Diqqat! Temir yo‘l kesishmasi

So‘ngi yillarda “O‘ztemiryo‘lnazorat” inspeksiyasi va “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyati xodimlari tomonidan temir yo‘llarda harakat xavfsizligini ta’minlash, yuk va yo‘lovchi tashishlarni xavfsiz amalga oshirish, ayniqsa, temir yo‘l va avtomobil yo‘llari kesishmalarida harakat xavfsizligi qoidalariga amal qilinishini ta’minlash borasida qator chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.

Xususan, bugungi kunda jadallik bilan rivojlanayotgan sohalardan biri bu temir yo‘l ekanligi hech kimga sir emas. Temir izlar turli shahar va viloyatlarni bir-biriga bog‘lash orqali ko‘plab sohalar rivojiga va aholining uzog‘ini yaqin qilishga zamin yaratmoqda. Temir yo‘llar aholi yashaydigan hududda tez-tez avtomobil yo‘llari bilan kesishadi.

Shu sababdan mutaxassislar tomonidan poyezdlar harakati xavfsizligini ta’minlash maqsadida nafaqat shaharlarda, balki tumanlarda, chekka-chekka hududlardagi temir yo‘l va avtomobil yo‘llari kesishgan maskanlarda zamonaviy, so‘nggi rusumdagi avtomatlashtirilgan ko‘tariluvchi to‘siqlar, taqiqlovchi va ogohlantiruvchi chiroqlar hamda belgilar o‘rnatilgan. Biroq shunga qaramay, ayrim haydovchilar tomonidan kesishmalarda harakat xavfsizligi qo‘pol ravishda buzilishi oqibatida temir yo‘l infratuzilmasiga moddiy ziyon yetmoqda.

Ayrim haydovchilar yo‘l kesishmalaridagi yaqinlashib kelayotgan poyezd haqidagi ogohlantirish belgilarini ko‘rib tursa ham yo‘lni kesib o‘tmoqchi bo‘lishadi. Oqibatlari esa barchaga ma’lum. Buning oqibatida insonlar tan jarohati olishi, ba’zan erta hayotdan ko‘z yumishiga olib kelmoqda hamda har ikki transportlarga ham ma’lum darajada moddiy zararlar ko‘rmoqda.

Ma’lumki, katta tezlikda kelayotgan poyezd favqulodda to‘xtashi uchun eng kamida 800-1000 metr, yuqori tezlikda harakatlanuvchi lokomotivlar uchun esa undan ham ko‘proq masofa talab etiladi. Ushbu holat kesishmalarda haydovchilar hushyorlikni yanada orttirib, barcha qoidalarga amal qilishlari lozimligini talab etadi.

Yo‘l kesishmalaridagi to‘qnashuvlarning oldini olish maqsadida “O‘ztemiryo‘lnazorat” inspeksiyasi Toshkent hududiy sho‘basi bosh inspektorlari tomonidan muntazam ravishda o‘z temir yo‘liga ega sanoat korxonalarida, xususiy avtomobil egalari orasida hamda temir yo‘l yaqinida yashovchi avtomobil transporti bor aholilar o‘rtasida, maktab va mahallalarda, haydovchilar tayyorlash o‘quv maskanlarida bu borada suhbatlar o‘tkazib kelinmoqda.

Shuningdek, Temir yo‘l kesishmalarida xavfsizlik borasida har yili bahorgi va kuzgi ko‘riklar Toshkent viloyati avtomobil yo‘llari bosh boshqarmasi xodimlari, Toshkent viloyati IIB YHX YINQB bo‘lim xodimlari hamda Temir yo‘l mas’ul xodimlar ishtirokida amalga oshirilishi yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, 2023-yilning bahor mavsumida ham ko‘riklar o‘z vaqtida amalga oshirildi va mas’ul xodimlarga kerakli ko‘rsatmalar berildi.  Temir yul kesishmalari temir yo‘ldagi yuqori xavfli hudud. Buni barcha yodda tutishi kerak.

 “O‘ztemiryo‘lnazorat” inspeksiyasi
Toshkent hududiy sho‘basi