanmoqda. 2020 yil davomida temir yo‘l kesishmalarida harakatdagi tarkibning avtomashina bilan to‘qnashuvlari bo‘yicha 44 ta holat sodir bo‘lgan.  Mazkur vaziyatlarni oldini olish, haydovchi va temir yo‘l atrofida yashovchi aholini qoidalarga amal qilishga undash maqsadida inspeksiya rasmiy sayti va ommaviy axborot vositalarida 120 dan ortiq maqolalar eʼlon qilingan. 

“O‘ztemiryo‘lnazorat” inspeksiyasida korrupsiyaga qarshi kurashish va uni oldini olish, shuningdek “Kompleans nazorat” tizimini joriy etish maqsadida normativ hujjatlar o‘rnatilgan tartibda qabul qilinib, ijrosi nazoratga olindi.

Yig‘ilish davomida har bir xo‘jalik bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar tahlil qilindi va yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar bartaraf etishi yuzasidan kerakli ko‘rsatmalar berildi. Har bir xodim zimmasidagi vazifalarni sifatli va belgilangan muddatda amalga oshirishi va bu orqali samaradorlikni oshirishi lozimligi taʼkidlab o‘tildi.

 

O‘ztemiryo‘lnazorat” inspeksiyasi
Axborot xizmati