Farg‘ona filialida 531 marotaba profilaktik ishlar amalga oshirildi
“O‘ztemiryo‘lnazorat” inspeksiyasi Farg‘ona filiali tomonidan ortda qolgan 2019 – yil davomida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 - yil 27 - iyuldagi PF-5490 - sonli “Tadbirkorlik sub’ektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmonning 2 – ilovasi 23 – bandiga muvofiq vakolatli organni xabardor etish tartibida tekshiruvlarni amalga oshirib kelmoqda. Shuningdek, «O‘zbekiston temir yo‘llari» aksiyadorik jamiyati tassarrufidagi “Qo‘qon” mintaqaviy temir yo‘l uzeli unitar korxonasiga qarashli korxona va tashkilotlarda profilaktik ishlar va seminar yig‘ilishlari olib borildi. Stansiya, korxona va tashkilot muassasalarida olib borilgan 531 ta profilaktik tadbirlarida 2487 nafar ishchi xodimlar ishtirok etdi. Mazkur tadbirlar davomida aniqlangan kamchiliklar belgilangan muddatda to‘la-to‘kis bartaraf etildi.
Poytaxtimiz Toshkent shahri bilan Farg‘ona vodiysi viloyatlarini, shaharlarini, tumanlarini bir-biriga bog‘lovchi yangi zamonaviy elektrlashtirilgan “Angren-Pop” temir yo‘li ishga tushirildi. Har kuni ikki marotaba Andijon - Toshkent yo‘nalishi bo‘yicha, seshanba-juma kunlari Andijon-Buxoro, juma-yakshanba kunlari Andijon-Moskva, payshanba kunlari Andijon-Urgench yo‘nalishi bo‘yicha yo‘lovchi poyezdlari qatnovi hamda xalq xo‘jaligi yuklarini tashish uchun yuk poyezdlari yo‘lga qo‘yilgan va katta tezlikda uzluksiz harakat qilmoqda.
Hozirgi kunda Pop-Namangan-Andijon yo‘nalishi bo‘yicha yangi temir yo‘lini tubdan ta’mirlash va elektrlashtirish ishlari boshlab yuborildi. Namangan temir yo‘l vokzali yangidan zamonaviy ko‘rinishda qurilmoqda. Ushbu yo`lovchi va yuk tashish poyezdlari ayrim joylarda avtotransportlar yuradigan mahalliy va magistral yo‘llari bilan kesishadi. Temir yo‘llardagi o‘ta xavfli hududlardan biri bu temir yo‘l va avtomobil yo‘llari kesishgan joylar - kesishmalar hisoblanadi. Farg‘ona vodiysida, “Qo‘qon” mintaqaviy temir yo‘l uzeli hududida 146 ta temir yo‘l kesishmasi mavjud bo‘lib, undan 58 tasi qo‘riqlanadigan, 88 tasi qo‘riqlanmaydigan toifaga kiradi. Tashkilotlar, avtotransport haydovchilari, fuqarolar shaxsiy avtotransporti bilan temir yo‘l kesishmalaridan bamaylixotir va e’tiborsizlik bilan o‘tishi oqibatida Farg‘ona vodiysi temir yo‘l kesishmalarida o`tgan yili 8 ta ko‘ngilsiz voqealar - to‘qnashuvlar sodir bo‘ldi. Bu hodisalar asosan ba’zi bir haydovchilar tomonidan amaldagi qonun - qoidalarga rioya qilmasligi oqibatida kelib chiqmoqda.
Haydovchilar temir yo‘l kesishmalarida qoidalarga amal qilmasligi, kichik etiborsizlik yoki shoshma – shosharligi natijasida ayanchli oqibatlarga olib kelishi mumkinligini aslo unutmasliklari lozim.
M.Yusupov
“O‘ztemiryo‘lnazorat” inspeksiyasi
Farg‘ona filiali boshlig‘i