Hashar – elga yarashar!

 

Har yili milliy bayramlarimizdan biri bo‘lmish Navro‘z ayyomi arafasida respublikamiz bo‘ylab umumxalq xayriya hashari tashkil etilishi va unda yoshu-qari birdek o‘z hissasini qo‘shishi yaxshi urfga aylangan. Zero, hashar qadriyatlarimiz, milliy anʼanalarimizning ajralmas qismi sanaladi.       

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining tegishli farmoyishiga muvofiq mamlakatimizda “Navro‘z” umumxalq bayramini nishonlashga munosib hozirlik ko‘rish maqsadida tashkil etilgan umumxalq hashari mamlakatimiz bo‘ylab davom etmoqda. Unda atrof muhitni obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish qatori qariyalar, imkoniyati cheklangan va yordamga muhtoj fuqarolar holidan xabar olinadi, ularga moddiy va maʼnaviy ko‘mak beriladi.

Ushbu ezgu tadbirlarga davlat va jamoat tashkilotlari, vazirlik hamda idoralar, korxona va muassasa xodimlari ham o‘zlarining munosib ulushlarini qo‘shishmoqda. Jumladan, O‘zbekiston Respublikasi Transport vazirligi huzuridagi “O‘ztemiryo‘lnazorat” inspeksiyasi va uning hududiy filiallarida ham umumxalq hashari katta xursandchilik bilan tashkil etilmoqda. Inspeksiyaning barcha xodimlari qatnashayotgan tadbir chin Navro‘z shukuhida, bahoriy kayfiyatida davom etmoqda.

Xodimlar zo‘r ishtiyoq bilan xona, yo‘lak va o‘zlariga tegishli hududlarni tozalab, barcha joyni saranjom-sarishta holatga keltirish bilan bog‘liq ishlarni olib borishmoqda. Zero, kunning asosiy qismi o‘tadigan xonalarni ozoda va saranjom tutish orqali yuqori mehnat samaradorligiga ham erishish mumkinligi ayni haqiqat.

 

 O‘ztemiryo‘lnazorat” inspeksiyasi
Axborot xizmati