Inspeksiya tomonidan 2022-yilda amalga oshirilgan ishlar
“O‘ztemiryo‘lnazorat” inspeksiyasi tomonidan 2022-yil davomida 218 ta tekshiruv o‘tkazish belgilangan bo‘lib, amalda 220 ta tekshiruvlar amalga oshirilgan.
Tekshiruvlar jarayonida 19635 ta temir yo‘l transportida harakat xavfsizligini ta’minlash sohasidagi normativ-huquqiy hujjatlar hamda texnik jihatdan tartibga solishga oid normativ hujjatlar talablari buzilganligi aniqlangan bo‘lib, shundan, harakat xavfsizligiga tahdid soluvchi kamchiliklar 8173 tani tashkil etadi.
Xususan, yakunlangan yil davomida nosozligi yoki foydalanish muddati o‘tganligi (ma’nan va jismonan eskirganligi) sababli 1509 ta temir yo‘llar, 281 ta lokomotiv, 1589 ta yuk va yo‘lovchi vagonlar foydalanishdan to‘xtatilgan.
Tekshirish natijalari bo‘yicha aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan tadbirkorlik sub’ektlariga taqiqlovchi choralarni belgilovchi, bajarilishi majburiy bo‘lgan 220 ta ko‘rsatmalar berilgan.
2022-yilda Inspeksiya tomonidan berilgan ko‘rsatmalardagi jami 8173 ta kamchilikdan 7520 ta kamchiliklar bartaraf etilishi ta’minlangan.
Bugungi kunda 653 ta qoidabuzilishlarning bartaraf etilishi Inspeksiya tomonidan nazoratga olingan.
Bartaraf etilmagan kamchiliklar yuzasidan inspeksiya tomonidan huquqiy ta’sir chorasi qo‘llash to‘g‘risida iqtisodiy sudga 7 ta davo arizasi kiritilgan.
Inspeksiya tomonidan aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan berilgan ko‘rsatmalarga asosan idoraviy tegishli korxona va tashkilotlarning shoxobcha temir yo‘llarida (“O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyatidan tashqari) quyidagi o‘zgarish va ijobiy natijalarga erishilgan:
71,027 km temir yo‘l kapital ta’mirlangan;
57 komplekt strelkali o‘tkazgichlar almashtirilgan;
1269 dona vagon kapital ta’mirlangan;
8 dona yangi vagon xarid qilingan;
50 dona lokomotiv kapital ta’mirlangan;
16598 dona shpal va bruslar hamda 5,3 km rels almashtirilgan.
Inspeksiya tomonidan amalga oshirilgan nazorat tadbirlari natijasida temir yo‘l transportida “inson omili”ning salbiy ta’sirini kamayishiga erishilmoqda.
2022-yilda temir yo‘lda tashishlar xavfsizligi buzilishlari holatlarining 28 foizi (18 ta holat) “inson omili”ning salbiy ta’siri bilan bog‘liq bo‘lib, mazkur ko‘rsatkich 2020-yilda 47 foizni (18 ta holat), 2021 yil 34 foizni (23 ta holat) tashkil etgan.
Temir yo‘l transportida harakat xavfsizligi buzilishlarini tasniflash, xizmat tekshiruvini olib borish va hisobga olishda qonun hujjatlariga rioya qilinishi muntazam o‘rganib borildi va 9 ta holatda “Temir yo‘l transporti hamda metropolitenda harakat va tashishlar xavfsizligi talablarining buzilishi bilan bog‘liq hodisalarni tasniflash, xizmat tekshiruvini olib borish va hisobga olish tartibi to‘g‘risidagi nizom” talablarining buzilishi (hisobga olmaslik)ga yo‘l qo‘yilganligi aniqlanib, tegishli materiallar Transport prokuraturasiga taqdim etildi.
Natijada 5 ta holatning to‘liq hisobga olinishi hamda Nizom talablarini buzilishiga yo‘l qo‘ygan shaxslarga nisbatan tegishli choralar ko‘rilishi ta’minlandi, 4 ta holat Transport prokuraturasi tomonidan ko‘rib chiqilmoqda.
Hisobot davrida inspeksiya tomonidan temir yo‘l transporti xavfsizligini ta’minlash va texnik vositalarning ishonchliligini oshirishga qaratilgan jami 1800 ta profilaktik tadbirlar o‘tkazish belgilangan bo‘lib, Amalda 2467 ta profilaktika tadbirlari o‘tkazilgan.
Profilaktika tadbirlarida jami 19250 nafar temir yo‘l tashuvlari bilan bevosita bog‘liq ishchi xodimlar ishtirok etgan va ular bilan tushuntirish ishlari olib borilgan.
Inspeksiyaning markaziy apparati va hududiy filiallari tomonidan temir yo‘llarda tashishlar xavfsizligini ta’minlash va temir yo‘l kesishmalarida poezdlar harakat xavfsizligi buzishlarining oldini olish mavzusida o‘tgan yil davomida ommaviy axborot vositalarida jami 155 ta chiqishlar tashkil etildi, 8 marotaba OAV xodimlari uchun brifinglar o‘tkazildi.
Inspeksiya tomonidan 2022-yilda jami 9 ta temir yo‘llarda tashishlar xavfsizligini ta’minlashga oid normativ-huquqiy hujjatlar va texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlar loyihalarini ishlab chiqish rejalashtirilgan bo‘lib, amalda 11 ta hujjat ishlab chiqilgan.
Samaradorlikning muhim ko‘rsatkichlari bo‘yicha “O‘ztemiryo‘lnazorat” inspeksiyasi faoliyati samaradorligi va natijadorligi 2022-yil 103,2%ni tashkil qildi va bu natija “namunali darajada” deb e’tirof etiladi.
“O‘ztemiryo‘lnazorat” inspeksiyasi
Axborot xizmati