Buxorodagi tadbirda qonunchilik hujjatlari mazmun mohiyati tushuntirildi.
“O‘ztemiryo‘lnazorat” inspeksiyasi xodimlari Respublikamizning turli viloyatlarida shaxobcha temir yo‘liga ega bo‘lgan tadbirkorlik subyektlari va temir yo‘l transporti vakillari uchun seminarlar tashkil etib kelishyapti. Buxoro mintaqaviy temir uzelidagi uchrashuv ham qizg‘in va ochiq muloqot tarzida kechdi. Unda dastlab Transport sohasidagi so‘nggi qarorlar mazmun mohiyati haqida batafsil maʼlumot berildi, qarorlar mohiyati yig‘ilganlarga tushuntirildi.
Shuningdek, inspeksiya tomonidan 3 ta texnik reglament bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi qarori loyihasi ishlab chiqilgani va ushbu texnik reglamentlar tasdiqlangach, kutilayotgan o‘zgarishlar haqida to‘xtalib o‘tildi. Loyihalarning maqsadi - inson hayoti va sog‘lig‘ini, jismoniy va yuridik shaxslar, davlatning mol-mulkini himoyalash, atrof muhit, jonivorlar va o‘simliklar hayoti yoki sog‘ligini muhofaza qilish, shuningdek xaridorlar va isteʼmolchilarni (foydalanuvchilarni) uning vazifasi va xavfsizligiga nisbatan adashishiga olib keluvchi harakatlardan ogohlantirish maqsadida, harakatdagi temir yo‘l sostavi va uning tarkibiy qismlari, temir yo‘l infratuzilmasi va uning tarkibiy qismlari hamda elementlari xavfsizligiga loyihalash, ishlab chiqarish va modernizatsiya qilishda qo‘yiladigan yagona majburiy talablarni belgilashdan iborat.
Seminarda “O‘ztemiryo‘lnazorat” inspeksiyasining asosiy vazifalaridan bo‘lmish temir yo‘llarda harakat xavfsizligini taʼminlash, turli qoidabuzarliklarni oldini olish maqsadida amalga oshirilayotgan ishlar, galdagi vazifalar haqida so‘z yuritildi. O‘tgan va joriy yilning o‘tgan 3 oyidagi ko‘rsatkichlar, yutuq va kamchiliklar tahlil qilindi. Harakat xavfsizligini taʼminlashda yana nimalarga eʼtibor qaratish lozimligi bo‘yicha tushuntirishlar berildi.
Inspeksiyada korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha joriy etilgan “komplayens nazorat” tizimi va mazkur tizim to‘g‘risida batafsil maʼlumotlar berildi. Ushbu tizimning samarali ishlashi umuman korrupsiyaga qarshi kurashishda fuqarolarning ham bevosita ishtiroki lozimligi taʼkidlandi.
Tadbir ishtirokchilari va OAV xodimlari o‘zlarini qiziqtirgan ko‘plab savollarga javob olishdi.
“O‘ztemiryo‘lnazorat” inspeksiyasi
Axborot xizmati