Harakat xavfsizligini taʼminlashga oid chora-tadbirlar
Maʼlumki, Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 8-maydagi 387-sonli qaror bilan tashkil qilingan Idoralararo komissiyaning asosiy vazifalari, funksiyalari, huquqlari, javobgarligi, faoliyatini tashkil etish va hisobot berish tartibi belgilangan.
Mazkur qaror ijrosini taʼminlash maqsadida joriy yilning 26-iyul kuni “Toshkent-Samarqand-Qarshi” yuqori tezlikda harakatlanish temir yo‘l uchastkasida Idoralararo komissiyaning navbatdagi sayyor yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Yig‘ilishga raislik qilgan “O‘ztemiryo‘lnazorat” inspeksiyasi boshlig‘i o‘rinbosari A.Abduraxmanov tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Transport vaziri tomonidan tasdiqlangan yuqori tezlikdagi temir yo‘l uchastkalarida harakat xavfsizligini taʼminlash, hududlarni obodonlashtirish, shaharsozlik talablariga muvofiqlashtirish bo‘yicha chora-tadbirlar rejasining ijrosi muhokama qilindi.
Idoralararo komissiyaga yuklangan vazifalarni bajarish maqsadida yuqori tezlikdagi temir yo‘l uchastkalarida yuk va yo‘lovchilar tashish xavfsizligi holati tahlil qilindi hamda yuk va yo‘lovchilar tashish xavfsizligiga xavf soluvchi qoidabuzarliklar o‘rganilib, aniqlangan kamchiliklarning oldini olish va bartaraf etish choralari ko‘rib chiqildi.
Shuningdek, yuqori tezlikdagi temir yo‘l uchastkalarida jamoat tartibini taʼminlashni nazorat qilish chora-tadbirlari amalga oshirilishi bo‘yicha bajarilgan ishlar o‘rganildi.
Shu bilan birga temir yo‘lga tutash hududlarni obodonlashtirish, bino va inshootlarni shaharsozlik talablari asosida taʼmirlash, tartibga keltirish, temir yo‘l bo‘ylab daraxt ko‘chatlarini ekish kabi masalalar muhokama qilindi.
Bundan tashqari, temir yo‘l uchastkalariga yaqin joylashgan aholi punktlari, o‘quv muassasalari va tashkilotlarda profilaktika va tushuntirish ishlari olib borilishi hamda odamlarning hayoti va salomatligini, temir yo‘l transporti infratuzilmasi va obyektlari butligini saqlash maqsadida xavfsizlikni taʼminlash bo‘yicha ko‘rilayotgan chora-tadbirlarni amalga oshirish jarayoni va natijalari ommaviy axborot vositalarida muntazam yoritib borilishi o‘rganildi.
Yig‘ilishda ko‘rib chiqilgan masalalar yuzasidan Idoralararo komissiya aʼzolari, xo‘jalik yurituvchi subyektlar, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari va huquqni muhofaza qiluvchi organlarga tavsiyalar berildi.
“O‘ztemiryo‘lnazorat” inspeksiyasi