Faxriy temiryo‘lchi xonadoniga tashrif

 

Yangi yil - bu o‘zgacha bayram: u insonga baxtli va omadli bo‘lish  umidini beradi, yangi maqsadlar sari eltuvchi quvonch hislarini ulashadi. Ko‘ngillarga yangi orzu-umidlar, betakror lahzalar hadya etadigan bu quvonchli bayramni har yili barchamiz katta ishtiyoq va sog‘inch bilan kutamiz. Ushbu bayramni keksa avlod vakillari ham o‘zgacha kayfiyatda kutib olishlari aniq. Ayniqsa, ularni sobiq hamkasblari, shogirdlari kutilmagan tashrif bilan quvontirsa, bayram chinakamiga katta shodiyonaga aylanadi.

Inspeksiya kasaba uyushmasi o‘z odatiga xos tarzda Yangi yil arafasida sohada uzoq yil mehnat qilib, bugun keksalik gashtini surayotgan pensionerlar uyiga tashrif tashkil etdi. Jamaotchilik kengashi a’zolari hamrohligida Rixsivoy Zokirov xonadoniga tashrif buyurilib, inspeksiyada o‘tgan qiziqarli davrlar esga olindi.

Uzoq yillar tizimda samarali mehnat qilgan tajribali xodim, faoliyatida kechgan turli tuman holatlarni so‘zlab berdi. Bugungi kundagi o‘zgarishlar, jumladan “O‘ztemiryo‘lnazorat” inspeksiyasi olib borayotgan ijobiy ishlarni shogirdlari va OAV orqali muntazam kuzatib borayotganini bildirib, jarayonlarni yuqori baholadi. R.Zokirov yangi yilda ham inspeksiya jamoasiga ulkan omadlar yor bo‘lishini tilab, tashrifdan g‘oyatda mamnunligini ma’lum qildi.

“O‘ztemiryo‘lnazorat” inspeksiyasi
Axborot xizmati