Inspeksiyada OAV xodimlari uchun press-tur tashkil etildi
Jamoatchilik va OAV xodimlarini “O‘ztemiryo‘lnazorat” inspeksiyasi faoliyati bilan yaqindan tanishtirish maqsadida tashkil etilgan press-tur 2020 yil 21 dekabr kuni soat 10.00 da inspeksiya markaziy apparatida boshlandi. Unda inspeksiya faoliyati, funksional vazifalari, vakolatlari to‘g‘risida axborot berildi. Maʼlumki, inspeksiya faoliyati O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 19 apreldagi “O‘zbekiston Respublikasi Transport vazirligi huzuridagi Temir yo‘llarda yuk va yo‘lovchilar tashish xavfsizligini nazorat qilish inspeksiyasi faoliyatini tashkil etish to‘g‘risida”gi 337-son qaroriga asosan tartibga solinadi.
Press-tur davomida OAV xodimlariga mazkur qaror mohiyati batafsil tushuntirilib, inspeksiya faoliyati yaqindan tanishtirib o‘tildi. Inspeksiyaning temir yo‘l transportida yuk va yo‘lovchilar tashish xavfsizligi taʼminlanishi yuzasidan davlat nazorati amalga oshirish sohasida vakolatli organni xabardor etish tartibidagi tekshiruvlar va profilaktika chora-tadbirlar, mazkur faoliyatlarni amalga oshirish mexanizmlari to‘g‘risida to‘xtalib o‘tildi.
Inspeksiya markaziy apparatida boshlangan press-tur “Salar” va “Yalang‘och” temir yo‘l bekatlari oralig‘idagi 3 kmda qo‘riqlanadigan temir yo‘l kesishmasida davom ettirildi. Unda inspektorlar tekshirishlar, profilaktik tadbirlarni qay tartibda amalga oshirishlarini amaliyotda ko‘rsatib, tushuntirish berishdi. Jumladan, yo‘l xo‘jaligi bo‘yicha temir izlar bo‘ylab defektoskop vositasida kamchiliklar qanday aniqlanishi ko‘rsatib berildi.
Shuningdek, jurnalistlarga temir yo‘l kesishmasida harakatlanish qoidalari, kesishma navbatchisining vazifalari tushuntirib o‘tildi. So‘nggi paytlarda kesishmalarda kuzatilayotgan poyezdlar va avtomobillarning to‘qnashuvlari sabablari tahlil qilinib, unda aynan avtomobil haydovchilarining qoidalarga rioya qilmasligi, shoshma-shosharligi sabab bo‘layotgani va mazkur holatlar odatda fojeali yakunlanayotganligi taʼkidlab o‘tildi.
Inson omili bilan yaʼni haydovchilarning eʼtiborsizligi va qoidalarni mensimasligi holatlari ko‘paygani va buni oldini olishda barcha birdek masʼuliyatni his qilishi lozimligi bildirildi.
Press-tur davomida OAV xodimlari o‘zlarini qiziqtirgan ko‘plab savollariga javob olishdi.
“O‘ztemiryo‘lnazorat” inspeksiyasi
Axborot xizmati