Idoralararo komissiyaning navbatdagi sayyor yig‘ilish bo‘lib o‘tdi

“Toshkent-Samarqand-Buxoro” yuqori tezlikda harakatlanish temir yo‘l uchastkasida harakat xavfsizligini taʼminlash bo‘yicha Idoralararo komissiyaning galdagi sayyor yig‘ilishi oldin qabul qilingan qarorlar ijro etish holatini tahlil qilish bilan boshlandi. Yig‘ilishiga raislik qilgan “O‘ztemiryo‘lnazorat” inspeksiyasi boshlig‘i o‘rinbosari A.Abduraxmanov so‘zga chiqib, O‘zbekiston Respublikasi Transport vaziri tomonidan 2020 yil 7 dekabr kuni tasdiqlangan yuqori tezlikdagi temir yo‘l uchastkalarida harakat xavfsizligini taʼminlash, hududlarni obodonlashtirish, shaharsozlik talablariga muvofiqlashtirish bo‘yicha chora-tadbirlar rejasi hamda komissiyaning muqaddam qabul qilingan topshiriqlarning ijrosi bo‘yicha mutasaddi tashkilotlar va hokimliklar tomonidan maʼlumotlarni komissiyaga kiritishda sustkashlikka yo‘l qo‘yilganini taʼkidlab o‘tdi.

 Sayyor yig‘ilish kun tartibida qator masalalar yuzasidan  tashkilotlarning maʼlumotlari tinglandi. Jumladan, “Diqqat, to‘siq qurilmali temir yo‘l kesishmasi” 1.3. yo‘l belgilarini o‘rnatishda aniq muddatlarni belgilanganligi, belgilarni tayyorlashda korxonalar bilan shartnoma tuzilganligi Toshkent, Buxoro mintaqaviy temir yo‘l uzellari rahbariyati tomonidan aytib o‘tildi.

 Shuningdek, yuqori tezlikda harakatlanish temir yo‘l uchastkalarida temir yo‘lga yaqin maktablar va aholi ko‘p o‘tadigan o‘tish joylariga temir yo‘llarni xavfsiz kesib o‘tish to‘g‘risidagi bannerlarni o‘rnatish hamda Texnik va texnologik nazorat, Yuqori tezlikda harakatlanishni tashkillashtirish, Yo‘l xo‘jaligi, Elektrotaʼminot, Lokomotivlardan foydalanish, Signallashtirish va aloqa boshqarmalari tomonidan “Afrosiyob” elektropoyezdlari bilan kuzatuvlarni amalga oshirilayotganligi maʼlumotlari tinglandi.

 2021 yilning fevral va mart oylarida yo‘l o‘lchagich vagon laboratoriyasi aniqlagan kamchiliklarning bir qanchasini qayta takrorlanganligi tahlillarda namoyon bo‘layotganligini taʼkidlab o‘tildi. Shu va sayyor yig‘ilish davomida aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha tegishli tashkilotlar va hokimliklarga tavsiyalar berildi.

 

“O‘ztemiryo‘lnazorat” inspeksiyasi
Axborot xizmati