Temir yo`l kesishmalaridagi holatlar muhokama qilindi
Temir yo‘l kesishmalari xavfi yuqori bo‘lgan hudud bo‘lib, kesishmalardan o‘tishda haydovchilar va yo‘lovchilardan hushyorlikni, qoidalarga qat’iy amal qilishni talab etadi. Ammo aksariyat hollarda haydovchilarning shoshma-shosharligi, qoidalarga befarq munosabatda bo‘lishi insonlar hayoti va sog‘lig‘iga jiddiy xavf solib, og‘ir oqibatlarga olib kelmoqda. Fojialarning tahlili deyarli barcha holatlarda haydovchilar aybi bilan sodir bo‘lganligini ko‘rsatib turibdi.
Transport nazorati inspeksiyasi rahbariyati tashabbusi bilan “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyati, IIV Transport va turizm ob’ektlarida xavfsizlikni ta’minlash departamenti, Toshkent davlat Transport universiteti hamda inspeksiya mas’ul xodimlari ishtirokida davra suhbati tashkil etildi. Tadbirda temir yo‘l kesishmalarida xavfsizlikni ta’minlash, baxtsiz holatlarni oldini olishga qaratilgan takliflar ilmiy yondashuv bilan tahlil qilindi.
Temir yo‘l kesishmalarida harakat xavfsizligini nazorat qilish va boshqarish tizimini takomillashtirish bo‘yicha takliflar taqdimot tarzida ochib berildi. Shuningdek, so‘nggi 5 yil ichida temir yo‘l kesishmalarida sodir bo‘lgan baxtsiz hodisalar va ularning kelib chiqish omillari tahlili qilindi. Yig‘ilish ishtirokchilari o‘z taklif va mulahazalari bilan o‘rtoqlashishdi. Kesishmalardagi baxtsiz hodisalarni bartaraf etish yuzasidan bildirilgan fikr-mulohazalarni takomillashtirish va bosqichma-bosqich hayotda tadbiq etish borasida kelishib olindi.
Transport nazorati inspeksiyasi
Axborot xizmati