10 dekabr – Davlat madhiyasi qabul qilingan kun!

 

Bundan roppa-rosa 30 yil oldin 1992 yil 10 dekabrda O‘zbekiston Respublikasining Davlat madhiyasi to‘g‘risidagi Qonun qabul qilingan. Mazkur sana munosabati bilan mamlakatimiz bo‘ylab bayram tantanalari o‘tkazilmoqda. “O‘ztemiryo‘lnazorat” inspeksiyasida tashkil etilgan tadbir ham xodimlarning davlat madhiyasini jo‘r bo‘lib kuylashlaridan boshlandi.

Davlat madhiyasi O‘zbekiston Respublikasi Davlat suverenitetining ramzidir. Davlat madhiyasiga zo‘r ehtirom bilan qarash O‘zbekiston Respublikasi har bir fuqarosining vatanparvarlik burchi sanaladi. Tadbirda madhiyalar tarixi haqida ham so‘z bordi.

Davlat timsollari, jumladan, davlat gimnlari har bir mamlakatning kuch-qudrati, tarixi, an’analari, ma’naviy dunyosini o‘zida ifodalaydi. Davlatning bosh qo‘shig‘i – madhiya turli tillarda turlicha nomlanadi. Ko‘pgina Yevropa tillarida bu atama “gimn” so‘zi bilan ifodalanadi.

Davlat madhiyalari ham o‘ziga xos tarixga ega. Ammo ular dastlab asosan hukmdorlarni sharaflashga qaratilgan. Dunyodagi eng qadimgi gimn – Yaponiya davlat madhiyasi bo‘lib, uning matni Yaponiya tarixining Xeyan davrida (794–1185) yaratilgan. Faqat 1880 yilga kelib, unga kuy bastalangan.

O‘zbek davlatchiligi tarixida ham milliy madhiyalar alohida o‘rin tutib kelgan. Qadimgi Turk hoqonligi, Qoraxoniylar, G‘aznaviylar, Xorazmshohlar, Temuriylar davrida qo‘shinlarning alohida saf qo‘shiqlari, harbiy marshlari bo‘lgan. Jang paytida maxsus musiqachilar tabl, karna, burg‘u, nog‘ora va boshqa maxsus asoslarda jangovar musiqalarni ijro etishgan, bu askarlarga o‘ziga xos jo‘shqinlik baxsh etgani ta’kidlandi.


“O‘ztemiryo‘lnazorat” inspeksiyasi
Axborot xizmati