Idoralararo komissiyaning navbatdagi sayyor yig‘ilishi
So‘nggi yillarda respublikamizda temir yo‘l transporti va temir yo‘l transporti kommunikatsiyalarini rivojlantirish, poyezdlar xavfsizligini ta’minlash, temir yo‘l transportdagi boshqaruv tizimini yaxshilashga yo‘naltirilgan tadbirlar amalga oshirib kelinmoqda.
Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 8-maydagi 387-sonli qaror bilan Yuqori tezlikdagi temir yo‘l uchastkalarida harakat xavfsizligini ta’minlashga oid chora-tadbirlar amalga oshirilishini tashkil etish va muvofiqlashtirish, shuningdek, nazorat qilish bo‘yicha Idoralararo komissiya tashkil qilingan. Mazkur qaror ijrosini ta’minlash maqsadida joriy yilning 27-sentabr kuni “Toshkent-Samarqand-Qarshi” yuqori tezlikda harakatlanish temir yo‘l uchastkasida Yuqori tezlikdagi temir yo‘l uchastkalarida harakat xavfsizligini ta’minlashga oid chora-tadbirlar amalga oshirilishini tashkil etish va muvofiqlashtirish, shuningdek, nazorat qilish bo‘yicha Idoralararo komissiyasining navbatdagi sayyor yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Ma’muriy islohotlar doirasida transport sohasida davlat boshqaruvini samarali tashkil qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 2023-yil 14-iyundagi PF-94-son Farmoni qabul qilindi, farmon bilan Transport vazirligi huzurida Transport nazorati inspeksiyasi tashkil etildi.
Yig‘ilishga raislik qilgan Transport nazorat inspeksiyasining vakili A.Abduraxmanov tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Transport vaziri tomonidan tasdiqlangan yuqori tezlikdagi temir yo‘l uchastkalarida harakat xavfsizligini ta’minlash, hududlarni obodonlashtirish, shaharsozlik talablariga muvofiqlashtirish bo‘yicha chora-tadbirlar rejasining ijrosi muhokama qilindi. Idoralararo komissiyaga yuklangan vazifalarni bajarish maqsadida yuqori tezlikdagi temir yo‘l uchastkalarida yuk va yo‘lovchilar tashish xavfsizligi holati tahlil qilindi hamda yuk va yo‘lovchilar tashish xavfsizligiga xavf soluvchi qoidabuzarliklar o‘rganilib, aniqlangan kamchiliklarning oldini olish va bartaraf etish choralari ko‘rib chiqildi.
Shuningdek, yuqori tezlikdagi temir yo‘l uchastkalarida jamoat tartibini ta’minlashni nazorat qilish chora-tadbirlari amalga oshirilishi bo‘yicha bajarilgan ishlar o‘rganildi. Shu bilan birga temir yo‘lga tutash hududlarni obodonlashtirish, bino va inshootlarni shaharsozlik talablari asosida ta’mirlash, tartibga keltirish, temir yo‘l bo‘ylab daraxt ko‘chatlarini ekish kabi masalalar muhokama qilindi.
Bundan tashqari, temir yo‘l uchastkalariga yaqin joylashgan aholi punktlari, o‘quv muassasalari va tashkilotlarda profilaktika va tushuntirish ishlari olib borilishi hamda odamlarning hayoti va salomatligini, temir yo‘l transporti infratuzilmasi va ob’ektlari butligini saqlash maqsadida xavfsizlikni ta’minlash bo‘yicha ko‘rilayotgan chora-tadbirlarni amalga oshirish jarayoni va natijalari ommaviy axborot vositalarida muntazam yoritib borilishi o‘rganildi. Yig‘ilishda ko‘rib chiqilgan masalalar yuzasidan Idoralararo komissiya a’zolari, xo‘jalik yurituvchi sub’ektlar, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari va huquqni muhofaza qiluvchi organlariga tavsiyalar berildi.
Transport nazorati
inspeksiyasi