Kurash bo‘yicha “O‘zbek polvoni” musobaqasining g‘olib va sovrindorlari aniqlandi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Kurash milliy sport turini rivojlantirish va uning xalqaro nufuzini yanada oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ijrosi doirasida vazirlik va idoralar xodimlari o‘rtasida kurashni yanada ommalashtirish, davlat organlari xodimlarining jismoniy faolligini oshirish maqsadida “O‘zbek polvoni” musobaqasi tashkil etib kelinmoqda.
Galdagi bellashuvlarda 25 dan ortiq vazirlik va tashkilotlardan 100 nafarga yaqin polvonlar qatnashishdi. Erkaklar 73 kg, 81 kg, 90 kg, 100 kg, +100 kg vazn toifasida, ayollar esa 57 kg, 63 kg, 78 kg vazn toifalarida kurash olib borishdi.
Mazkur nufuzli musobaqada, Transport vazirligi jamoasi muvaffaqiyatli ishtirok etdi. Jumladan, “O‘ztemiryo‘lnazorat” inspeksiyasidan Sherzod Nabiev, Toshkent transport universitetidan Zoxid Toshboev, Erbol Rustamov, Jamol Iskandarovlar vazirlik jamoasi sharafini munosib himoya qilishdi.
Har bir musobaqada bo‘lgani kabi “O‘zbek polvoni” gilamlarida ham eng murosasiz bahslar mutlaq vazn toifasida bo‘lib o‘tdi. Ushbu vazn toifasida o‘z vaqtida jahon va Osiyo chempionatida g‘olib va sovrindori bo‘lgan Zafar Bo‘rievning qatnashgani bellashuvlarga bo‘lgan qiziqishni yanada oshishiga xizmat qildi. Transport vazirligi jamoasi a’zosi Zoxid Toshboev musobaqaga puxta hozirlik ko‘rganini amalda namoyish etib, finalga qadar barcha raqiblarini mag‘lub etdi. Hal qiluvchi bahsda raqibi Elboy Ibragimovga munosib qarshilik ko‘rsatganiga qaramay, imkoniyatni boy berdi va turnirning kumush medaliga sazovor bo‘ldi. Tajribali kurashchi Zafar Bo‘riev uchinchi o‘rinni band etdi.
Musobaqa yakunida barcha g‘olib va sovrindorlar tashkilotchilar tomonidan taqdirlandi.
“O‘ztemiryo‘lnazorat” inspeksiyasi
Axborot xizmati