YO‘LOVCHI TASHUVLARI SOHASI QONUNIYLIKNI TA’MINLASH DOIMIY NAZORATDA
Yo‘lovchilarga xavfsiz va sifatli transport xizmatlari ko‘rsatishni tashkil etish, yo‘lovchi tashuvlarini litsenziya va boshqa ruxsat beruvchi hujjatlar asosida amalga oshirilishini ta’minlash maqsadida Transport vazirligi huzuridagi Transport nazorati inspeksiyasi tomonidan hududlarda muntazam ravishda nazorat-reyd tadbirlari olib boriladi.
Yo‘lovchi tashishga qo‘yilgan talablar ijrosi hamda sohada qonun ustuvorligini ta’minlash, aholiga yo‘nalishli taksi xizmatlarini ko‘rsatayotgan korxonalar tomonidan tender talab shartlarining bajarilish holatining doimiy nazoratini ta’minlash orqali sohada qonuniy faoliyat olib borayotgan tadbirkorlar manfaati himoya qilib kelinmoqda.
So‘nggi kunlarda ijtimoiy tarmoqlar hamda YouTube dagi turli kanallarda “Farg‘ona–Marg‘ilon” yo‘nalishli taksi yo‘nalishida tender g‘olibi bo‘lgan “Shodlik Qirguli Avto” mas’uliyati cheklangan jamiyatining qonuniy manfaatlarini ta’minlash bo‘yicha murojaatlari e’tiborsiz qoldirilayotganligi to‘g‘risidagi asossiz ma’lumotlar tarqatilmoqda.
Mazkur masala yuzasidan Transport nazorati inspeksiyasi quyidagilarni ma’lum qiladi.
Yo‘lovchi tashishga qo‘yilgan talablar ijrosi hamda sohada qonun ustuvorligini ta’minlash maqsadida vazirlik huzuridagi Transport nazorati inspeksiyasi Avtomobil va suv transportida nazorat Farg‘ona viloyati hududiy bo‘limi tomonidan 2024-yil davomida Farg‘ona viloyati Farg‘ona hamda Marg‘ilon shahridagi yo‘lovchi tashuvchi yo‘nalishlarda IIB YHXB xodimlari bilan hamkorlikda jami 187 marta qo‘shma-reyd tadbirlari olib borilgan.
Reyd tadbirlari jarayonida litsenziya varaqasiz aholiga pullik transport xizmati ko‘rsatib kelayotgan avtotransport vositalari hamda litsenziya talab shartlarini buzayotgan haydovchilarga asosiy e’tibor qaratilib, 7522 dan ortiq avtotransport vositalari to‘xtatilib, tegishli hujjatlari o‘rganilganda 3775 ta holatda noqonuniy ravishda faoliyat olib borilayotganligi aniqlangan.
Mazkur avtotransport vositalari haydovchilariga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi MJtKning 1763-moddasi asosida 3724 ta, MJtKning 1351-moddasi asosida 29 ta hamda MJtKning 165-moddasi bo‘yicha 22 ta ma’muriy bayonnomalar rasmiylashtirilib, tegishli tartibda ko‘rib chiqish uchun sud organlariga yuborilgan.
Qolaversa, “Farg‘ona – Marg‘ilon” yo‘nalishli taksi yo‘nalishida tender hujjatlarsiz faoliyat olib borayotgan avtotransport vositalariga nisbatan ta’sir choralari ko‘rilishni ta’minlash bo‘yicha “Shodlik Qirguli Avto” MCHJning 2024-yilda Transport vazirligiga 4 ta hamda Transport nazorati inspeksiyasiga jami 38 ta murojaat kelib tushgan. Yo‘llangan murojaatlarining 20 tasi “Farg‘ona-Marg‘ilon” yo‘nalishli taksi yo‘nalishida reyd tadbirlarini olib borishlari yuzasidan bo‘lgan.
Holat bo‘yicha murojaatda ko‘rsatilgan aynan “Farg‘ona–Marg‘ilon” yo‘nalishida Transport nazorat inspeksiyasining avtomobil va suv transportida nazorat Farg‘ona viloyati hududiy bo‘limi hamda viloyat IIB YHXB xodimlari tomonidan 30 dan ziyod reyd tadbirlari o‘tkazilgan.
Ushbu reyd tadbirlari jarayonida litsenziya varaqasiz aholiga pullik transport xizmati ko‘rsatib kelayotgan avtotransport vositalari hamda litsenziya talab shartlarini buzayotgan haydovchilarga asosiy e’tibor qaratilib, 505 dan ortiq avtotransport vositalari to‘xtatilib, tegishli hujjatlari tekshirib ko‘rilganda 160 ta holatda noqonuniy ravishda faoliyat olib borilayotganligi aniqlangan.
Mazkur avtotransport vositalari haydovchilariga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi MJtKning 1763-moddasi asosida 132 ta, MJtKning 1351-moddasi asosida 29 ta hamda MJtKning 165-moddasi bo‘yicha 5 ta ma’muriy bayonnomalar rasmiylashtirilib, tegishli tartibda ko‘rib chiqish uchun sud organlariga yuborildi.
Shuningdek, jamiyat tomonidan 2024-yil 8 va 19-avgustda “Farg‘ona–Marg‘ilon” yo‘nalishli taksi yo‘nalishida tender hujjatlarsiz faoliyat olib borayotgan MChJlarga nisbatan tekshiruv o‘tkazib berishni so‘rab murojaat yo‘llagan. Murojaatga asosan Transport nazorati inspeksiyasi Avtomobil va suv transportida nazorat Farg‘ona viloyati hududiy bo‘limi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vakilga 4 marotaba murojaatda ko‘rsatilgan tadbirkorlik subyektlari faoliyatini tekshirish yuzasidan buyurtma kiritilgan bo‘lib, faqat bitta holatda tekshirish o‘tkazishga ruxsat berilgan.
Avtomobil va suv transportida nazorat Farg‘ona viloyati hududiy bo‘limi tomonidan 2024-yil 27-avgustdagi tegishli buyruqqa asosan “AVTORITET CITY ROAD ASR” MChJda aholiga transport xizmati ko‘rsatishning amaldagi qonunchilikka rioya qilinishi bo‘yicha tekshirish o‘tkazilgan. O‘tkazilgan tekshiruvga asosan tadbirkorlik subyektiga nisbatan O‘RQ-701-sonli Qonunining 4-ilovasining 2-qismi 6-bandida belgilangan qonun buzilishini sodir etgan huquqbuzarligi uchun bazaviy hisoblash miqdorining 100 (yuz) baravari miqdorida jarima chorasi qo‘llanilgan.
Shu o‘rinda ommaviy axborot vositalari vakillari, blogerlar va ijtimoiy tarmoq faollaridan biror bir masalani yoritishda xolislikka alohida e’tibor qaratishlari zarurligini ta’kidlab o‘tmoqchimiz. Zero, tuhmat, haqorat davlat tashkilotlarini obro‘sizlantirish, asoslanmagan ma’lumotlarni tarqatish O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligiga ko‘ra tegishli javobgarlikka sabab bo‘ladi.