Kesishmalarda ehtiyot bo‘ling!
Temir yo‘l bilan avtomobil yo‘lining kesishgan joylari, yaʼni temir yo‘l kesishmalari doimo xavfli hudud hisoblanadi. Shuni doimo esda tutish kerakki temir yo‘l kesishmalarida temir yo‘l transporti boshqa transport vositalariga qaraganda ustunlikka egadir va haydovchilardan alohida eʼtiborni talab qiladi. Agarda zaruriyat yuzasidan shoshilinch tormoz berib, poyezdni to‘xtatishga harakat qilinganda ham to‘xtash masofasi eng kamida 500-800 metrni tashkil qiladi.
Lekin amalda shunday bo‘lyaptimi? Qoidabuzar haydovchilar yo‘l kesishmalaridagi yaqinlashib kelayotgan poyezd haqidagi ogohlantirish belgilarini ko‘rib tursa ham yo‘lni kesib o‘tmoqchi bo‘lishadi. Oqibatda noxush hodisa - avtomobillar bilan poyezdlarning to‘qnashuvi yuz beradi. Ularning aksariyati mudhish oqibatlarga olib keladi. Bu to‘qnashuvlar oqibatida eng achinarlisi, har ikki transportga moddiy zarar yetadi, insonlar hayotdan erta ko‘z yumadi, qoidabuzar haydovchilar o‘zlarinigina emas, balki o‘zgalarning hayotiga ham zomin bo‘ladilar, ko‘plari og‘ir tan jarohati olib bir umrga nogiron bo‘lib qoladilar.
“O‘ztemiryo‘lnazorat” inspeksiyasi Orolbo‘yi filiali va “Qo‘ng‘irot” mintaqaviy temir yo‘l uzeli korxonalari tomonidan bunday xunuk hodisalarning oldini olish borasida qator tadbirlar, targ‘ibot ishlari amalga oshirilmoqda.
Shunga qaramasdan haydovchilar tomonidan temir yo‘l kesishmalaridan o‘tish qoidalarini qo‘pol ravishda buzganligi natijasida 2019 yil davomida 10 ta yo‘l transport hodisasi sodir etilgan bo‘lsa, joriy yilning ortda qolgan 5 oyi davomida 3 ta holatda poyezdlar avtomashinalar bilan to‘qnashish holati kuzatildi.
To‘qnashuvga asosan avtotransport haydovchilarining yo‘l harakati qoidalari talablarini qo‘pol ravishda buzib, kesishmaning harakatni taʼqiqlovchi qizil chirog‘iga rioya qilmay o‘zboshimchalik bilan to‘xtamasdan o‘tib ketmoqchi bo‘lganligi sabab bo‘lgan.
Yuqorida keltirilgan yo‘l transport hodisalarining oldini olish hamda yo‘l harakati xavfsizligini taʼminlash uchun barchamiz, birdek masʼulmiz. Bu kabi holatlarga yo‘l qo‘ymaslik uchun mutasaddilar muntazam ravishda temir yo‘l atrofida istiqomat qiluvchi aholi o‘rtasida, mahallalar va maktablarda suhbatlar o‘tkazishi, kichik eʼtiborsizlikning ayanchli oqibatlarini hayotiy misollar bilan tushuntirishlari lozim.
“O‘ztemiryo‘lnazorat” inspeksiyasi
Axborot xizmati