“Avtomobil yo‘llari to‘g‘risida”gi Qonun jamoatchilik muhokamasiga qo‘yildi
Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari portaliga “Avtomobil yo‘llari to‘g‘risida”gi Qonun loyihasi muhokamaga qo‘yildi. Yangi tahrirdagi “Avtomobil yo‘llari to‘g‘risida”gi Qonun 6 bob va 47 moddadan iborat.
Ushbu Qonunning maqsadi quyidagilardan iborat:
avtomobil yo‘llaridan foydalanuvchilar, avtomobil yo‘llari egalari va davlat manfaatlarini ko‘zlab avtomobil yo‘llari tarmog‘ini tashkil etish va ulardan foydalanish, yo‘l faoliyatini amalga oshirish asoslarini belgilab berish;
yo‘l xo‘jaligini takomillashtirish;
umumiy foydalanishdagi avtomobil yo‘llarining xavfsizligini va rivojlanishini ta’minlash, ularning texnik holatini yaxshilash;
yo‘l faoliyati sohasida ilg‘or texnologiyalar va standartlarni joriy etishni rag‘batlantirish;
yo‘l faoliyatini amalga oshirishda ishlar va (yoki) xizmatlar bozorida samarali va adolatli raqobatni ta’minlash;
magistral yo‘llardan foydalanish va yo‘l harakatini amalga oshirish sohasidagi investitsiya muhitini yaxshilash;
magistral yo‘llarning xalqaro transport tarmog‘iga integratsiyasini ta’minlash.
Transport nazorati inspeksiyasi
Axborot xizmati