Hashar – qadriyatlarimizning ajralmas qismi
Hashar – insonlarga mehr-oqibat, qariyalarga ehtirom ko‘rsatish kabi milliy qadriyatlarimizni va ezgu amallarni o‘zida mujassam etgan bebaho tarbiyaviy ahamiyat kasb etadigan xayrli tadbirdir. U o‘zaro mehr-oqibat rishtalarini, yoshlar qalbida ona Vatanga muhabbat tuyg‘ularini mustahkamlaydi. Har yili milliy bayramimiz bo‘lmish Navro‘z arafasida respublikamiz bo‘ylab umumxalq xayriya hashari tashkil etilishi va unda yoshu-qari birdek o‘z hissasini qo‘shishi yaxshi urfga aylangan.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining farmoyishiga asosan, joriy yil 14-15 mart kunlari mamlakatimiz bo‘ylab “Obod yurt“ umumxalq obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish xayriya hashari o‘tkaziladigan bo‘ldi. Unda atrof muhitni obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish qatori qariyalar, imkoniyati cheklangan va yordamga muhtoj fuqarolar holidan xabar olinadi, ularga moddiy va ma’naviy ko‘mak beriladi.
Ushbu ezgu tadbirlarga davlat va jamoat tashkilotlari, vazirlik hamda idoralar, korxona va muassasa xodimlari ham o‘zlarining munosib ulushlarini qo‘shishadi. Jumladan, O‘zbekiston Respublikasi Transport vazirligi huzuridagi “O‘ztemiryo‘lnazorat” inspeksiyasi va uning hududiy filiallarida ham umumxalq hashari katta xursandchilik bilan tashkil etildi.
Inspeksiyaning barcha xodimlari zo‘r ishtiyoq bilan xona, yo‘lak va o‘zlariga tegishli hududlarga yangicha qiyofa bag‘sh etishdi. Zero, kunning asosiy qismi o‘tadigan xonalarni ozoda va saranjom tutish orqali yuqori mehnat samaradorligiga ham erishish mumkinligi ayni haqiqat.
“O`ztemiryo`lnazorat” inspeksiyasi
Axborot xizmati