Idoralararo komissiya yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi
“Toshkent-Samarqand-Qarshi” yo‘nalishidagi yuqori tezlikdagi temir yo‘l uchastkalarida harakat xavfsizligini taʼminlashga oid chora-tadbirlar amalga oshirilishini tashkil etish va muvofiqlashtirish, shuningdek, nazorat qilish bo‘yicha Idoralararo komissiyasining navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Transport nazorati inspeksiyasi boshlig‘i J.Karimov raislik qilgan ushbu yig‘ilishda, Transport prokuraturasi, Transport IIB, “O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya, atrof muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi” “O‘zbekiston Respublikasi suv xo‘jaligi vazirligi”, Obodonlashtirish boshqarmasi, “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyatining tegishli boshqarmalari, “Temiryo‘linfratuzilma” AJ rahbariyati hamda “Toshkent mintaqaviy temir yo‘l uzeli” filiali rahbariyati hamda tegishli bo‘lim boshliqlari ishtirok etdi.
Yig‘ilishning dastlabki qismi, Toshkent janubiy temir yo‘l vokzalining majlislar zalida boshlandi. Inspeksiya boshlig‘i o‘rinbosari A.Abduraxmanov O‘zbekiston Respublikasi Transport vaziri tomonidan tasdiqlangan yuqori tezlikdagi temir yo‘l uchastkalarida harakat xavfsizligini taʼminlash, hududlarni obodonlashtirish, shaharsozlik talablariga muvofiqlashtirish bo‘yicha chora-tadbirlar rejasining ijrosini muhokama qildi.
Shundan so‘ng, Toshkent janubiy temir yo‘l vokzalidan harakatini boshlagan 126-diagnostika laboratoriyasi orqali “Toshkent-Samarqand-Qarshi” yo‘nalishidagi yuqori tezlikdagi poyezdlar harakatlanadigan temir yo‘l uchastkalarida harakat xavfsizligini taʼminlash borasida amalga oshirilgan ishlar, mavjud kamchiliklar ko‘zdan kechirildi.
Idoralararo komissiyaga yuklangan vazifalarni bajarish maqsadida yuqori tezlikdagi temir yo‘l uchastkalarida yuk va yo‘lovchilar tashish xavfsizligi holati tahlil qilindi hamda aniqlangan kamchiliklarni zudlik bilan bartaraf etish choralarini ko‘rish borasida mutasaddi rahbarlarga topshiriqlar berildi.
Yig‘ilishda ko‘rib chiqilgan masalalar yuzasidan idoralararo komissiya aʼzolari, xo‘jalik yurituvchi subyektlar, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat vakillari hamda huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlariga tavsiyalar berildi.
Transport nazorati inspeksiyasi
Axborot xizmati