Qashqadaryo filialida qator seminarlar tashkil etildi

Katta hajmdagi yuklarni tashish, fuqarolarga xavfsiz va sifatli transport xizmati ko‘rsatishda temir yo‘llar muhim ahamiyatga ega. Shu bois harakat xavfsizligini ta’minlash dolzarb ahamiyat kasb etadi.

Jumladan, temir yo‘l kesishmalari avtotransport vositalari va piyodalar temir yo‘ldan o‘tishlari uchun xavfsiz va qulay bo‘lishi, doimo ishchi holatda saqlanishi nazoratda bo‘lishi lozim. Inspeksiyaning Qashqadaryo filiali hududidagi stansiyalar va o‘zining temir yo‘l shaxobchalariga ega bo‘lgan korxonalarda, poyezdlar harakati xavfsizligini ta’minlash maqsadida joriy yil boshidan buyon    10 dan ortiq seminarlar o‘tkazildi. Temiryo‘lchilarning bilimlarini mustahkamlashga qaratilgan tadbirlarda 170 nafardan ortiq xodimlar ishtirok etishdi. Shundan 7 ta seminar o‘zining shaxobcha temir yo‘liga ega bo‘lgan tadbirkorlik sub’eklarida o‘tkazilgan bo‘lib, xo‘jaliklar bo‘yicha tushuntirish ishlari olib borildi.

Bunday seminarlarning o‘tkazishdan ko‘zlangan asosiy maqsad temir yo‘llarda harakat xavfsizligi buzilishini oldini olish va qoidalarga rioya qilinishiga erishishdan iboratdir.

Fevral oyida “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyati, Harbiylashtirilgan qo‘riqlash xizmati boshqarmasi bilan birgalikda temir yo‘l atrofida istiqomat qiluvchi 6 ta mahalla va 5 ta o‘quv maskanlarida aholi o‘rtasida temir yo‘l atrofida chorva mollarini qarovsiz holda qoldirilishi, yosh bolalar tomonidan poyezdlar g‘ildiragi ostiga tosh tashlanishi, vagon derazalariga turli buyumlar uloqtirilishi hollariga yo‘l qo‘ymaslik borasida tyshuntirish ishlari o‘tkazildi. Temir yo‘l sohasi rivojiga katta e’tibor berilayotgan bir vaqtda bunday salbiy holatlarning uchrab turgani kishi ta’bini buzmasdan qolmaydi. Shuning uchun temir yo‘l hududi atrofidagi mahalalar oqsoqollari, faollari va mutasaddi tashkilot xodimlari tomonidan aholi o‘rtasida tushuntirish ishlarini kuchaytirilishi, ularni qat’iy tartib - intizomga chaqirish foydadan xoli bo‘lmas edi.

 

Olim Qurbonazarov

“O‘ztemiryo‘lnazorat” inspeksiyasi

Qashqadaryo filiali boshlig‘i