Jamoatchilik kengashida yil yakunlari tahlil qilindi

 

“O‘ztemiryo‘lnazorat” inspeksiyasi huzurida tashkil etilgan  jamoatchilik kengashi temir yo‘l va inspeksiya tizimida uzoq yil samarali mehnat qilgan tajribali temiryo‘lchilardan iborat o‘z ishini jamoatchilik asosida olib boradigan, doimiy faoliyat yurituvchi maslahat-kengash organi hisoblanadi.

Jamoatchilik kengashi inspeksiya tomonidan ishlab chiqarilayotgan normativ-huquqiy hujjatlarda jamoatchilik manfaatlari hisobga olinishi, inspeksiya zimmasiga yuklangan vazifalar va funksiyalarni bajarishda jamoatchilik nazoratini amalga oshirib kelmoqda. Korrupsiyaga qarshi kurashish sohasidagi va inspeksiya faoliyatining ochiqligini ta’minlash bo‘yicha amalga oshirilayotgan tadbirlarni monitoring va tahlil qilib, ularni yanada kengaytirish bo‘yicha takliflar kiritadi.

2022-yilni yakunlab bergan yig‘ilishda "Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyating ochiqligi to‘g‘risida"gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining "Ommaviy axborot vositalari mustaqilligini taʼminlash hamda davlat organlari va tashkilotlari axborot xizmatlari faoliyatini rivojlantirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida"gi qarori hamda Davlat organlari va tashkilotlarining faoliyati ochiqligini ta’minlashga qaratilgan boshqa qonunchilik hujjatlarining yil davomidagi ijrosi muhokama qilindi va tegishli tavsiyalar berildi.

“O‘ztemiryo‘lnazorat” inspeksiyasi faoliyatida ochiqlik va shaffoflikni ta’minlash, amalga oshirilgan ishlar bilan jamoatchilikni yaqindan tanishtirish maqsadida hududiy filiallarda tadbirkorlik sub’ektlari vakillari bilan sayyor uchrashuvlar, turli seminarlar va OAV xodimlari ishtirokida brifinglar o‘tkazilganligini ijobiy baholandi.

Kengash kotibi F.Xayriddinov har chorakda ijtimoiy ahamiyatga ega ma’lumotlar inspeksiya rasmiy sayti va Ochiq ma’lumotlar portaliga belgilangan muddat va tartibda joylashtirib borilayotganini ma’lum qildi. Shuningdek, inspeksiya tomonidan 2022 yil davomida amalga oshirilgan ishlar, nazorat va profilaktik tadbirlar rasmiy sayt va ijtimoiy tarmoqlarda e’lon qilinganini bildirdi.

Kengash a’zolari inspeksiya faoliyatida ochiqlik va shaffoflikni ta’minlash borasida amalga oshirilgan ishlarni  ko‘rib chiqib, ijobiy baholashdi. Shuningdek, bu boradagi ishlarni takomillashtirish borasida o‘z tavsiyalarini berishdi. Jumladan, «O‘ztemiryo‘lnazorat» inspeksiyasi rahbariyati hamda shaxobcha temir yo‘liga ega bo‘lgan tadbirkorlik sub’ektlari vakillari bilan uchrashuv, shu jumladan “onlayn” uchrashuvlarni tashkil etish va  ularning murojaatlarini  inspeksiyasi vakolati doirasida ko‘rib chiqib ijobiy hal etish choralarini ko‘rish taviya qilindi.

“O‘ztemiryo‘lnazorat” inspeksiyasi
Axborot xizmati