Harakat xavfsizligini ta’minlashda barchamiz mas`ulmiz

 

Temir yo‘l transporti mamlakatimizning muhim tarmoqlaridan sanaladi.  Hamyurtlarimiz va xorijlik mehmonlarning uzog‘ini yaqin qilish bilan birgalikda, investitsiyaviy jozibadorlikni oshirishda ham alohida ahamiyat kasb etadi. Bunda harakat xavfsizligini ta’minlash, yuk va yo‘lovchilarni manzillariga xavf xatarsiz yetkazish muhim. “O‘ztemiryo‘lnazorat” inspeksiyasi Qashqadaryo filiali хodimlari temir yo‘l transporti harakati xavfsizligini qolgan filiallar qatori doimiy nazorat qilib kelishmoqda. Raqamlarga e’tibor qaratadigan bo‘lsak, 2019 - yil davomida filial xodimlari tomonidan 3700 nafardan ziyod fuqarolar ishtirokida 735 marotaba profilaktik tadbirlar o‘tkazilgan.

Harakat xavfsizligini nazorat qilish va ehtimoliy xavflarni oldini olish maqsadidagi profilaktik tadbirlar joriy yil yanvar oyida ham muvaffaqiyatli davom ettirilmoqda. Filial inspektorlari tomonidan Qashqadaryo temir yo‘l ta’mirlash korxonasiga qarashli 11 ta qo‘riqlanmaydigan va 11 ta qo‘riqlanadigan temir yo‘l kesishmalariga yaqin hududdagi ta’lim muassasalarida hamda mahallalarda aholi o‘rtasida tushuntirish ishlari olib borildi. Unda Qarshi-Samarqand yo‘nalishida chorva mollari qarovsiz holda qoldirilishi, yosh bolalar tomonidan poyezdlar g‘ildiragi ostiga turli buyumlar qo‘yilishi, vagonlarga tosh uloqtirish hollariga yo‘l qo‘ymaslik haqida tushuntirish ishlari o‘tkazildi.

Afsuski, temir yo‘l sohasi rivojiga katta e’tibor berilayotgan bir paytda kesishmalar yaqiniga chiqindilarni tashlab ketish, temir yo‘l izlari ustiga tosh ko‘yish va vagonlarga tosh uloqtirish kabi salbiy holatlar hamon uchrab turibdi. Temir yo‘l atrofida sodir etiladigan har qanday qoidabuzarlik kun kelib ayanchli oqibatlarga olib kelishi mumkinligini ham aslo esdan chiqarmaslik kerak.

 

O.Qurbonazarov
“O‘ztemiryo‘lnazorat” inspeksiyasi
Qashqadaryo filiali boshlig‘i