Chorak va yil sarhisobi
“O‘ztemiryo‘lnazorat” inspeksiyasi tomonidan 2022 yilning IV choragi hamda yil davomida amalga oshirilgan ishlar, galdagi vazifalar to‘g‘risida hisobot yig‘ilishi o‘tkazildi. Inspeksiya boshlig‘i o‘rinbosari A.Abduraxmanov raisligida o‘tgan majlisda barcha hududiy filiallar va markaziy apparat xodimlari ishtirok etishdi.
Hisobot davrida o‘tkazilgan tekshiruvlarning tahliliy materiallari shuni ko‘rsatadiki, inspeksiya markaziy apparati va mintaqaviy filiallari xodimlari ekspert guruhi tomonidan avvalgi aniqlangan kamchiliklarning aksariyat qismini bartaraf etishga erishgan. Ammo hujjatlarni rasmiylashtirishda ishlarni yanada kuchaytirish lozimligi qayd etildi.
Har bir filial xo‘jaliklar bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar va erishilgan natijalar yuzasidan axborot berdi. Inspeksiya ishini yanada yaxshilash va takomillashtirish bo‘yicha kerakli tavsiyalar berildi hamda 2023 yilgi rejalarda mazkur taviyalar aks etishi lozimligi ta’kidlandi.
Shundan so‘ng markaziy apparat xodimlari hisoboti tinglandi. Inspeksiyada shaffoflik va ochiqlikni ta’minlash bo‘yicha qilingan ishlar hisoboti muhokama qilindi. Unga ko‘ra, 2022 yil davomida jami 156 ta xabar va maqolalar e’lon qilingan bo‘lib, o‘tgan yilga nisbatan 20%ga oshishga erishildi. Shundan 51 ta gazetalarda, 20 ta televidenieda, 7 ta radioda va 78 ta veb-saytda. Inspeksiya faoliyati 5 marotaba xorijiy OAVda yoritildi. Inspeksiya asosiy faoliyati, ishlab chiqarilayotgan va qabul qilingan normativ-huquqiy hujjatlar bo‘yicha jami 8 ta brifing o‘tkazildi.
Inspeksiyada ishlab chiqilgan qonunchilik hujjatlari mazmun-mohiyatini keng targ‘ib qilish maqsadida barcha filiallarda (Nukus, Navoiy, Toshkent, G‘uzor va Namangan shaharlarida) shaxobcha temir yo‘liga ega tadbirkorlik sub’ektlari vakillari ishtirokida seminarlar tashkil etildi. Har oyda o‘rtacha 2 marotaba inspeksiya markaziy apparati va filiallari xodimlari uchun qabul qilingan qonunchilik hujjatlari mazmun-mohiyati yuzasidan o‘quv mashg‘ulotlari muntazam o‘tkazib borildi.
“O‘ztemiryo‘lnazorat” inspeksiyasida yashirin iqtisodiyot va korrupsiyaga qarshi kurashish hamda uning oldini olish bo‘yicha 2022 yilga mo‘ljallangan ish rejasiga muvofiq xodimlarni korrupsiyaga qarshi kurashish sohasidagi huquqiy bilimi darajasini oshirish, korrupsiyaga qarshi murosasiz munosabatda bo‘lishini ta’minlash maqsadida har chorakda 12 nafar boshqaruv xodimini malakasini oshirilgani bildirildi.
“O‘ztemiryo‘lnazorat” inspeksiyasida kadrlar bilan ishlash yo‘nalishidagi byurokratik to‘siqlarni, korrupsiyaviy xavf-xatarlar va inson omilini qisqartirish maqsadida vakant lavozimlarni e’lon qilish, tanlov o‘tkazish va ishga qabul qilish natijalari bo‘yicha hujjatlarni rasmiylashtirish jarayonlari to‘liq elektron tarzda amalga oshirilayotganligi ta’kidlandi.
Shuningdek, jismoniy va yuridik shaxslar murojaatlari bilan ishlash, ijro intizomi, ishlab chiqarilgan normativ-huquqiy hujjatlar, huquqiy targ‘ibot tadbirlari va boshqa masalalarda amalga oshirilgan ishlar tahlil qilinib tegishli tavsiyalar berildi.
“O‘ztemiryo‘lnazorat” inspeksiyasi
Axborot xizmati